Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
AQSh Venesuela bilan urush yoqasida. Rubio bunga to‘qqiz oy harakat qildi va erishdi
The Atlantic materialidan asosiy gaplar.
Foto: Anna Moneymaker / Getty Images
Donald Tramp ma’muriyati Venesuela prezidenti Nikolas Maduroni ag‘darishga jiddiy bel bog‘lagan. Allaqachon harbiy bosqin rejasining bir necha variantlari ishlab chiqilgan va hatto Karib dengizida kemalarning katta guruhi to‘plangan. Dastlab Tramp «Venesuela muammosi»ni kelishuv orqali hal qilmoqchi edi – ammo oxir-oqibat davlat kotibi va milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchi Marko Rubio mahkam ushlab olgan qat’iy yo‘nalish ustun keldi, deb yozadi The Atlantic.
2025 yil yanvarida AQSh prezidenti lavozimiga qaytgan Donald Tramp diplomat Richard Grenellni o‘zining maxsus topshiriqlar bo‘yicha elchisi etib tayinlagan va tez orada uni Venesuelaga jo‘natgandi. Tramp mahalliy muxolifatchi Xuan Guaydoni Venesuelaning vaqtinchalik prezidenti deb tan olgan, Venesuela rahbari Nikolas Maduro esa bunga javoban munosabatlar uzilishini e’lon qilgan 2019 yildan beri AQSh ushbu davlat bilan rasman diplomatik aloqalarga ega emas.
Grenellga Maduro bilan norasmiy aloqalar o‘rnatish topshirilgandi. Asosiy maqsadlar uchta edi: Amerika kompaniyalarining Venesuela resurslariga (birinchi navbatda neftga) kirishiga erishish, giyohvand moddalar savdosiga qarshi kurashda hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va AQShda bo‘lish uchun qonuniy asosga ega bo‘lmagan venesuelaliklarni deportatsiya qilish bo‘yicha kelishuvga erishish.
Trampning birinchi muddatida (2017–2021) ham Grenell Maduroning «tinch yo‘l bilan hokimiyatdan ketkazilishi» bo‘yicha kelishib olishga harakat qilgan, ammo bu muzokaralar barbod bo‘lgandi.
AQSh davlat kotibi hamda prezidentning milliy xavfsizlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi Marko Rubio Maduro bilan umuman hech qanday muzokara olib bormaslik, faqat unga kuch bilan bosim o‘tkazish va Venesueladagi rejimni o‘zgartirishga erishish kerak, deb hisoblaydi.
Tramp Oq uyga qaytishi bilan uning ma’muriyati Lotin Amerikasidagi bir qancha uyushgan jinoiy guruhlarga, jumladan, Venesueladagi Tren de Aragua guruhiga «xorijiy terrorchilik guruhi» maqomini bergandi. Rubio bu guruhni amalda Maduroning o‘zi va uning atrofidagilar nazorat qiladi, deb hisoblaydi. Amerika razvedkasi bunga dalillar topa olmagan – shu tufayli may oyida Milliy razvedka kengashi rahbari vazifasini bajaruvchi Maykl Kollinz va uning o‘rinbosari Mariya Langan-Rikhof lavozimidan ayrilgandi.
The Atlantic ma’lumotiga ko‘ra, Rubio Trampni Venesuela bo‘yicha yondashuvini qayta ko‘rib chiqish kerakligiga ishontirish uchun Maduroni narkobaron va migratsiya inqirozi uchun aybdor sifatida tasvirlashga kirishgan. Natijada Venesuela muammosi Trampning nazarida tashqi siyosatdagi ichki siyosat masalasiga aylangan.
Venesuelani giyohvand moddalarning yirik ishlab chiqaruvchisi deb bo‘lmaydi, ammo ushbu mamlakat – Kolumbiya hamda Janubiy Amerikaning boshqa mamlakatlaridan AQShga giyohvand moddalarni olib o‘tish yo‘lidagi muhim punktdir.
Maduroga nisbatan qat’iy yo‘nalish asosan Florida shtati janubida yashovchi lotin amerialiklar diasporasi tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi. Bu diasporada mashhur bo‘lgan kengroq g‘oyaning bir qismidir: unga ko‘ra, AQSh butun Lotin Amerikasini amalda o‘z protektoratiga aylantirishi kerak, buning uchun esa u yerda Amerikaga qarshi barcha rejimlarni, birinchi navbatda Maduro kabi so‘l rejimlarni siqib chiqarishga erishishi kerak.
Rubioning o‘zi ushbu diasporaga mansub (uning ota-onasi kubalik muhojirlar) va davlat kotibi etib tayinlanishidan oldin Florida shtatidan senator bo‘lgan. Tramp ma’muriyatidagi yangi siyosatning tanqidchilari «Amerika birinchi o‘rinda» shiori ostida saylovga borgan prezident endi «Janubiy Florida birinchi o‘rinda» tamoyili asosida ish olib borayotganini aytishmoqda.
Aftidan, Rubioning qat’iy liniyasi yakunda ustun keldi. Sentyabr oyi boshida Tramp Venesuela qirg‘oqlari yaqinidagi va Tinch okeanidagi kichik kemalarga aviazarbalar yo‘llashga ruxsat bergandi. Bunday hujumlarning 16 tasida kamida 65 kishi halok bo‘lgan. Amerika ma’muriyati bu kemalar giyohvand moddalarni tashigani, bortdagi odamlar esa narkokartellarga tegishli bo‘lganini ta’kidlaydi. Rasmiylar buni tasdiqlash uchun hech qanday tafsilotlarni keltirmasdan, shunchaki «Amerika razvedka ma’lumotlari»ga havola qilishadi.
Oktyabr oyida Tramp Grenellga Maduro bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqani to‘xtatishni buyurgan. Markaziy razvedka boshqarmasi prezidentdan Venesuelada maxfiy operatsiyalar, shu jumladan «o‘limga olib keladigan» operatsiyalar o‘tkazishga ruxsat olgan. AQSh ushbu mintaqada eng yirik harbiy guruhni to‘play boshladi (bunaqasi 1962 yilgi Karib inqirozidan beri kuzatilmagandi). Uning tarkibiga «Jyerald Ford» aviatashuvchisi, ko‘plab harbiy kemalar, suvosti kemalari, samolyotlar, dronlar va 10 mingga yaqin harbiy xizmatchi kiradi. Ko‘pchilik jurnalistlar va ekspertlar yaqin orada AQShning Maduroni taxtdan ag‘darishga qaratilgan harbiy operatsiya o‘tkazishini kutishmoqda (misollar: bir, ikki, uch, to‘rt).
Tramp saylovoldi kampaniyasi davrida ham G‘arbiy yarimsharni AQShning eksklyuziv ta’sir doirasiga aylantirish niyatida ekanini bildirgandi. Uning Kanada, Grenlandiya va Panamani qo‘shib olish zarurligi haqidagi so‘zlari ham shu bilan bog‘liq edi. Maduro davridagi Venesuela esa Xitoy va Rossiyaning ittifoqchisidir. Bundan tashqari, AQShning Lotin Amerikasidagi yana bir «muammoli» qo‘shnisi – Kubadan farqli o‘laroq, Venesuela neft va boshqa resurslarga boy.
The Atlantic manbalariga ko‘ra, Tramp hozircha shoshilmayapti. U hali ham faqat tahdidning o‘zi Maduroning o‘zi amnistiya va tinch qo‘yilishi evaziga hokimiyatdan ketishi uchun yetarli bo‘lishiga umid qilmoqda.
Mavzuga oid
12:44
Rubio: AQSh NATO bilan munosabatlarni qayta ko‘rib chiqadi
22:50 / 31.03.2026
Tramp Eronning boyitilgan uran zaxiralarini nazoratga olmoqchi emasligini aytdi
22:10 / 31.03.2026
Tramp atrofidagilar Grenlandiyada «ta’sir o‘tkazish» operatsiyalarini boshladi
21:33 / 31.03.2026