Jamiyat | 18:55 / 09.03.2017
24952
17 daqiqa o‘qiladi

«Elektron hukumat» - xalq bilan muloqotning zamonaviy mexanizmi

Axborot texnologiyalarining jadal rivojlanishi jamiyatda kechayotgan jarayonlarga ijobiy ta'sir ko‘rsatib, islohotlar samaradorligini oshiradi, aholi manfaatlarini ta'minlashga xizmat qiladi, yangidan-yangi imkoniyatlar eshigini ochadi. Shu nuqtai nazardan aytganda, bugun “Elektron hukumat” degan tushuncha kundalik turmushimizdan chuqur o‘rin egallamoqda. Garchi respublikamiz aholisining hammasi ham bu haqda to‘liq ma'lumotga ega bo‘lmasa-da, vaqt o‘tishi bilan ushbu tizim jamiyat hayotining butun jabhasini qamrab olishini dunyo tajribasi ko‘rsatayapti.

Ta'kidlash joizki, “Elektron hukumat” atamasini an'anaviy hukumat tushunchasi bilan adashtirmaslik lozim. Mohiyatiga ko‘ra, mazkur tizim mamlakat miq­yosida ma'muriy tartib-­taomillarni avtomatlashtiradi, davlat boshqaruvi ­samaradorligini oshirishga hamda ortiqcha sarf-xarajatlarning ­qisqarishiga ­zamin yaratadi.

Imkoniyatlarni kengaytirish — asosiy maqsad

Elektron hukumat fao­liyati uch yo‘nalishda belgilangan. Ya'ni ­“davlat — ­davlat”, “davlat — biznes” va ­“davlat — fuqaro” yo‘nalishlarini qamrab oladi. Bu tizim ­idoralararo darajada ­davlat muassasalari o‘rtasida axborot almashish samaradorligini hamda joy­larda rejalashtirish va ­boshqaruvning sifatini yuksaltirishga xizmat qiladi. Jamoatchilik fikrini muntazam monitoring etib borish hamda unga ta'sir ­ko‘r­satish imkonini beradi. Davlat va biznes munosabatlarida esa ma'muriy tartib-taomillar av­tomat­lashti­riladi. Natijada biznesni ro‘yxatga olish, soliq hamda statistika hisobotlarini, bojxona deklaratsiyalarini topshirishda tadbirkorlarning vaqti va mablag‘i tejaladi. Elektron hukumat xalq bilan muloqot uchun qo‘­shimcha mexanizm­larni ­yaratish, ­davlat organlari ­faoliyatining samaradorligi, tezkorligi hamda shaffofligini ta'minlashga qaratilgan bo‘lib, ijro ­intizomini ­yanada mus­tah­kam­laydi.

Aytish kerakki, davlat boshqaruvi tizimiga “yagona darcha” tamoyilini joriy qilish ham ustuvor vazifalardan sanaladi. 2013 yili mamlakatimizda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali ishga tushirildi. Joriy yilning mart oyiga kelib esa ushbu portalda 308 ta elektron xizmat joriy etildi. Bunda xizmatlar axborot (oflayn), yarimavtomat, avtomatlashtirilgan va interaktiv ko‘rinishlarda taqdim qilinayapti. Portal Davlat soliq qo‘mitasi, Davlat bojxona qo‘mitasi, ID.UZ identifikatsiya tizimi, O‘zbekiston Respublikasi Xalq banki axborot tizimlari hamda resurslariga, normativ-huquqiy hujjatlar ta'sirini baholash tizimi portali (https://regulation.gov.uz)ga hamda “Tadbirkorlik” tizimiga ulangan. Hozirgi kunda “yagona darcha” axborot tizimi, yagona identifikatsiyalash axborot tizimiga integratsiyalash bo‘yicha ishlar olib borilayapti.

Yagona interaktiv davlat xizmatlari portaliga kelib tushgan murojaatlar to‘g‘risida to‘xtaladigan bo‘lsak, ular soni milliondan oshdi. Yana bir jihati, keyingi paytda portalda interaktiv davlat xizmatlari soni ort­gani ham murojaatlar ko‘payishiga ­turtki bo‘ldi. Bugungi kunda 2400 dan ziyod davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, shu jumladan, idoralar huzuridagi tuzilmalar ham Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali elektron xizmat taqdim qilib kelayapti.

Xorijda bu qanday yo‘lga qo‘yilgan?

Bugungi kunda elektron hukumat tizimi Janubiy Koreya, Buyuk Britaniya, AQSh, Avstraliya, Yangi Zelandiya, Singapur, Norvegiya, Kanada, Niderlandiya, Daniya hamda Germaniya singari mamlakatlarda samaradorligini ko‘rsatmoqda. Ushbu mamlakatlarda juda ko‘plab davlat xizmatlaridan uydan chiqmagan holda, onlayn rejimida foydalanish mumkin. Davlat organlariga so‘rovlarga javoblar, turli to‘lovlar, rasmiy hujjatlarning namunasini olish, ularni to‘ldirish, elektron imzo bilan yuborish, oliy o‘quv yurtlarida masofadan turib tahsil olish, ichki ishlar idoralariga ariza bilan murojaat etish va boshqalar shular jumlasidandir. Masalan, Janubiy Koreyada shaxslar rasmiy sayt orqali o‘zining murojaati ko‘rib chiqilishi qaysi ­bosqichda ekanligini kuzatib borishi mumkin.

Hukumat — harakatda

Har qanday mamlakatda milliy ma'lumotlar bazasi hamda elektron reyestrlar elektron hukumat faoliyatining asosiy jihatlari hisoblanadi. Bu mexanizmlar jismoniy va yuridik shaxslar, avtomobil transporti, ko‘chmas mulk, davlat xizmatlari to‘g‘risidagi ma'lumotlarni tizimlashtirish imkonini beradi. Shuni bildirib o‘tish kerakki, yurtimizda mazkur ma'lumotlarning markazlashgan holda saqlanishini ta'minlash “O‘zinfokom” zimmasiga yuklatilgan.

Mamlakatimizda milliy axborot tizimlarini rivojlantirish doirasida oltita ma'lumot bazasi hamda 12 ta axborot tizimlari majmui yaratilmoqda. Deylik, “Soliq” axborot tizimlari majmui 10 ta dasturiy mahsulot va 31 avtomatlashtirilgan tizimdan ­iborat. Uning ishga tushirilishi natijasida Davlat soliq qo‘mitasining 31 xizmatini elektronlashtirish mumkin bo‘ladi. Bundan tashqari, “Kliring”, “Xarid”, “Byudjyet”, “Bojxona”, “Lisenziya” hamda “Adliya” singari axborot tizimlari majmui ham mavjud bo‘lib, ular muayyan sohada ma'lumotlarni to‘plash va qayta ishlash hamda xizmatlarning bir qismini elektronlashtirishga sharoit yaratmoqda. Qolaversa, “Sog‘liqni saqlash”, “Ta'lim”, “Kommunal” tizimlarini hayotga tatbiq etish arafasida turilibdi. Yaqin yillarda esa “Adliya-2”, “Nafaqa” va “Davlat ­boshqaruvi” tizimlarini ishlab chiqish rejalashtirilayapti. 2016 yilda tegishli ma'lumotlar bazasini shakllantirish bo‘yicha ishlar yakuniga yetkazildi. “Kadastr va ko‘chmas mulkni ro‘yxatga olish” hamda Milliy geoaxborot tizimlari borasida hali nuqta qo‘yilmadi.

Bugun O‘zbekistonda xo‘jalik sub'yekt­larining barcha turdagi soliq va statistika hisobotlari elektron shaklda topshirilmoqda, tovarlarni deklaratsiyalash hamda eksport-import shartnomalarini ro‘yxatga olish ham elektron shaklga o‘tkazilgan.

Sohadagi yana bir muhim yangilik. 2015 yilda Ochiq ma'lumotlar portali ishga tushirildi. Dastlabki bosqichda unda 8 ta tashkilotdan 80 turdagi ma'lumot joylashtirilgan bo‘lsa, bugungi kunda mazkur portalda 120 ta tashkilotning 2216 xildagi axboroti o‘rin olgan. Bu axborotlar iqtisodiyot, sog‘liqni saqlash, ta'lim, transport va bosh­qa dolzarb sohalarga taalluqlidir.

Qolaversa, 2013 — 2020 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Milliy axborot-kommunikatsiya tizimini rivojlantirish kompleks dasturiga muvofiq, elektron hukumatning samarali faoliyat yuritishi uchun yuqori tezlikdagi telekommunikatsiya infratuzilmasini bosqichma-bosqich rivojlantirish ko‘zda tutilgan. Xususan, 2020 yilga qadar internet kanallarining o‘tkazuvchanlik qobiliyatini yanada kengaytirish, keng polosali tarmoqlarni, ayniqsa, olis tumanlarda rivojlantirish bo‘yicha 17 ta yirik loyihaning amalga oshirilishi rejalashtirilmoqda. Bundan tashqari, 2020 yilgacha ­fuqarolarning davlat organlari bilan elektron muloqotini ta'minlash hamda rivojlantirish bo‘yicha 22 ta loyiha ro‘yobga chiqariladi.

Biznes uchun qulay

Elektron hukumatni taraqqiy toptirishga qaratilayotgan e'tibor yurtimizda ishbilarmonlik muhitining sifat jihatidan yangi bosqichga chiqishida o‘z ifodasini topmoqda. Misol uchun, Jahon bankining “Doing business” reytingida so‘nggi besh yilda O‘zbekistonning umumiy reytingi biznes yuritish bo‘yicha 150-o‘rindan 87-o‘ringa ko‘tarildi.

Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida, jumladan, belgilangan tartib-taomillarni buzganlik uchun shikoyat bildirish, tadbirkorni murojaat qiluvchining mobil telefon raqami orqali identifikatsiya qilish maqsadida ro‘yxatga olish, muhandislik-kommunikatsiya texnologiyalariga ulanish uchun ariza berish, tadbirkorlik sub'yektlariga o‘zimizda ishlab chiqarilgan avtomobil transporti vositalarini xarid etish uchun ariza berish, ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqni ro‘yxatga olish maqsadida arizani rasmiylashtirish singari xizmatlar joriy qilingan.

2014 yildan boshlab eksport va import kontraktlari Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida bepul ro‘yxatdan o‘tkazilmoqda. Banklar, soliq hamda bojxona organlari Tashqi savdo operatsiyalarining yagona elektron axborot tizimi orqali xo‘jalik sub'yektlarining tashqi savdo faoliyati monitoringini olib borayapti. Davlat bojxona qo‘mitasi saytida (www.customs.uz) elektron yuk bojxona deklaratsiyalari qabul qilinmoqda. 2015 yilda davlat xaridlari bo‘yicha maxsus axborot portali ishga tushirildi va elektron savdo shakli amaliyotga tatbiq etildi. Masofaviy bank xizmatlari joriy qilinishi bilan 2016 yilda bir million 847 ming 569 nafar foydalanuvchi ­kredit olish uchun elektron ariza ­bilan murojaat etdi.

Reyting mas'uliyatga undaydi

BMT ekspertlarining fikricha, 2016 yilda O‘zbekistonda elektron hukumatning rivojlanish indeksi 0,5434 yoki eng yuqori ko‘rsatkichga nisbatan 54 foizni tashkil qildi. Bu yurtimizning elektron hukumat ravnaqi yuqori bo‘lgan davlatlar qatoriga kirishiga zamin yaratdi (50 foizdan yuqori).

BMTning iqtisodiy hamda ijtimoiy masalalar bo‘yicha departamenti 2016 yilda dunyoning turli davlatlarida elektron hukumatning rivojlanishi haqida navbatdagi hisobotini e'lon qildi. BMT uslubiyotiga binoan Elektron hukumatning rivojlanishi bo‘yicha indeksi asosida mamlakatlarning reytingi shakllantiriladi. Bu indeks uchta omil, ya'ni axborot-kommunikatsiya texnologiyalari infratuzilmasi, inson kapitali va elektron xizmatlar rivojidan iborat. Yana boshqa juda muhim ko‘rsatkich — elektron ishtirok etish indeksidagi o‘sish ham katta ahamiyatga ega hisoblanadi. Mazkur indeksga binoan, hukumatning fuqarolar, biznes sub'yektlari hamda davlat organlari o‘rtasida muloqotni rivojlantirish maqsadida axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan samarali foydalanishiga baho beriladi, erishilgan natijalar o‘rganiladi.

Yana bir diqqatga sazovor jihati, O‘zbekiston elektron ishtirok etish reytingida 24 pog‘ona — 2014 yilgi 71-o‘rindan 2016 yilda 47-o‘ringa ko‘tarildi. Ushbu indeksning o‘sish sur'atlari bo‘yicha respublikamiz Markaziy Osiyo mamlakatlari orasida birinchi o‘rinni, Hamdo‘stlik davlatlari o‘rtasida esa uchinchi pog‘onani egalladi. BMT ekspertlari O‘zbekistonda uy-joy mulkdorlari shirkatlari portali (e-kommunal.uz), ochiq ma'lumotlar portali (data.gov.uz) va normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini muhokama qilish portali (regulation.gov.uz) ishga tushirilganiga e'tibor qaratishgan. Ularning fikricha, bu sa'y-harakatlar davlat organlari faoliyati ochiqligini ta'minlash hamda xalq bilan muloqot amaliy mexanizmlarini joriy etish borasida ijobiy qadam hisoblanadi.

Elektron hukumat rivojlanishi bo‘yicha O‘zbekiston indeksining o‘sishida elektron xizmatlar ko‘rsatish darajasi (56 foiz o‘sish bo‘lgan) muhim o‘rin tutdi. Lekin bunda AKT infratuzilmasi rivojlanishi bo‘yicha o‘sish u darajada yuqori bo‘lmadi (6 foiz). Ushbu indeks muqim va mobil telefon aloqasi abonentlari soni, aralash hamda simsiz keng polosali aloqa tarmog‘i, shuningdek, internetdan foydalanuvchi aholi soni asosida shakllantiriladi. 2016 yilda O‘zbekistonda internetdan muntazam foydalanadigan aholi ulushi 46,4 foizni tashkil qildi, keng polosali internetdan foydalanadiganlar soni esa, bor-yo‘g‘i, 1 million 900 ming kishiga yaqinni tashkil etdi. Inson kapitalining rivojlangan darajasi bo‘yicha indeks esa 3,5 foiz tushgan. Bunda yoshi katta kishilarning savodxonligi, aholining ta'lim tizimi bilan qamrab olinganlik darajasiga alohida e'tibor qaratilgan.

Mutaxassislar fikriga ko‘ra, onlayn xizmatlar sohasida bunday o‘sishga, asosan, ochiq ma'lumotlar portali, kommunal xizmatlarga internet orqali to‘lov imkoniyatlarining kengayishi, aholiga turli onlayn-maslahatlar ­berish hisobiga erishilgan.

Ish samaradorligini oshirishga nima xalaqit bermoqda?

Elektron hukumat faoliyati samaradorligiga idoralararo elektron aloqalarning yaxlit tizimisiz erishib bo‘lmaydi. Mamlakatimizda haligacha Elektron hukumatni rivojlantirish dasturi doirasida tegishli vakolatli davlat organlarining tadbirkorlik sub'yektlarini ro‘yxatga olish, ularga litsenziya va boshqa ruxsat beruvchi hujjatlarni taqdim qilishga oid ma'lumotlar bazasini integratsiyalash borasidagi vazifalar to‘liq ro‘yobga chiqarilmagan. Yer uchastkalari ajratish, qurilishga ruxsat berish, mulkka bo‘lgan huquqni ro‘yxatga olish, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulanish bo‘yicha tartib-taomillar interaktiv asosga o‘tkazilmagan. “Soliq”, “Bojxona”, “Lisenziya”, “Kommunal” axborot tizimlari majmualari “yagona darcha” tamoyilining barcha tartib-taomili o‘tishi mumkin bo‘lgan yagona platformaga birlashtirilmagan.

Hozirgi paytda har bir idora ish yuritish hamda ma'muriy tartib-­taomillar bo‘yicha alohida nizom va yo‘riqnomalar asosida faoliyat olib bormoqda. Afsuski bu holatda ko‘plab muammolar yuzaga kelayotir. Bunday tartib ma'lumotlarni yig‘ish hamda qayta ishlashni qiyinlashtirayapti, ortiqcha byurokratik to‘siqlarni yuzaga keltirmoqda. Ayniqsa, ruxsatnoma berish bosqichida murojaat etuvchining shaxsan hozir bo‘lishi va hujjatlarning asl nusxalarini topshirishi (ularning haqqoniyligiga ishonch hosil qilish maqsadida) zarurligi davlat xizmatlarini masofadan turib ko‘r­satish samarasini yo‘qqa chiqarib yubormoqda.

Bunday integratsiyalashmagan holatlar oqibatida takrorlash, “qisman” avtomatlashtirish hamda axborot resurslarining yopiqligi hosil bo‘layapti. Oqibatda axborot tizimlari va resurslarini joriy etish hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi hamda aholi turmush sifatini oshirishga ta'sir ko‘rsatmayapti. Masalan, “Doing Business — 2016” hisobotida “Qurilishga ruxsatnoma olish” bo‘yicha O‘zbekistonda 28 kun talab qiladigan qo‘shimcha 6 ta tartib-­taomil borligi qayd etilgan. Natijada aynan mana shu ko‘rsatkich bo‘yicha O‘zbekiston 2011 yildagiga nisbatan quyi pog‘onaga pastlagan. Yer uchastkalari ajratish va qurilishga ruxsatnoma berish eng murakkab tartib-taomillardan biri bo‘lib qolayapti. Buni tadbirkorlik sub'yektlari o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovlar ham tasdiqlaydi.

Bugungi kunda respondentlarning 37,5 foizi biznes uchun yer olish ­taomillarini salbiy baholaydi. Bu kayfiyat Buxoroda 50,3 foizni, Andijonda 48,6, Jizzaxda 38,4, Samarqandda 37,7, Namanganda 37,4, Toshkent shahrida 38 foizni tashkil qiladi. “Mulkni ro‘yxatga olish” yo‘nalishida ham mana shunday salbiy vaziyat ko‘zga yaqqol tashlanadi.

Ustuvor yo‘nalishlar

Aytish joizki, elektron hukumat faoliyatini yangi bosqichga olib chiqishda idoralararo elektron hamkorlik tizimidan foydalanishni kengaytirish talab etiladi. Shuni unutmaslik kerakki, elektron hukumat faoliyatida ma'lumotlar muayyan davlat muassasasidan tashqariga chiqadi. Bu esa axborot xavfsizligi tizimini takomillashtirishni kun tartibiga qo‘yadi.

Turli idoralar axborot tizimlari o‘rtasida elektron hamkorlikka o‘tilishi aynan elektron hukumatning shakllanish jarayoni sanaladi. Ushbu jarayonning markazida davlat organi emas, aynan foydalanuvchi turmog‘i lozim.

2017 — 2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida elektron hukumat tizimini yanada rivojlantirish masalasiga alohida e'tibor qaratilgan. Xususan, Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yilida 2018 — 2021 yillarga mo‘ljallangan tegishli dastur ishlab chiqilishi belgilangan. Joriy yilning o‘zida “Lisenziya” portali ishga tushirilishi ko‘zda tutilayapti, notarial xizmatlar avtomat­lashtiriladi hamda soddalashtiriladi. Eksport-import operatsiyalari bo‘yicha ruxsat beruvchi hujjatlarni bir xillashtirish davom ettiriladi. Davlat organlari xodimlari va aholining internetdan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish hamda kompyuter savodxonligi oshirilishi bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘riladi.

Qisqasi, bu va boshqa dolzarb vazifalarning muvaffaqiyatli ro‘yobga chiqarilishi davlat xizmatlari soni hamda sifatini oshiradi, xalq bilan muloqotni yanada yangi, yuqori bosqichga ko‘tarish imkonini beradi.

O‘zbekiston iqtisodiy tadqiqotlar markazi materiallari asosida

Qobil XIDIROV tayyorladi.

Mavzuga oid