Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«Xorijda ayollar bu sohada oyiga 10-15 ming dollargacha pul topadi» – fud-bloger Malika Zubaydullayeva bilan suhbat

Ayollar ishlashi uchun eng maqbul sohalar sifatida shifokorlik yoki o‘qituvchilik aytib kelinadi. Ammo so‘nggi paytda ommalashgan yana bir faoliyat turi – fud-blogerlikda uyda turib ishlayotgan va foyda topayotgan ayollar ham ko‘paymoqda. Malika Zubaydullayeva shunday ijtimoiy faol ayollardan. Suhbatdoshimiz 29 yoshda, o‘rta ma'lumotli, oilali va to‘rt nafar farzandning onasi. YouTube, Instagram, Telegram ijtimoiy tarmoqlari orqali o‘z fud-blogini yuritib keladi.
«Ularni ko‘rib nega men eplolmas ekanman, deganman»
— Yoshligimdan ovqat pishirishga qiziqqanman. O‘zim mustaqil biror narsa pishirish uchun onam biror joyga ketishlarini kutardim va sinab ko‘rardim. 17 yoshimda turmushga chiqdim. Turmush o‘rtog‘im Koreyada o‘qirdilar, shu sabab u yerda bir necha yil yashadik. Uyda o‘tirgan chog‘larimda turli saytlar orqali har xil yeguliklar pishirishni o‘rgandim. Pazandalikni shu tariqa o‘rgandim, bu sohada biror yerda o‘qimadim.
Yaxshi taom pishirishni, avvalo, farzandlarim uchun o‘rgandim, axir har bir ona farzandlari sog‘lom voyaga yetishini xohlaydi. To‘g‘ri ovqatlanishga amal qilinsa, hech qanday parhez yoki cheklovlar shart bo‘lmaydi. Shu paytgacha bolalarimga biror marta antibiotik bermaganman.
Boshida foyda ko‘rish haqida o‘ylamagandim. Keyin bu sohani yaxshilab o‘rganib chiqsam, ayol kishi uyda o‘tirib, oilasiga uch mahal ovqat tayyorlab ham pul topishi mumkin ekan. Mablag‘ sarflamay, sarmoya kiritmasdan turib o‘zi uchun pul topish uchun bu yaxshi imkon. Boshqa davlatlarda ayollar fud-blogerlikdan bir oyda 10-15 ming dollarlab pul topar ekan. Bularni o‘qib qattiq hayratlandim va nega men eplolmas ekanman, deb o‘yladim. Axir shundog‘am oilam, farzandlarim uchun bir kunda uch mahal ovqat pishiraman-ku. Shunchaki qilayotgan ishimni suratga olsak, kifoya.

«Koreyslarga osh qilishni o‘rgatganman»
— Boshida retseptlarimni joylashdan umuman foyda ko‘rmadim, keyinchalik foyda kelmasa ham, kimlardir foydalanyapti degan maqsadda retseptlarni qoldiradigan bo‘ldim. Ular orasida o‘zbek va dunyo taomlari bor. Bizda asosan milliy taomlarni tayyorlashga qiziqishadi. Xorijda o‘tgan 12 yillik hayotimda Koreyaning o‘zimiz yashagan tumanida koreys millatiga mansub aholi vakillariga ko‘p marotaba o‘zbek milliy taomlari tayyorlanishini o‘rgatganman. Ular uchun ko‘proq o‘zbek palovi qiziq bo‘lgan.
Dunyoga mashhur Samsung kompaniyasida ishlaydigan erkak-ayol xodimlar ham bizning taomlarimizni o‘rganish uchun kelgan. 25 kishidan ortiq xohlovchilarga 2 soat davom etgan darsda o‘zbek palovining tayyorlanish jarayonini ko‘rsatib berdim. Ular palovni Koreyadagi o‘zbek restoranlarida tatib ko‘rishgan va yoqib qolgani uchun o‘rganishga kelgandi. O‘rgatganim uchun menga 80 dollardan haq to‘lashgan, aslida so‘ramaganman, o‘z milliy taomimizni dunyo xalqlariga o‘rgatishdan xursand bo‘lganman.
Shunda ular boshqa taomlarimizni ham o‘rganish maqsadida mening saytim yoki blogim borligini so‘rashgan. Shunda ijtimoiy tarmoqda ham joylash foydali ekanini sezganman. Ovqatdan lazzatlanish hozirda dam olishning bir ko‘rinishiga aylangan. Xorijdagi tanishlarimiz o‘zbek restoranlarida bo‘lib, o‘zlari yoqtirgan taomlarni, masalan, six kabob pishirishni o‘rgatishimni so‘rashgan.


«O‘zbek ayollari dunyodagi eng pazandasi»
— O‘zbekistonga 2020 yilda ko‘chib keldik. Kelishimizdan oldin obunachilarim uncha ko‘p emas, pul ham tushmagandi. Kelganimdan keyin qarasam obunachilarim soni 11 mingdan oshgan, ayrim videolarim 1 milliondan ortiq ko‘rilgan, hisobimga ham pul tushgan ekan. Shunda bildimki, bundan ham daromad ko‘rish mumkin.
Taom tayyorlash jarayonini oddiy telefonda o‘zimga eslatma bo‘lishi uchun ham videoga olaman. Uyda o‘tirib o‘zim tayyorlagan ovqatlarni videoga yoki rasmga olib, tarmoqlarga joylayman. Videolarni ko‘pincha farzandlarim maktab, bog‘chaga ketganda tayyorlayman. To‘g‘ri, biroz vaqt ketadi, oson emas. Lekin bu zamonning bizga bergan imkoniyatlaridan biri hisoblanadi. Fud-blogerlik ayniqsa o‘zbek ayollariga mos faoliyat. Chunki turli millat ayollari bilan solishtirib ko‘rganman: o‘zbek ayollarining ovqat pishira olmadim degani ham chet eldagi pazanda ayoldan ko‘ra yaxshiroq taom tayyorlaydi.
«Ayol baxtli bo‘lsa, juda ko‘pchilikni baxtli qila oladi»
— Ayol kishi jamiyatda o‘z o‘rnini topishi juda muhim deb o‘ylayman. Bundan avvalo uning o‘zi baxtli bo‘ladi. Ayol baxtli bo‘lsa, atrofidagi ko‘pchilikni baxtli qila oladi. Bizning jamiyatda o‘qimishli, kasb-korli ayollar ham ko‘pincha uyda o‘tiradi. Asosiy ishi – uy tozalash, taom tayyorlashdan iborat bo‘lib qoladi. Shundan so‘ng ularda negativ fikrlash boshlanishi mumkin. Chunki oilasi tomonidan ishlashga ruxsat berilmaydi yoki o‘qimagani sabab ishlamaydi. Ular ham pul topishni, o‘zini ta'minlashni xohlaydi. O‘z ehtiyojlari uchun turmush o‘rtog‘idan pul so‘rashga iymanadi yoki so‘raganda berilmasligi mumkin. Shundan keyin ayolda siqilish boshlanadi va bu uning atrofidagilarga albatta ta'sir qiladi. Ayniqsa, ayol tarbiyalayotgan bolalarga buning ta'siri xavfli bo‘ladi.
Ayol kishi o‘zini rivojlantirishi uchun baribir mablag‘ kerak bo‘ladi. Rivojlanish uchun boy oilada tug‘ilish yoki boy erga tegish shart emas. Ayol istasa, hamma narsaga o‘zi erisha oladi. O‘zbek ayollarimizning qo‘lida ko‘p ish keladi, ular dunyodagi eng mehnatkash ayollar deb o‘ylayman.
Bugun zamonaviy ayol tushunchasini ko‘pchilik kiyimda, yashash sharoitining zamonaviyligida deb tushunadi. Hamma zamonda zamonaviy ayollar bo‘lgan. Zamonaviy ayol – zamonga moslashib, o‘z o‘rnini topa olgan ayol, mening nazdimda. Ayol uyda o‘tiradimi, ishlaydimi, o‘qiganmi-o‘qimaganmi, bundan qat'i nazar jamiyatda o‘z o‘rnini topa olishi kerak.

«Uyda o‘tirib ham pul topish yo‘llari ko‘p»
— Fud-blogerlik menda o‘zimga ishonchni oshirdi. Uyda o‘tirib oilamga, o‘zimga foydali ish bilan shug‘ullanishim mumkin. Bu bilan har tomonlama pul topish mumkin. Obunachilar ko‘paysa, reklama joylash imkoniyati ham tug‘iladi. Ko‘p ko‘rilgan videolardan tashqari reklamalardan ham pul topish mumkin. Bugungi kunda onlayn biznes ayollar orasida ham ko‘paygan. Ular o‘z mahsulotlarini reklama qilish uchun fud-blog yurituvchilarga murojaat qiladi. Masalan, YouTube’dagi kanalga bir sutkalik reklama joylash 50 dollardan 200 dollargacha turadi. Telegram’da esa bu 20 dollardan boshlanadi.
Yaqinda bir qiz kanalini reklama qilib berishimni so‘rab yozdi va kanalni kuzatdim. U ovqat tayyorlamagan, uyini tozalash jarayonini tasvirga olgan. Shunchaki uy yig‘ishtirgan, dazmol qilgan, xolos. Qisqa vaqt ichida reklamasiz ham mingga yaqin odam kanaliga obuna bo‘lgan. Aslida bu har bir o‘zbek ayolining hayotida har kuni bajaradigan ishlari. Ayollarimizga aytardimki, hayotda mehnatsiz hech narsaga erishib bo‘lmaydi. Hech narsa osmondan tushmaydi. Hamma narsaga harakat qilib ko‘rish kerak.
Gulmira Toshniyozova suhbatlashdi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Abduqodir To‘lqinov.