Mulk va investitsiya himoyachisi qaysidir hokim yoki vazir emas, faqat Konstitutsiya, qonun va sud bo‘ladi - Prezident
Prezident oxirgi paytlarda ayrim ushlab turish joylarida inson huquqlari buzilishi bo‘yicha og‘riqli masalalar ko‘tarilayotganini qayd etdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev parlamentga murojaatida inson huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish davlatning konstitutsiyaviy majburiyati sifatida belgilanishi lozim ekanini ta’kidladi.
So‘nggi yillarda sud-huquq tizimida adolat o‘rnatish bo‘yicha ko‘p ish qilingani, shu bilan birga, hozir ham tergov sifati pastligi, sudlarda odamlarning ovoragarchiligi, sud qarorlari ijro etilmay qolayotgani bilan bog‘liq holatlar uchrayotgani ta’kidlandi.
«Nima uchun, haligacha davlat hisobidan bepul ta’minlanadigan advokatlarni «elektron tanlash» tizimi ishga tushmadi? Kim bunga qarshi?» - deya savol qo‘ydi prezident va tez kunlarda ushbu tizimning to‘liq ishga tushirilishini ta’minlashni topshirdi.
Qisqa muddatda huquq-tartibot idoralarini yangicha ishlashga o‘rgatadigan, odil sudlov sifatini oshiradigan tizim yaratiladi.
Eng avvalo, odamlarning joylarda sudma-sud sarson bo‘lib yurishlariga barham beriladi.
Yangi tizim doirasida:
- tintuv o‘tkazish, telefon so‘zlashuvini eshitish va mulkni xatlashga sanksiya prokurordan sudga o‘tkaziladi;
- tergovchi jinoyatga aloqador deb, har qanday mulkni xatlab qo‘ya olmaydi. Bundan buyon, mulk huquqini cheklashga oid har qanday harakat faqat sud orqali bo‘ladi;
- sudda ishlarni ko‘rishda qatnashadigan alohida prokurorlar korpusi shakllantiriladi. Ular maxsus o‘qitiladi, ishni sudda ko‘rishda xolis, mustaqil bo‘lishi qonun bilan belgilanadi;
- odil sudlovni ta’minlashda himoyachiga berilgan huquqlar ham qayta ko‘rib chiqilib, yetmaydigan vakolatlar beriladi;
- sudlarga jinoyat ishi faqat ayblov xulosasi bilan emas, balki himoyachi fikri bilan birga qabul qilinadi.
- ayblanuvchining himoyachidan voz kechishi bo‘yicha har bir holat prokuror, sud tomonidan sinchiklab o‘rganiladigan tizim joriy qilinadi.
Prezident oxirgi paytlarda ayrim ushlab turish joylarida inson huquqlari buzilishi bo‘yicha og‘riqli masalalar ko‘tarilayotganini qayd etdi.
«Oxirgi paytlarda ayrim ushlab turish joylarida inson huquqlari buzilishi bo‘yicha og‘riqli masalalar ko‘tarilmoqda. Bizning yurtimizda bunday holatlar umuman bo‘lishi mumkin emas. Kim bunga amal qilmasa, qonun ustuvor, jazo muqarrar bo‘ladi.
Shu bois, bunday joylarga olib kelingan barcha shaxslarni hisobga olishning onlayn tizimi joriy etiladi va yuzni tanish uskunasi o‘rnatiladi.
Hech kimning unutishga haqqi yo‘q – Qonun talablari va inson huquqlari – biz uchun oliy qadriyat», — dedi prezident.
Ma’muriy sudlarga hokim qaroridan norozi bo‘lib murojaat qilinganda, ishlarni eksterritorial tartibda, ya’ni boshqa hududda ham ko‘rish amaliyoti joriy qilinadi.
Mulk va investitsiyaning himoyachisi qaysidir hokim yoki vazir emas, faqat Konstitutsiya, qonun va sud bo‘lishi ta’kidlandi.
«Vazirlar ham, hokimlar ham bir narsani yaxshi tushunib olishi kerak. O‘zbekistonda mulk va investitsiyaning himoyachisi qaysidir hokim yoki vazir emas, faqat Konstitutsiya, qonun va sud bo‘ladi.
Bu borada Xalqaro tijorat sudini O‘zbekistonda tashkil qilish bo‘yicha ham amaliy ishlar boshlandi.
Yuqoridagi barcha tashabbuslarni Konstitutsiyada to‘g‘ridan to‘g‘ri muhrlab qo‘yish lozim», — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Prezident eng dolzarb muammo bo‘lgan korrupsiya masalasiga alohida to‘xtalib o‘tdi.
«O‘tgan ikki yilda 5 mingga yaqin mansabdor korrupsiyaviy jinoyatlar bo‘yicha javobgarlikka tortildi. Lekin, ochiq aytish kerak, bu – masalaning sababi bilan emas, oqibati bilan kurashish», — dedi u.
Davlat rahbari deputat va senatorlar, mahalliy Kengashlar ham bong urib, aniq sohalarni tahlil qilib, korrupsiyani bartaraf etish bo‘yicha faol bo‘lishga chaqirdi, buning uchun ularda yetarli vakolat ham, shijoat ham borligini ta’kidladi.
Sun’iy monopoliyaga, yopiq sxemalarga, umuman korrupsiyaga imkon beruvchi barcha bo‘shliqlarga barham berilishi ta’kidlandi.
Mavzuga oid
17:39 / 07.11.2024
BMT Markaziy Osiyoda fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar soni kamayganini qayd etdi
14:01 / 13.10.2024
“Ko‘p narsa hokimlarning saviyasiga bog‘liq” - vatanga qaytgan investor qanday to‘siqlarga uchradi?
18:53 / 11.10.2024
BMT oiladagi zo‘ravonlikni tugatish bo‘yicha O‘zbekiston taklif etgan rezolyutsiyani qo‘llab-quvvatladi
19:17 / 30.09.2024