Jahon | 15:54 / 22.04.2026
3238
9 daqiqa o‘qiladi

Otashkesimni uzaytirgan Tramp, Boltiq uzra rus bombardimonchilari va Yaponiya qurol siyosatida o‘zgarish – kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

Tramp Eron bilan otashkesimni uzaytirdi

AQSh prezidenti Donald Tramp tinchlik muzokaralarini davom ettirish uchun Eron bilan o‘t ochishni to‘xtatish tartibini muddatsiz uzaytirdi.

Tramp ijtimoiy tarmoqdagi bayonotida aytishicha, AQSh pokistonlik vositachilarning «ushbu mamlakat yetakchilari va vakillari yagona taklif bilan chiqmaguncha hamda muhokamalar yakunlanmaguncha Eronga hujumni to‘xtatib turish» haqidagi so‘roviga rozi bo‘lgan.

Pokiston rahbarlari Islomobodda AQSh–Eron urushini tugatish bo‘yicha tinchlik muzokaralariga mezbonlik qilmoqda.

Biroq Tramp bir tomonlama sulh e’lon qilgan bo‘lsa-da, u AQSh harbiy-dengiz flotining Eron dengiz savdosini blokada qilishini davom ettirishini bildirdi. «Agar biz ularning qolgan mamlakatini va rahbarlarini portlatib yubormasak, blokada qoladi», deb yozdi Tramp.

Hozircha Eron yuqori martabali mulozimlari Trampning bayonotiga hech qanday rasmiy javob bermadi. Ammo Tehrondan kelayotgan dastlabki munosabatlar ular Trampning so‘zlariga shubha bilan qarayotganidan dalolat bermoqda.

Muxofizlar korpusiga aloqador ko‘rilgan Tasnim axborot agentligi Eron o‘t ochishni to‘xtatish muddatini uzaytirishni so‘ramaganini bildirdi. Shuningdek, ular AQSh blokadasini kuch bilan yorib o‘tish haqidagi tahdidlarini takrorladi.

Trampning urush davridagi ritorikasi keskinliklar orasida o‘zgarib turibdi. Atigi ikki hafta oldin u Eronga qarshi haqoratli tahdidlar bilan chiqib, «butun bir sivilizatsiya halok bo‘ladi» deb va’da bergandi. Boshqa vaqtlarda esa u zo‘ravonlik va bozordagi noaniqlikni tugatishga intilayotgandek ko‘rinadi. Boz ustiga Tramp otashkesim haqidagi o‘z bayonotidan bir necha soat oldin — sulhni davom ettirishga moyil emasligini va AQSh harbiylari «jangga shay» ekanini aytgandi.

AQShni Eron bilan urushga olib kirgan Isroil hozircha ittifoqchisining so‘zlariga izoh bermadi.

Boltiq dengizi uzra Rossiya bombardimonchilari

Dushanba kuni NATO kuchlari Boltiq dengizi uzra uchayotgan Rossiya strategik bombardimonchilari va qiruvchi samolyotlarini tutib oldi.

Litvadagi aviabazadan Fransiyaning «havo-havo» toifasidagi raketalar bilan qurollangan «Rafale» qiruvchi samolyotlari havoga ko‘tarildi.

Bayonotga ko‘ra, Rossiya missiyasi tarkibida ikkita Tu-22M3 tovushdan tez uchuvchi bombardimonchisi hamda ularni kuzatib borgan o‘nga yaqin Su-30 va Su-35 qiruvchi samolyotlari bo‘lgan.

Rossiya Mudofaa vazirligi uzoq masofali bombardimonchilarning 4 soatlik parvozi oldindan rejalashtirilganini aytdi. Moskvaga ko‘ra, ular Boltiq dengizining neytral suvlari ustidagi havo hududida uchgan.

Harbiy ittifoq NATO havo hududiga yaqinlashayotgan yoki uning yaqinida uchayotgan Rossiya harbiy samolyotlarini to‘xtatish uchun tez-tez qiruvchi samolyotlarni havoga ko‘taradi. NATOning ta’kidlashicha, tutib olingan rus samolyotlari ko‘pincha transponderlardan foydalanmaydi, aviadispetcherlar bilan aloqaga chiqmaydi va parvoz rejasini taqdim etmaydi.

Yevropa va Isroil kelishuvi kuchda qoldi

21 aprel kuni Ispaniya va Irlandiya boshchiligidagi davlatlar Isroil bilan Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi aloqalarni tartibga soluvchi bitimni to‘xtatib turishga chaqirdi, biroq yetarli darajada qo‘llab-quvvatlanmadi.

Lyuksemburgda o‘tgan tashqi ishlar vazirlari uchrashuvida qator vazirlar — G‘arbiy sohildagi aholi punktlari, G‘azodagi humanitar vaziyat va Isroilning o‘lim jazosi haqidagi yangi qonuni tufayli bitimni to‘liq yoki qisman to‘xtatib turishni talab qildi.

«Bugun Yevropaning nufuzi va ishonchliligi xavf ostida», dedi Ispaniya tashqi ishlar vaziri Xose Albares. U 2000 yilda kuchga kirgan «Assotsiatsiya to‘g‘risidagi bitim»ni to‘xtatib turish bo‘yicha muhokama o‘tkazishga chaqirdi. Bu chora Isroilning taxminan 5,8 milliard yevrolik eksportiga ta’sir qilishi mumkin.

Yevropa Ittifoqi Isroilning eng yirik savdo hamkori hisoblanadi. 2024 yilda ikki o‘rtadagi tovar ayirboshlash hajmi 42,6 milliard yevroni tashkil etgan.

Ammo Isroil bilan savdo bitimini to‘xtatish uchun Yevroittifoq hukumatlarining «malakali ko‘pchiligi» ovozi talab qilinadi. Ya’ni 27 ta davlatdan 15 tasi, ular Yevropa aholisining 65 foizini ifodalashi kerak. Shartnomani to‘liq to‘xtatish uchun esa barcha a’zo davlatlarning bir ovozdan roziligi zarur.

Yevropada Isroilga qarshi bunday choralar ko‘rishga asosan Germaniya va Italiya veto qo‘yib kelmoqda.

Yaponiya tinchlikparvarlik siyosatidagi keskin burilish

Yaponiya qurol eksporti bo‘yicha o‘n yillik cheklovlarni yumshatib, o‘ndan ortiq mamlakatga qurol sotishga yo‘l ochdi. Xususan, Yaponiyada qurol eksportini faqat qutqaruv, transport va kuzatuv vositalari bilan cheklaydigan qoidalar bekor qilinadi.

Yaponiya endilikda o‘zi bilan mudofaa bitimlariga ega bo‘lgan 17 ta davlatga, jumladan, AQSh va Buyuk Britaniyaga o‘ldiruvchi jangovar qurollarni sotishi mumkin. Mojarolarga aralashgan davlatlarga qurol sotish taqiqi saqlanib qoladi, biroq bu Yaponiya bilan mudofaa paktiga ega davlatlarga taalluqli emas. Tokio rasmiylari «alohida holatlarda» istisnolarga yo‘l qo‘yilishini bildirdi.

«Xavfsizlik muhiti tobora og‘irlashib borayotgan bir paytda, endilikda hech bir davlat o‘z tinchligi va xavfsizligini yolg‘iz o‘zi himoya qila olmaydi», deb yozdi Yaponiya bosh vaziri Sanae Takaichi.

Xitoy Yaponiyaning «mulohazasiz harbiylashuvidan jiddiy xavotirda» ekanini bildirdi. «Xitoy yuksak hushyorlikni saqlaydi va bu harakatga qat’iy qarshilik ko‘rsatadi», dedi Pekin tashqi siyosat idorasi.

Qurol eksporti bo‘yicha yangi qoidalar Yaponiya O‘z-o‘zini mudofaa kuchlari AQSh va Filippin o‘rtasidagi yillik harbiy o‘yinlarda ishtirok etayotgan bir vaqtda e’lon qilindi. Yaponiya ushbu mashg‘ulotlarda ilk bor oddiy kuzatuvchi emas, balki bevosita ishtirokchi sifatida qatnashmoqda.

Yaponiyaning mudofaa pozitsiyasi II jahon urushidan keyingi konstitutsiyada mustahkamlab qo‘yilgan. Uning 9-moddasi xalqaro nizolarni hal qilish vositasi sifatida urushdan voz kechishni ko‘zda tutadi. Sanae Takaichi patsifist konstitutsiyani qayta ko‘rib chiqish, xususan, 9-moddaga o‘zgartirish kiritish tarafdori.

Ukrainadagi neft quvuri tiklanishi mumkin

Seshanba kuni Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy «Drujba» neft quvuri o‘z ishini qayta boshlashga tayyorligini ma’lum qildi. Ukraina hududi orqali o‘tib, Rossiya neftini Yevropaga haydaydigan ushbu quvur ishining to‘xtashi – rus neftiga qaram bo‘lib qolayotgan Vengriya va Slovakiyaning keskin noroziligiga sabab bo‘lgandi. Har ikki davlat Kiyevni ta’mirlash ishlarini ataylab paysallashda ayblab kelgan.

Ukraina rasmiylarining ta’kidlashicha, quvurga Rossiyaning dron hujumlari shikast yetkazgan. Kiyev doimiy zarbalar quvurni ta’mirlashga urinayotgan texnik xodimlarning hayotini xavf ostiga qo‘yganini aytib keldi.

«Hozirda Rossiya quvur infratuzilmasiga hujumlarni takrorlamasligiga hech kim kafolat bera olmasa-da, bizning mutaxassislarimiz quvur tizimi va uskunalar ishini tiklash uchun asosiy sharoitlarni ta’minladi», dedi Zelenskiy.

Lavozimidan ketayotgan Vengriya yetakchisi Viktor Orban Ukraina uchun zarur bo‘lgan 90 milliard yevrolik qarzni aynan quvurning ishlamayotganini bahona qilib to‘xtatib qo‘ygandi. Biroq uning saylovlardagi mag‘lubiyati ushbu mablag‘larning ajratilishi uchun yo‘l ochgan deb ko‘rilmoqda.

Quvur ishga tushishini e’lon qilganidan ko‘p o‘tmay, Zelenskiy Yevropa Komissiyasi rahbari Ursula fon der Lyayyen bilan qo‘ng‘iroqlashib, uni qarz mablag‘larini imkon qadar tezroq ajratishga chaqirdi.

Zelenskiy shuningdek, yevropalik ittifoqchilarini Moskvaga nisbatan sanksiyalar bosimini kuchaytirish va Rossiya neftiga bo‘lgan qaramlikka chek qo‘yishga chaqirdi. 

Фаррух Абсаттаров
Muallif Фаррух Абсаттаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid