Yuqori Chirchiqdagi maxsus shifoxonaga 8100 ga yaqin fuqaro joylashtirilgan – Toshkent viloyati hokimi
Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumanida tashkil etilayotgan 20800 o‘ringa mo‘ljallangan karantin poligonida 8096 nafar fuqaro joylashtirilgan. Bu haqda Toshkent viloyati hokimi Rustam Xolmatov Kun.uz’ga bergan intervyusida ma'lum qildi.
“Karantin e'lon qilingandan buyon viloyat bo‘yicha 11599 nafar fuqaro koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlar bilan muloqot qilganlikda gumon qilinib karantinga olingan edi. Bugungi kunda karantin muddatini o‘tab bo‘lganlarga javob berildi, hozirgi vaqtda 894 nafari tibbiy muassasalarda, 7137 nafari esa maxsus muassasalarda, 3332 nafari uy sharoitida nazoratda saqlanmoqda. Uy sharoitida karantinga olingan 3332 nafar fuqaro 795 ta oila vakillari hisoblanadi. Ichki ishlar, milliy gvardiya xodimlari uy sharoitida karantinga olinganlarning karantin talablariga rioya qilishini qat'iy nazorat qilishmoqda.
Chirchiq shahridagi viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasi, Zangiota, Toshkent, Oqqo‘rg‘on, O‘rta Chirchiq, Qibray tumanlarining yuqumli kasalliklar shifoxonalari, Respublika shoshilinch tibbiy yordam markazining viloyat filiali, viloyat onkologiya dispanseri, Quyi Chirchiq tumani tug‘ruq bo‘limi, Chirchiq shahridagi “Dilchehra” xususiy klinikasida bemorlar bilan bevosita aloqada bo‘lganlar statsionar sharoitda kuzatuvda. Bundan tashqari, Yuqori Chirchiq tumanida tashkil etilayotgan 20800 o‘ringa mo‘ljallangan karantin poligonida charter reyslar orqali chet davlatlardan olib kelingan, “G‘ishtko‘prik” chegara bojxona posti orqali O‘zbekiston hududiga kirib kelgan hamda Toshkent viloyatida istiqomat qiluvchi fuqarolar – jami 8096 nafar kishi joylashtirilgan. Chirchiq harbiy poligonida “G‘ishtko‘prik” chegara bojxona posti orqali O‘zbekiston hududiga o‘tgan 640 nafar shaxs 14 kunlik karantinga olingan”, deya Rustam Xolmatovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.
Rustam Xolmatovning qo‘shimcha qilishicha, Toshkent viloyatida koronavirus infeksiyasining oldini olish va davolash uchun aholiga birinchi navbatda zarur bo‘lgan tibbiy buyumlar, virusga qarshi dori vositalari, harorat tushiruvchi va antibiotiklardan iborat 1,3 mlrd. so‘mlik 61 xildagi dori vositalarining 2 oylik zaxirasi yaratilgan.
Koronavirus tarqalishining oldini olish va karantin tadbirlarini amalga oshirish doirasida Toshkent viloyati, tuman va shaharlarining mahalliy budjeti qo‘shimcha manbalari hisobidan 4 mlrd. so‘m ajratilgan bo‘lib, shundan 2,5 mlrd. so‘m Sanitariya Epidemiologiya osoyishtalik markazi, tuman va shahar bo‘limlariga, 1,5 mlrd. so‘m tuman va shahar tibbiyot birlashmalariga taqdim etildi. Bu mablag‘larga hududlarda tibbiy anjomlar, maxsus kiyim-bosh, bir martalik shaxsiy gigiyenik vositalar xarid qilinadi va dezinfeksiya ishlari amalga oshiriladi.
“Viloyatimiz Sanitariya Epidemiologiya osoyishtalik markaziga “Inqirozga qarshi kurashish” respublika jamg‘armasi tomonidan qo‘shimcha 13,5 mlrd. so‘m mablag‘ ajratib berildi. Hozirgacha shundan 7,7 mlrd. so‘m, jumladan, Toshkent viloyatidagi 8 ta sanatoriyaga 4,1 mlrd, 10 ta budjet muassasasiga 2,8 mlrd, Sanitariya Epidemiologiya osoyishtalik markaziga zarur jihozlar xarid qilishga 729,7 mln.so‘m yo‘naltirildi. Viloyat “Inqirozga qarshi kurashish” jamg‘armasining hisobraqamida 5,5 mlrd.so‘mni saqlab turibmiz. Karantinga olingan muassasalarda qo‘shimcha xarajatlarga ehtiyoj tug‘ilsa, talabnoma asosida bir kun ichida moliyalashtirib berilishi nazoratga olingan.
Karantin e'lon qilingandan buyon 299 ming 853 nafar fuqaro viloyatdagi 7 ta sanitar-karantin punktlaridan o‘tgan. Chegara orqali kirib kelayotgan fuqarolar to‘liq tibbiy kuzatuvdan o‘tkazilmoqda. Bugungi kunda xorij davlatlaridan kelgan fuqarolarni 14 kunlik karantinga joylashtirish maqsadida viloyatimizda 22 ta karantin punktlari tashkil etilgan. Shuningdek, viloyat bo‘yicha jami 594 nafar shifokor, 5112 nafar o‘rta tibbiy xodim (220 nafar terapevt, 137 nafar reanimatolog, 86 nafar infeksionist, 151 nafar epidemiolog), dezinfektorlar va kichik tibbiy xodimlar koronavirus profilaktikasi va statsionar sharoitida davolash uchun safarbar etilgan”, deydi Rustam Xolmatov.
Toshkent viloyati hokimining ta'kidlashicha, viloyat hududida karantin tartiblari yanada kuchaytiriladi. Avvalroq viloyatdagi to‘rtta shahar – Olmaliq, Angren, Yangiyo‘l va Chirchiq shaharlarida karantin tartiblari kuchaytirilgani haqida xabar berilgan edi.
Toshkent viloyatida koronavirus infeksiyasi bilan kasallanganlar soni 9 aprel holatiga 32 nafarni tashkil etmoqda. Ularning barchasi Virusologiya ilmiy tekshirish instituti va Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy-tadqiqot instituti klinikalarida davolanmoqda.
Mavzuga oid
21:12 / 14.12.2024
Toshkent viloyatida 649 mln so‘mlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalangan issiqxona aniqlandi
13:42 / 23.11.2024
Dubayda qiyin ahvolda qolgan o‘zbekistonlik vatanga qaytarildi
18:09 / 25.10.2024
Yangi Toshkent shahri uchun Toshkent viloyatidan qo‘shimcha yer ajratildi
09:45 / 10.09.2024