Sport | 10:47 / 13.07.2022
21445
6 daqiqa o‘qiladi

«Yugurish meni qutqardi» - Olimpiada chempioni bolaligida bir necha yil qullikda saqlashganini esladi

Olimpiada chempioni, o‘rta va uzoq masofalarga yuguruvchi sportchi, milliy jamoa a’zosi, ser Muhammad Farah (Mo Farah) bolaligida Buyuk Britaniyaga noqonuniy olib kelingani va uyda xizmatkor sifatida ishlashga majburlanganini tan oldi.

Pekindagi 2015 yilgi jahon chempionati. Foto: Cameron Spencer / Getty Images

Ser Muhammad Muqtor Jama Farah (tug‘ilganida qo‘yilgan ismi Husayn Abdi Kohin) – Somalidan kelib chiqqan britaniyalik yengil atletikachi, uzoq va o‘rta masofalarga yuguruvchi. 1983 yilda Somalilendda tug‘ilgan. Sport olamida Mo Farah ismi bilan tanilgan. 4 karra Olimpiada chempioni, 6 karra jahon chempioni, 7 karra Yevropa chempioni. Britaniya imperiyasi ordeni komandori (2013), ritsar-bakalavr (2017).

Muhammad Farah ismini unga Sharqiy Afrikaning kichik mamlakati Jibutidan olib kelgan odamlar qo‘yishgan. Uning haqiqiy ismi Husayn Abdi Kohin edi. Notanish ayol uni 9 yoshligida Londonga olib kelgan va xizmatkor sifatida ishlatgan.

«Ko‘p yillar davomida bu haqda o‘ylamaslikka harakat qildim, - deydi sportchi. - Lekin buni unutish ilojsiz».

Ser Mo Farah yangi hujjatli filmda ilk bor aslida Britaniyaga qanday kelib qolganini aytib berdi

Hozirgacha amalda bo‘lgan rasmiy talqinga ko‘ra, sportchi Britaniyaga ota-onasi bilan Somalidan qochqin sifatida kelgan. Biroq, BBC va Red Bull Studios hamkorligida suratga olingan hujjatli filmda Mo ota-onasi hech qachon Britaniyada bo‘lmaganini aytadi.

Uning onasi va ikki ukasi hamon mustaqilligi tan olinmagan Somalilend davlatidagi oilaviy fermada yashaydi. Otasi 1991 yilda Somalidagi tartibsizliklar paytida daydi o‘qdan vafot etgan.

Mo Farahning so‘zlariga ko‘ra, 8 yoki 9 yoshida uni Jibutidagi qarindoshlari oldiga yuborishgan. U yerdan notanish ayol bilan birga Buyuk Britaniyaga borib qolgan.

Ayol unga Yevropadagi qarindoshlari oldiga olib borishini aytgan. Mo bundan behad xursand bo‘lib, «ilgari hech qachon samolyotda uchmagani»ni aytadi.

Ayol bolaga o‘zini Muhammad deb atashini aytadi. Unga fotosurati yopishtirilgan va Muhammad Farah ismi yozilgan qalbaki hujjat beriladi.

U Britaniyaga soxta hujjatlar va «Muhammad Farah» nomi bilan kelgan

Ular London g‘arbidagi Haunsloudagi kvartiraga yetib borishganida ayol boladan qarindoshlarining manzili va telefon raqami yozilgan qog‘ozni so‘rab oladi.

«Ayol ko‘z oldimda bu qog‘ozni yirtib, chiqindi qutisiga tashladi. Men falokatga yo‘liqqanimni darhol angladim», deydi u.

Mo och qolmaslik uchun uy yumushlari bilan shug‘ullangan va bolalarga qaragan.

«Agar oilang bilan yana ko‘rishishni istasang, hech kimga hech narsa dema», deb ta’kidlagan ayol. «Vannaga tez-tez qamalib olib, yig‘lar edim», deb eslaydi u.

Dastlabki bir necha yil davomida unga maktabga borishga ruxsat berilmagan. Ammo 12 yoshga to‘lganida Mo mahalliy Feltham kollejining 7-sinfiga o‘qishga borgan. U o‘qituvchilarga Somalidan kelgan qochqin sifatida tanishtirilgan.

Uning sobiq ustozi Sara Rennining so‘zlariga ko‘ra, bolaning usti but emas, odamovi va ingliz tilini yaxshi bilmasdi. O‘zini bolaning ota-onasi deb tanishtirgan odamlar hech qachon ota-onalar yig‘ilishida qatnashmagan.

Biroq, uning jismoniy tarbiya o‘qituvchisi Alan Uotkinson sport mashg‘ulotlari boshlanganida o‘smirda ijobiy o‘zgarish bo‘layotganini darhol payqaydi.

«U yaxshi tushungan yagona til – jismoniy tarbiya va sport tili edi», deb eslaydi Uotkinson.

Darhaqiqat, Ser Mo aytganidek, sport uning hayoti edi: «O‘sha vaziyatdan chiqish uchun men qila oladigan yagona narsa – bu erkinlikka chiqish va yugurish edi».

Oxir-oqibat, u Uotkinsonga o‘zining kimligi, o‘tmishi va uni ishlashga majbur qilgan odamlar haqida gapirib berdi.

«Haqiqiy Mo»

O‘qituvchi hammasini ijtimoiy xizmat xodimlariga yetkazadi. Shundan so‘ng Mo Somalidan kelgan boshqa bir oilaga asrab olish uchun beriladi.

«Albatta, haqiqiy oilamni sog‘inar edim, lekin o‘sha paytdan boshlab hammasi yaxshi bo‘lib ketdi», deb eslaydi ser Mo.

Ser Mo London va Riodagi olimpiadalarda 5 va 10 ming metrga yugurish bo‘yicha oltin medallarni qo‘lga kiritgan

Mo sport olamida o‘zini namoyon eta boshladi va 14 yoshida Angliya maktablari jamoasi tarkibida Latviyadagi musobaqaga taklif etildi. Biroq uning qo‘lida hech qanday hujjat yo‘q edi.

Shunda Uotkinson bolaga Muhammad Farah nomi bilan Britaniya fuqaroligini olish uchun hujjat topshirishda yordamlashadi. 2000 yil iyul oyida Mo Britaniyaning to‘laqonli fuqarosiga aylandi.

Advokat Alan Briddok hujjatli filmda Muhammad Farahga pasportni firibgarlik yoki qalbakilashtirish yo‘li bilan olganini, agar huquqiy tomondan qaralsa, hukumat uni Britaniya fuqaroligidan mahrum etishi mumkinligini tushuntiradi. Ammo ser Mo bilan yuzaga kelgan vaziyatda bunday bo‘lishi dargumon.

«Yugurish meni qutqardi»

Ser Mo odamlarning noqonuniy migratsiya va qullik haqidagi tasavvurlarini o‘zgartirish uchun o‘z hayoti haqida ochiq gapirishga qaror qilganini aytadi.

«Juda ko‘p odamlar xuddi men kabi aziyat chekkanini tasavvur qila olmasdim. Bu voqea mening qanchalik omadli ekanligimni ko‘rsatadi. Aslida meni qutqargan va boshqalardan farqli qilgan narsa – yugura olganim edi», deya tan oladi u.

BBC Mo Farahni Londonga olib kelgan ayol bilan bog‘langan, ammo undan izoh ololmagan.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish