Jahon | 15:35 / 17.09.2025
8546
7 daqiqa o‘qiladi

Netanyahu aslida kimga qarshi urushyapti?

HAMASning G‘azoda qancha kuchga ega ekani borasidagi bahslar Isroil aslida kimga qarshi jang qilayotganini savol ostiga qo‘yishi tabiiy. Netanyahu sud jarayonlari va siyosiy bosim ostida qarorlar qabul qilar ekan, bu urush uning hokimiyatini saqlash vositasiga aylanayotgandek ko‘rinmoqda. “Geosiyosat”da tahlilchilar G‘azodagi so‘nggi vaziyat va Netanyahuning sudi borasida o‘z fikrlarini bildirishdi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Hamas vakillari G‘azoda qolganmi? Isroil aslida kim bilan urushyapti?

Shavkat Ikromov: 2019 yilda Benyamin Netanyahuga qarshi sud jarayonlari boshlangan, 2020 yilda esa jarayonlar faollashdi. 2022–2023 yillarda ayblovlar aniqroq ko‘rinish oldi va uning qamalishi ham, yonidagi maslakdoshlarning jazolanishi ham ehtimoldan yiroq emas edi. Shu holat fonida siyosiy harakatlar va qarorlar oldindan rejalashtirilgan kabi ko‘rina boshladi, ko‘pchilik nazarida bu urush Netanyahuning siyosiy umrini uzaytirish vositasiga aylangan.

Arab davlatlari ham vaziyatni sezmoqda va “Netanyahu qayerda to‘xtaydi?” degan savolni berishmoqda. U hozir beparvo deyarli hech kim bilan muzokara qilmayotgandek, chunki HAMASning jismoniy kurash imkoniyati past deb baholanmoqda. HAMAS yetakchilari esa avval aytganidek: jismonan yo‘q qilinsa ham, g‘oya yashaydi va shu g‘oyaga qarshi kurash uzoq davom etadi. G‘azoda vaziyat juda og‘ir: shaharlar vayron qilinmoqda, millionga yaqin aholi ko‘chirilgan yoki ko‘chada qolgan. Bu holat dunyo miqyosida qayg‘u va hayrat bilan kuzatilmoqda. Shu bilan birga, Isroil bo‘ylab G‘azo hujumlarini to‘xtatish haqida namoyishlar bo‘lib o‘tmoqda, asirlarning taqdiri noma’lumligi va ularning hujumlar ostida halok bo‘lishi mumkinligi xalqni bezovta qilmoqda.

Agar Netanyahuning haqiqiy maqsadi asirlarni tezroq qaytarib, urushni to‘xtatish bo‘lganida, u hozirgi quruqlik hujumini amalga oshirmas edi. Muzokaralar orqali asirlarni qaytarish imkoniyatlari mavjud edi, ammo ular to‘liq ishga solinmadi. Sud jarayonlari yaqinlashgani sari (masalan, 16 sentabrdagi oxirgi eshituvi bo‘ldi) urush ko‘lamini kengaytirish uning siyosiy manfaatlariga xizmat qilayotgandek ko‘rinadi. Xavfsizlik mas’ullari ham muhim davrda rahbarni sud qilish to‘g‘ri emas, deb jarayonlarni kechiktirmoqda. Rasmiylarning bayonotlari raqamlarda ham ziddiyatlar keltirib chiqarmoqda: dastlab Isroil 30 000 ta HAMAS jangchisi borligini iddao qilgan, so‘ngra 2 500 nafarga qisqardi “biz ularni yo‘q qildik” deyildi. Agar haqiqatan ham 2 500 nafardan kam qolgan bo‘lsa, Isroil uchun g‘alabani e’lon qilish mumkin bo‘lar edi. Shunday bo‘lsa-da, hudud vayron qilindi. Isroil bosqichma-bosqich chegaraviy hududlarni o‘zlashtirib borayotgandek ko‘rinish hosil qilmoqda.

Asirlar masalasi ham ziddiyatli: oldingi muzokaralardan keyin bir necha marotaba kichik guruh asirlar qaytarilgan, ammo hozir asirlarga oid muzokaralar deyarli to‘xtadi. Doha vositachilik qilayotgan paytda ham tashvishlar paydo bo‘ldi; agar Dohaga qarshi hujum bo‘lsa, bu vositachilik imkoniyatlarini yo‘q qiladi va muzokaralarning to‘xtashiga olib keladi. Ekspertlar esa Netanyahuning urushni davom ettirishining qat’iy sababi suddan qochish va hokimiyatni saqlab qolish ekanini ta’kidlamoqda.

Farhod Karimov: HAMAS hozir qayerda va uning haqiqiy holatini aniqlash imkoniyati yo‘q, bu eng katta muammo. Misol uchun, TSAHAL G‘azoda 2 000–2 500 nafar HAMAS vakili borligini bildirmoqda, lekin bu raqamlarni mustaqil tasdiqlash imkoni yo‘q. G‘azoning ichida qolgan sanoqli jurnalistlar ham o‘ldirilgani xabar qilingan, shu sababli ichkaridan real ma’lumot olish juda qiyin. Oldin jurnalistlar harbiy harakat sodir bo‘layotgan joylarni yoritib berar, ammo hozir ular ham yo‘q qilingan, shuning uchun bir tomonlama materiallar paydo bo‘lmoqda. Hududda ommaviy axborot vositalari yo‘qolganidan so‘ng Isroil tomonidan berilayotgan ma’lumotlar shartli ravishda fakt sifatida qabul qilinmoqda. Masalan, agar G‘azoning ma’lum hududlarida “HAMAS vakillari bor” deyilganda, bu ma’lumotni tekshirishning imkoni yo‘q. Agar 2 000–2 500 ta shaxs borligi aniq bo‘lsa, nega ularning joylashuvi aniqlanmaydi? Nega ularning qurol olish manbalari va moliyalashtirish yo‘llari kesib qo‘yilmaydi? Nega tergov va aniqlash ishlari to‘liq olib borilmayapti? Bu savollar hamon ochiq qolmoqda. Bu holatlar xalqaro maydonda ham munozaraga sabab bo‘lmoqda. Nyu-Yorkdagi konferensiyada va Yevropada ham jurnalistlar tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlar va faktlarga ishora qilib “Haqiqatan kimga qarata o‘q otilyapti?” degan savollar tug‘ildi. Avval jurnalistlar ichkaridan yuborayotgan videolar va reportajlar orqali voqea haqida tasavvur berish mumkin edi; hozir esa shu manbalar yo‘qolgan. Oxirgi videolarda ham G‘azoda aniq qarshilik ko‘rsatilmayotgani, ba’zi hollarda esa Isroil tomonidan bir tomonlama hujum bo‘layotgani ko‘zga tashlanadi, bu esa u yerda ko‘rsatilib kelgan xavfning darajasi haqidagi da’volarni qayta ko‘rib chiqishga majbur qiladi. Yevropada ham Isroilni qo‘llab-quvvatlagan davlatlar endi savol qo‘yishyapti: “O‘zi nima qilyapsan, Netanyahu?” degan gaplar yangramoqda. Avval G‘azodan kelgan jurnalistlarning videolari va faktlari asos bo‘lardi, lekin hozir ularning ovozi deyarli yo‘q. Endi urushning cho‘zilishi ko‘proq Netanyahuning sud jarayonlari va hokimiyatda qolish istagi bilan bog‘liqdek tuyulmoqda.

Suhbatni YouTube’da batafsil tomosha qilishingiz mumkin.

Mavzuga oid