Moliya | 16:34 / 23.12.2025
5648
11 daqiqa o‘qiladi

Ehtiyojlaringiz va budjetingizga qaysi mobil tariflar mos keladi?

Agar tanlangan tarif ehtiyojingizni qoplamasa, aloqa uchun xarajatlar oshishi aniq: qo‘shimcha internet sotib olishga to‘g‘ri keladi. Bunday holat har oy takrorlanishi mumkin. Qo‘shimcha gigabaytlar esa dastlab mos bo‘lgan trafik hajmiga ega tarifga nisbatan qimmatroqqa tushadi.

Biz O‘zbekistondagi beshta mobil operator — Beeline, Ucell, Mobiuz, Perfectum va Uzmobile kompaniyalarining 120 ta tarifini o‘rgandik. Quyida tarif va operatorni tanlashdan oldin bilish kerak bo‘lgan barcha jihatlarni: ehtiyojingizni qanday hisoblash, hududingizdagi qamrovni qanday tekshirish, eng maqbul variantni tanlash va bu qanchaga tushishi haqida ma’lumot beramiz. 

O‘zbekistonda qaysi operatorlar ishlaydi 

O‘zbekistonda beshta mobil aloqa operatori faoliyat ko‘rsatadi:

Operatorni tanlash faqat tarif narxi bilangina cheklanmaydi. Muhimi, tarmoq sizning hududingizda qanday ishlaydi, qo‘shimcha xizmatlar kerakmi va telefongiz 5G standartida ishlaydimi? 

Eng foydali tariflar 

Tarif oy davomida sarflanadigan internet hajmiga qarab tanlanadi. 8 400 so‘mlik tarif faqat qo‘ng‘iroqlar uchun ishlatiladigan ikkinchi raqamga mos keladi. Agar video ko‘rmasangiz va fayllar ko‘chirmasangiz, 100 000 so‘mlik tarif siz uchun ortiqcha to‘lov bo‘ladi.

Biz 120 ta tarifni to‘rtta narx toifasiga ajratdik. Har bir toifadagi internet hajmi, xizmatlar to‘plami va operatorlar turlicha. Quyidagi jadvallarda har bir operator o‘z narx guruhida nimalarni taklif qilishi ko‘rsatilgan.

Ma’lumotlar 2025 yil dekabr oyi holatiga ko‘ra keltirilgan. Tariflar o‘zgarishi mumkin — shu bois operatorlarning rasmiy saytlarini tekshirish tavsiya etiladi.

40 000 so‘mgacha bo‘lgan tariflar

Bu toifadagi tariflar 500 MB dan 5 GB gacha internet beradi. Operatorlar bunga TAS-IX — faqat o‘zbek saytlarida ishlaydigan mahalliy trafikni ham qo‘shadilar. Tarif tavsifida «5 GB + 10 GB TAS-IX» deb yozilgan bo‘lsa, bu quyidagini anglatadi: 5 GB barcha saytlar uchun, 10 GB faqat .uz domenidagi saytlar uchun sarflanadi.

Bunday tariflarga odatda ikkinchi raqam uchun, ba’zi-ba’zida qo‘ng‘iroq qilish yoki messenjerlardan foydalanish uchun ulaniladi. Agar video tomosha qilmasangiz va faqat WhatsApp’dan foydalansangiz, oyiga 2–3 GB internet yetarli bo‘ladi.

O‘zbekistondagi mobil operatorlarning 40 000 so‘mgacha bo‘lgan tarif rejalari 

Toifadagi eng arzon variantlar — 8400 so‘mlik Mobiuz bilan birgalikda tarifi: 2 GB internet va qo‘ng‘iroqlar uchun 1 000 daqiqa hamda faqat qo‘ng‘iroqlar uchun Perfectum tarifi. 

40 000–80 000 so‘mlik tariflar

Tariflar 20 dan 150 GB gacha internet beradi. Operatorlar tungi internet (00:00 dan 08:00 gacha cheksiz internet), YouTube uchun alohida internet yoki servislarga obunalarni ham qo‘shadi. 

Operatorlar takliflari:

Beeline 20–100 GB asosiy internet, cheksiz daqiqalar va tungi trafikni taklif qiladi. Ayrim tariflarga SI-servislar (ChatGPT, Claude) uchun alohida internet ham qo‘shilgan.

Mobiuz 80 dan 150 GB gacha bo‘lgan, 00:00 dan 08:00 gacha tungi interneti bo‘lgan paketlarni taklif qiladi.

Ucell asosiy internet bilan birga TAS-IX ni ham taklif qiladi, YouTube uchun alohida trafik va qimmatroq tariflarda Yandex Plus obunasini qo‘shadi. 

O‘zbekistondagi mobil operatorlarning 40 000 – 80000 so‘mlik tarif rejalari 

Bu toifada bir gigabayt 500–1 000 so‘m atrofida. Agar operator arzonrog‘ini taklif qilsa, tarifda asosiy internet hajmi qanchaligini tekshiring.  

80 000–100 000 so‘mlik tariflar

Paketlar 50-200 GB asosiy internet taqdim etadi. Bu tariflar kun bo‘yi video ko‘radigan yoki internet orqali ishlaydiganlarga mos. 

Mobiuz 80–200 GB internetli tariflarni taklif qiladi.  

Ucell asosiy paketga 5G uchun qo‘shimcha trafik va Yandex Plus obunasini qo‘shimcha qiladi.

O‘zbekistondagi mobil operatorlarning 80 000 – 100000 so‘mlik tarif rejalari 

Bir gigabayt 600–800 so‘m atrofida. Bu qimmatroq tarifdagilardan ko‘ra baland, lekin oy davomida qo‘shimcha internet sotib olishdan arzonroq.  

100 000 so‘mdan yuqori tariflar 

Operatorlar premium tariflarni ikki turga bo‘ladi: roumingli oilaviy tariflar va bitta raqam uchun mo‘ljallangan maksimal paketlar.

Beeline’ning oilaviy tariflari (Oila turkumi) bir nechta raqamni bitta paketga birlashtiradi. Barcha raqamlar internet va daqiqalarni birgalikda ishlatadi. Bir marta to‘lov qilinadi, raqamlar o‘rtasida komissiyasiz pul o‘tkazish mumkin.

Shaxsiy maksimal paketlar 350 dan 500 GB gacha internet, cheksiz qo‘ng‘iroqlar, roumingni (Beeline’da) taqdim etadi. Bir gigabayt narxi 400–500 so‘m. Paket qancha katta bo‘lsa, gigabayt shuncha arzon bo‘ladi.

O‘zbekistondagi mobil operatorlarning 100000 so‘mdan yuqori tarif rejalari 

Beeline oilaviy yechimlar va roumingga e’tibor qaratmoqda. Status Platinum maksimal tarifi 200 000 so‘mga cheksiz internet, cheksiz qo‘ng‘iroqlar, rouming va VIP-qo‘llab-quvvatlashni taqdim etadi.

Ucell esa katta hajmli 5G paketlarga urg‘u bermoqda. 160 000 so‘mlik Bor 160 tarifi 350 GB asosiy internet + 5G uchun 150 GB internet beradi. Yandex Plus obunasi ham kiritilgan. 

Internet iste’molini qanday hisoblash mumkin

Tarif tanlashdan oldin oyiga necha gigabayt sarflayotganingizni hisoblab oling.

1-usul: operator statistikasi orqali. Operatoringiz ilovasini oching yoki saytdagi shaxsiy kabinetga kiring. U yerda trafik statistikasi bo‘limiga o‘tasiz. Ilova kun, hafta yoki oy davomida qancha internet sarflaganingizni ko‘rsatadi.

Ucell va Hambi trafik statistikasi 

3–4 haftalik statistikani ko‘ring. Iste’mol turli oylarda turlicha bo‘lishi mumkin. 

2-usul: telefon sozlamalari orqali. Android’da bu «Ma’lumotlardan foydalanish» bo‘limi, iOS’da esa «Uyali ma’lumotlardan foydalanish» bo‘limi hisoblanadi. Telefon qaysi ilovalar ko‘proq trafik sarflayotganini ko‘rsatadi.

Android va iOS’da ma’lumotlardan foydalanish 

Internet tezligi nimalarga ta’sir qiladi

Mobil tarmoq turli standartlarda ishlaydi: 3G, 4G (LTE) va 5G. Har biri turli tezlikni beradi.

4G/LTE (100 Mbit/s gacha): YouTube’da HD videolar bir necha soniyada yuklanadi, videoqo‘ng‘iroqlar to‘xtalishlarsiz ishlaydi, fayllar tez yuklab olinadi. Shaharlarda eng keng tarqalgan standart.

5G (100 Mbit/s va undan yuqori): fayllar darhol yuklanadi, 4K videolar buferizatsiyasiz ishlaydi, bulutli ilovalar sekinlashmaydi. Bu operatorlar yirik shaharlarda rivojlantirayotgan yangi standart.

Agar faqat 4G qamrovi bo‘lgan hududda yashab, 5G paket uchun to‘lasangiz, va’da qilingan tezlikni olmaysiz. 5G’ni qo‘llab-quvvatlaydigan telefon ham 4G qamrovi bor joyda faqat 4G’da ishlaydi. Chunki bu hududda shunchaki 5G tarmog‘i yo‘q.  

Tarif tanlashdan oldin hududingizda qaysi tarmoq ishlayotganini tekshirib oling.

Qamrov xaritalari: nimalarni ko‘rsatadi va ularni qanday o‘qish kerak

Biz internet tezligi bo‘yicha foydalanuvchilar ma’lumotlarini to‘playdigan Speedtest  servisining qamrov xaritalarini tekshirdik. Bu xaritalar shaharning har bir nuqtasida qanday tarmoq standarti mavjudligini ko‘rsatadi.

Xaritadagi ranglar quyidagilarni bildiradi:

  • Pushti (tarmoq yo‘q) — mobil tarmoq mavjud emas 
  • Sariq (2G–3G) — eski standart, tezlik past 
  • Moviy (4G/LTE) — zamonaviy standart  
  • To‘q ko‘k (5G) — eng yangi, eng tezkor standart 

Xarita 5G’ni qo‘llab-quvvatlaydigan telefonlar uchun ushbu standartni ko‘rsatadi. 4G telefonlar xaritadan qat’i nazar 4G’da ishlaydi. 

Xaritalarda mobil internet qamrovini taqqoslab chiqamiz. Perfectum qo‘ng‘iroqlar uchun operator sifatida ko‘rilgani uchun ushbu bo‘limga kiritilmadi. 

Aloqa har joyda har xil bo‘lsa, operatorni qanday tanlash kerak

Operator tanlashdan oldin, ko‘p vaqt o‘tkazadigan joylaringiz uchun qamrov xaritalarini ko‘rib chiqing: uyingiz, ish joyingiz, shahardagi harakat yo‘nalishlaringiz. Speedtest.net saytiga kiring yoki Speedtest ilovasini ochib, qamrov xaritalari bo‘limidan manzilingizni toping. Xarita u yerda qaysi operator eng yaxshi signalni berayotganini va qanday tarmoq standarti (4G yoki 5G) mavjudligini ko‘rsatadi.

Bu juda muhim, chunki operator sizning hududingizda yaxshi ishlamasa, katta internet paketiga ega eng arzon tarif ham yordam bermaydi. Aloqa yo‘qoladi, internet sekin ishlaydi, qo‘ng‘iroqlar esa uzilib qoladi. Shuning uchun aynan sizga kerakli joylarda barqaror ishlaydigan operatorning biroz qimmatroq tarifini tanlagan ma’qul.

Toshkent, Tashkent City

Biznes markazining butun hududi barcha operatorlarning 5G tarmog‘i bilan qamrab olingan. Operatorlar orasidagi farq juda kichik. 

Tashkent City qamrov xaritasi

Toshkent, tumanlar (Labzak)

Labzak hududi qamrov xaritasi

Shu tumanda yashasangiz va internetdan markaz tashqarisida foydalanadigan bo‘lsangiz, qamrov xaritasini albatta tekshiring. Operatorlar o‘rtasidagi farq sezilarli.

Buxoro, mikrorayonlar

Barcha operatorlar 4G (LTE) tarmog‘ida ishlaydi. 5G hali joriy etilmagan. Beeline va Mobiuz deyarli hamma joyda 4G ko‘rsatadi, lekin ayrim uzilishlar bilan. Ucell’da qamrov barqarorroq — 4G bir maromda. Uzmobile esa eng zich va uzilishlarsiz qamrovni ta’minlaydi.

Buxoro mikrorayonlari qamrov xaritasi 

 

Mavzuga oid