Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Tramp atrofidagilar Grenlandiyada «ta’sir o‘tkazish» operatsiyalarini boshladi
Ular orolga sarmoya kiritmoqda, megaloyihalarni ishlab chiqmoqda va AQSh manfaatlarini ilgari surish haqida ochiq gapirmoqda.
AQSh prezidenti Donald Tramp atrofidagi bir necha kishi Grenlandiyaga katta miqdorda sarmoya kiritib, u yerda ta’sir tarmoqlarini qurmoqda. Bu faoliyat Daniya maxsus xizmatlari va jurnalistlarining e’tiborini tortdi, ular dastlab buni yashirin qo‘poruvchilik operatsiyalari deb baholadi. Biroq, The New York Times (NYT) nashrining yozishicha, bu operatsiyalarda hech qanday yashirin yoki qo‘poruvchi narsa yo‘q.
Grenlandiyaga Trampning uzoq yillik do‘sti, unga orol ustidan Amerika nazoratini o‘rnatish g‘oyasini birinchi bo‘lib bildirgan Ronald Lauder, shuningdek, Cantor Fitzgerald kompaniyasi sarmoya kiritmoqda. Hozir AQSh savdo vaziri bo‘lgan Hovard Lyutnik ilgari unga rahbarlik qilgan.
Tramp atrofidagi boshqa odamlarning ham Grenlandiyada o‘z ambitsiyali loyihalari bor. Masalan, AQSh Energetika vazirligining sobiq xodimi va qazib olish sanoatiga sarmoya kiritadigan GreenMet kompaniyasi rahbari Dryu Horn orolda ulkan ma’lumotlar markazini qurmoqchi va uni iqlim o‘zgarishi tufayli muzliklardan erigan suvda ishlaydigan yangi elektr stansiyasidan quvvatlantirmoqchi.
Kelajakda Horn ushbu elektr stansiyasiga tayanib, Grenlandiyada boshqa energiya talab qiladigan loyihalarni, jumladan, alyuminiy ishlab chiqarishni rivojlantirish niyatida. Uning GreenMet kompaniyasi orolda mavjud bo‘lgan noyob yer minerallarini qazib olish loyihalariga alohida e’tibor qaratadi.
Trampning Arktika bo‘yicha maslahatchisi Tomas Dans taniqli shaxslar, jumladan, prezidentning o‘g‘li kichik Donald Tramp uchun Grenlandiyaga piar-sayohatlar uyushtirmoqda. U AQSh vitse-prezidenti Jyey Di Vensning orolga tashrifini ham tashkil qildi. Dastlabki dasturda mahalliy aholi bilan muloqot qilish, jumladan, it qo‘shilgan poygalarda qatnashish ko‘zda tutilgan edi. Ammo Vensni norozilik namoyishlari bilan kutib olishlari ma’lum bo‘lgach, dastur sezilarli darajada qisqartirildi: vitse-prezident faqat Amerika harbiy bazasiga tashrif buyurdi.
Bundan tashqari, Dans grenlandiyalik g‘isht teruvchi Yorgen Boassenning AQShga sayohatini tashkil qildi. U 2024 yilda Trampning saylovoldi kampaniyasida ishtirok etgan va vataniga qaytgach, oroldagi Amerika prezidentining eng mashhur tarafdorlaridan biriga aylangan. Biroq, uning qarashlari vatandoshlari orasida keng tarqalmagan, deb yozdi NYT.
Amerikaning Grenlandiyadagi «ta’sir operatsiyalarini» tashkillashtiruvchi yana bir shaxs - Ichki xavfsizlik vazirligi jamoatchilik kengashi a’zosi va «Baykerlar Tramp uchun» harakati asoschisi Kris Koks. U orolga tez-tez boradi - o‘z so‘zlariga ko‘ra, «do‘stlar orttirish uchun». U Daniya hukumatini grenlandiyaliklarga bo‘lgan munosabati uchun ochiqchasiga tanqid qiladi. Daniya maxsus xizmatlari u orolda ayirmachilik kayfiyatini qo‘zg‘atishga urinayotganini taxmin qilmoqda.
Bu odamlarning hech biri o‘z faoliyatini yashirishga urinmaydi. Ular intervyular beradi, ijtimoiy tarmoqlarda ko‘p postlar qoldiradi, Amerika manfaatlarini ilgari surish haqida ochiq gapiradi.
Tramp 2025 yil bahorida AQSh Grenlandiyaga egalik qilishi kerakligi haqida qat’iy gapira boshladi. Avgust oyida Daniya televideniyesida Amerikaning oroldagi «ta’sir operatsiyalari» haqida lavha namoyish etildi. Horn, Dans va Koks ismlari tilga olinmagan bo‘lsa-da, «operatsiyalarning» tavsifidan ko‘rinib turibdiki, gap birinchi navbatda aynan ularning faoliyati haqida borgan. Daniya Tashqi ishlar vazirligi lavha e’lon qilingan kunning ertasiga Amerika elchisini izoh berish uchun chaqirdi.
Daniya tashqi ishlar vaziri Lyokke Rasmussenning aytishicha, xorijliklarning mamlakat ichkarisidagi harakatlari haqidagi ma’lumotlarni e’tiborsiz qoldirib bo‘lmaydi. Shu bilan birga, Trampga yaqin odamlar, xuddi Amerika rasmiylari kabi, har qanday noqonuniy harakatlar haqidagi ayblovlarni qat’iyan rad etmoqda.
Mavzuga oid
22:10 / 21.06.2026
Eron Tramp tahdidlaridan so‘ng muzokaralarni davom ettirishdan bosh tortdi
18:11 / 20.06.2026
Tramp Qatar sovg‘a qilgan 400 mln dollarlik yangi samolyotni namoyish qildi
09:02 / 20.06.2026
Netanyahu Trampga bosim o‘tkazishi mumkin - AQSh razvedkasi
22:39 / 19.06.2026