Sport | 11:06 / 06.10.2024
13944
16 daqiqa o‘qiladi

«Real»da qo‘rqinchli jarohat, Angliyada peshqadamlarning muammolari. Kun o‘yinlari

Shanba kuni Yevropa futbolida ro‘y bergan asosiy voqealar, o‘yinlardagi gollar va turnir jadvallaridagi vaziyat.

Angliya: Alissonning jarohati va Kovachich to‘purar rolida

«Kristal Pelas» – «Liverpul» 0:1
Gol
: 0:1 – 9 Diogu Jota.
«Kristal Pelas» – Henderson, Chaloba (Kamada, 88), Gehi, Lakrua, Mitchell (Mateta, 60), Munos (Klayn, 17), Lerma, Uorton (Hyuz, 60), Eze, Nketia, Sarr.
«Liverpul» – Alisson (Yarosh, 79), Tsimikas (Roberson, 79), van Deyk, Konate, Aleksander-Arnold, Mak Allister (Soboslai, 46), Gravenberh, Gakpo, Jons (Endo, 89), Saloh (Dias, 73), Diogu Jota.
Ogohlantirishlar: Gakpo (31), Mak Allister (43), Lerma (71), Xyuz (73), Sarr (74), Nketia (76).

Kunning birinchi o‘yinidan keyinoq tur yakunlariga ko‘ra «Liverpul» peshqadamligini saqlab qolishi aniq bo‘ldi. Lekin o‘yin kutilmagan ssenariy bo‘yicha ketishi ham mumkin edi, 20-soniyadayoq to‘p mehmonlar darvozasidan joy oldi. Ularning baxtiga zarba ofsayd holatidan turib yo‘llangandi. 9-daqiqada esa Gakponing uzatmasidan keyin Diogu Jota sovuqqonlik bilan aniq zarba berdi. Portugaliyalik hujumchi uchun bu qator raqamlardan iborat o‘yinga aylandi. Birinchidan, u mersisaydliklar safidagi 100-o‘yinida maydonga chiqqandi. Ikkinchidan, u urgan gollar soni 60 taga yetdi. Arne Slot esa — «Liverpul» tarixida o‘zining dastlabki 10 o‘yinidan 9 tasida g‘alaba qozongan ilk mutaxassisga aylandi. Bu o‘yinda niderlandiyalik mutaxassisni ranjitgan yagona holat Alisson jarohat olishi bo‘ldi, u bungacha o‘yin davomida bir necha bor jamoasini qutqargandi.

«Arsenal» – «Sauthempton» 3:1
Gollar:
0:1 – 55 Archer, 1:1 – 58 Xaverts, 2:1 – 68 Martinelli, 3:1 – 88 Saka.
«Arsenal» – Rayya, Kalafori (Kiver, 90), Gabriel, Saliba, Parti (Tomiyasu, 84), Sterling (Martinelli, 60), Rays, Jorjinio (Merino, 61), Saka, Gabriel Jyezus (Trossar, 60), Havers.
«Sauthempton» – Remsdeyl, Menning (Onuachu, 74), Sugavara (Teylor, 90), Uoker-Piters, Bednarek, Harvud-Bellis, Fernandesh (Armstrong, 74), Dauns, Aribo, Dibling, Styuart (Archer, 27).
Ogohlantirishlar: Uoker-Piters (23), Bednarek (34), Dibling (38).

«Arsenal» esa iroda ko‘rsatishiga to‘g‘ri keldi. «Kanonirlar» avvaliga birinchi bo‘limni golsiz o‘tkazdi, bu vaqt davomida jamoa o‘n zarbadan faqat bittasini darvoza sohasi tomon to‘g‘ri yo‘llay oldi, ikkinchi bo‘limda esa «Sauthempton» hisobni ochdi. Lekin mehmonlarning quvonchi uzoqqa cho‘zilmadi va Saka barcha ishni o‘z qo‘liga oldi. U Mikel Arteta jamoasining uchala golida ham ishtirok etdi. Avvaliga Havers va Martinelliga assistentlik qilib, golli uzatmalar soni bo‘yicha (42) londonliklar afsonasi Rober Piresga yetib oldi. Keyin esa o‘z zarbasi bilan o‘yinga nuqta qo‘ydi. «Arsenal» ochkolar soni bo‘yicha «Manchester Siti» bilan teng ketmoqda va yakshanba kuni o‘ynaydigan «Chelsi»ni oldinga o‘tkazib yubormasligi aniq.

Bu — «Arsenal»ning APL uy o‘yinlaridagi 400-g‘alabasi bo‘ldi. Londonliklardan oldin bu natijaga faqat «MYu» erishgan.

«Manchester Siti» – «Fulhem» 3:2
Gollar:
0:1 – 26 Pereyra, 1:1 – 32 Kovachich, 2:1 – 47 Kovachich, 3:1 – 82 Doku, 3:2 – 88 Rodrigo Muniz.
«Manchester Siti» – Ederson, Gvardiol, Ruben Diash, Akanji (Uoker, 62), Lyuis, Kovachich, Grilish (Doku, 62), Gundo‘g‘an (Mateush Nunesh, 89), Foden (Stounz, 78), Bernardu Silva, Holand.
«Fulhem» – Leno, Robinson, Ivobi (Nelson, 77), Bassi, Andersen, Tete (Kastan, 77), Traore, Lukich, Berge (Kerni, 65), Pereyra (Smit-Rou, 65), Himenes (Rodrigo Muniz, 77).
Ogohlantirishlar: Bassi (64), Ederson (90+3), Gvardiola (90+4), Bernardu Silva (90+5).

«Manchester Siti» ham qiyinchilikka duch kelib, birinchi bo‘limda «Fulhem» uchta yaqqol golli vaziyat yaratishiga imkon berdi, bu vaziyatlar kutilgan gollar bo‘yicha 1,35 xG ko‘rsatkichiga tortadi. Va agar Adama Traorening hujumini Ederson to‘xtatishga muvaffaq bo‘lgan bo‘lsa, Andreas Pereyra Himenesning ajoyib pasini osonlik bilan golga aylantirdi. Meksikalik hujumchi tovoni bilan shunday pas berdiki, mezbonlarning uch himoyachisi tomoshabinga aylandi.

Lekin Rodri o‘rnida o‘ynayotgan Kovachich ikki bor uning uslubida gol urdi. Avvaliga burchak zarbasidan keyin jarima maydoni ichida to‘pni o‘ziga bo‘ysundirib zarba yo‘lladi. Keyin hujumning ikkinchi tempiga qo‘shilib, Bernardu Silvaning uzatmasiga ochildi. Shunday qilib 0:1 hisobi 2:1 ko‘rinishiga o‘zgardi, keyin Ederson yana bir bor o‘zini ko‘rsatib, Uokerdan qochib ketgan Traore bilan duelda g‘olib chiqdi. Zaxiradan tushgan Doku esa o‘z qanotidan markazga ko‘chib, kutilmaganda zarba berdi va zarba trayektoriyasi mehmonlar darvozaboniga hech qanday imkon qoldirmadi.

O‘yin oxirida Muniz mavsumdagi ilk golini urib, hisobni qisqartirdi va «shaharliklar»ni oxirgi daqiqalarni asabiy o‘tkazishga majbur qildi. Lekin Xosep Gvardiola shogirdlari natijani saqlab qoldi va 2017-2018 yillar mavsumidagi o‘z rekordini takrorladi — chempionatda mag‘lubiyatsiz 30 o‘yin.

Ispaniya: Mbappe startda

«Real» – «Vilyarreal» 2:0
Gollar:
1:0 – 14 Valverde, 2:0 – 73 Vinisius Junior.
Real Madrid – Lunin, Mendi, Ryudiger, Karvahal, Tchuameni, Bellinghem, Kamavinga (Militao, 71), Valverde, Modrich (Vaskes, 90+2), Vinisius Junior (Guler, 79), Mbappe (Rodrigo, 71).
«Vilyarreal» – Konde, Kardona (Bernat, 86), Kosta, Albiol (Bayi, 68), Femeniya, Guyye, Parexo (Terrats, 79), Komesanya, Aleks Baena (Pino, 68), Barri, Pepe (Ahomash, 68).
Ogohlantirish: Femeniya (33).

Kunning asosiy syurprizi — Mbappe «Real» boshlang‘ich tarkibida paydo bo‘lishi edi, u jarohatdan tiklanishi uchun Fransiya milliy jamoasining Millatlar ligasida oktyabr oyida o‘tkazadigan o‘yinlari qaydnomasiga kiritilmagandi. Forvardni yana vatanida tanqid qilishlari aniq, chunki u yaqinda ham intervyusida ekspertlar va muxlislar fikriga e’tibor qaratmasligini aytganidan keyin tanqidlar yomg‘iri ostida qolgandi.

Mbappe shanba kungi o‘yinda gol urolmadi: darvozabon bilan yakkama-yakka vaziyatga chiqib borganida uni aldab o‘tishga urinib to‘pni oldirdi. Ammo Konde Valverdening uzoq masofadan yo‘llagan zarbasini qaytara olmadi, ushbu urugvaylik yarimhimoyachi so‘nggi ikki mavsumda jarima maydoni tashqarisidan eng ko‘p gol urgan (8 bor) futbolchi bo‘lib turibdi. Shanba kuni u bu ko‘rsatkich bo‘yicha Grizmann va Yago Aspasni ortda qoldirdi, ikkinchi bo‘limda esa uning pasidan keyin Vinisius Junior ham deyarli xuddi shu nuqtadan ikkinchi golni urdi.

Ammo madridliklar bayramini Karvahal yo‘q joyda og‘ir jarohat olishi buzdi. O‘yinga qo‘shib berilgan daqiqalarda u to‘pni uzoqlashtirishga urinib, raqibning oyog‘iga to‘qnashdi va ayanchli ovoz chiqargancha gazonga yiqildi.

Birinchi yordam ko‘rsatilganidan keyin ham himoyachi o‘rnidan tura olmadi va ko‘z-yosh to‘kkancha zambilda maydonni tark etdi. Tribunalar uni olqishlar bilan kuzatdi va shundan keyin hakam ham o‘yinni yakunlab qo‘ydi.

Katta ehtimol bilan uning oyog‘i singan va u uchun mavsum yakunlandi.

«Real» bosh murabbiyi Karlo Anchelotti Vinisius Juniorning umurtqa pog‘onasida muammo borligi, u ham tekshiruvdan o‘tishi kerakiligi haqida gapirdi. U o‘yinning 79-daqiqasida yelkasida og‘riq sezgach, almashtirilgandi.

Bu g‘alabadan keyin «Real» Ispaniya chempionatida ochkolar soni bo‘yicha «Barselona»ga tenglashib, to‘plar nisbatidagi farq tufayli ikkinchi o‘rinni egallab turibdi, ammo kataloniyaliklar tur o‘yinini yakshanba kuni «Alaves»ga qarshi o‘tkazadi.

Italiya: «Torino» to‘purarini yo‘qotdi

«Inter» – «Torino» 3:2
Gollar:
1:0 – 25 Tyuram, 2:0 – 35 Tyuram, 2:1 – 36 Sapata, 3:1 – 60 Tyuram, 3:2 – 86, penalti Vlashich.
«Inter» – Zommer, Bastoni (de Vrey, 82), Acherbi, Bissek (Pavar, 46), Dimarko, Darmian (Dumfris, 68), Mxitaryan (Zelinski, 77), Chalxono‘g‘li, Frattezi, Martines, Tyuram (Torimiy, 68).
«Torino» – Milinkovich-Savich, Koko, Maripan, Valyukevich, Lazaro (Voyvoda, 62), Pedersen, Gineytis (Ilich, 62), Linetti, Richchi (Vlashich, 84), Sapata (Karamo, 84), Adams (Mazina, 32).
Ogohlantirishlar: Bissek (36), Linetti (58), Valyukevich (90+2).
Chetlatish: Maripan (20).

Yaqingacha A seriyada sensatsion ravishda peshqadamlik qilib turgan «Torino» Milandagi o‘yinning birinchi bo‘limidayoq bir kishi kam bo‘lib qoldi. Maripan aqlsizlarcha podkat bilan Tyuramning oyog‘ini sindirishiga bir baxya qoldi va monitorga borib vaziyatni ko‘rib chiqqan arbitr uni maydondan chetlatdi.

Tyuram esa nafaqat jarohatdan qutulib qoldi, balki o‘n daqiqa ichida himoyachilar Bastoni va Acherbining uzatmalari evaziga ikki bor gol urdi. Lekin «Inter» mudofaasi intriga o‘lishiga yo‘l qo‘yishmadi va Sapata maydon markazi orqali reyd uyushtirishiga va hisobni qisqartirishiga qo‘yib berishdi. Ammo ikkinchi bo‘limda Tyuram het-trikni nishonlab, o‘yin taqdirini amalda hal qildi. So‘nggi daqiqalarda Vlashich penaltidan hisobni yana qisqartirdi, faqat bu shunchaki turinliklarga taskin beruvchi gol bo‘lib qoldi. Bu goldan ikki daqiqa oldinroq jarohat olgan Sapata esa maydonni zambilda tark etdi.

Germaniya: Syurprizlar kuni

«Bayyer» – «Holshtayn» - 2:2
Gollar:
1:0 – 4 Bonifase, 2:0 – 8 Hofmann, 2:1 – 45+5 Geshvill, 2:2 – 69, penalti Arp.
«Bayyer» – Gradetski, Tapsoba, Ta, Andrix (Inkapie, 70), Virts, Hofmann (Tere, 60), Grimaldo, Frimpong (Adli, 77), Palasios (Aleish Garsiya, 70), Chaka, Bonifase (Shik, 70).
«Holshtayn Kil» – Vayner, Geshvill, Erras, Ivejich, Bekker, Porat (Komenda, 86), Gigovich (Shuls, 71), Knudsen, Holtbi (Remberg, 86), Matino (Arp, 46), Skribski (Pihler, 46).
Ogohlantirishlar: Knudsen (60), Frimpong (68), Vayner (90+1), Ta (90+6).

Leverkuzenda tur sensatsiyasi ro‘y berdi, holbuki «Bayyer» ikkinchi bundesligadan chiqib kelgan va mavsum boshidan buyon 5 o‘yinda 17 ta gol o‘tkazib, turnir jadvalida oxirgi o‘rinda kelayotgan jamoani o‘ta yirik hisobda mag‘lub etadigandek ko‘rinayotgandi. Palasiosning ikkita aniq pasi — va amaldagi chempionlar 8-daqiqadayoq Bonifeys va Hofmanning aniq zarbalari evaziga ikki to‘p farqi bilan oldinga chiqib olishdi. Lekin mavsum boshidan buyon g‘alaba nimaligini bilmagan autsayder hayron qoldira oldi va mavsumdagi ikkinchi ochkosiga ega bo‘ldi. Kil jamoasi o‘tgan turda o‘zi kabi turnir jadvalining quyi qismida joylashgan «Bohum» bilan durang qayd etgandi (2:2).

«Union» Berlin – «Borussiya» D 2:1
Gollar:
1:0 – 26, penalti Fogt, 2:0 – 45 Vertessen, 2:1 – 62 Ryuerson.
«Union» Berlin – Rennov, Diogu Leyte, Fogt (Kverfeld, 60), Duki, Rote, Trimmel, Hedira, Kemlyayn (Skarke, 67), Jon Vu Yen (Sebatsho, 67), Vertessen (Shefer, 67), Hollerbah (Haberer, 77).
«Borussiya» D – Kobel, Ryuerson (Bensebayni, 86), Shlotterbek, Anton, Yan Kouto, Gross (Nmecha, 63), Jan (Zabitser, 76), Gittens (Malen, 63), Brandt, Bayyer, Girassi.
Ogohlantirishlar: Fogt (15), Shlotterbek (17), Jon Vu Yen (41), Zabitser (83), Rote (84), Trimmel (89), Anton (90+4), Bensebayni (90+6).

«Borussiya»ning Berlindagi mag‘lubiyati esa u qadar ajablantirmaydi. Birinchidan, «Union» bu mavsumda peshqadamlar guruhiga yaqin joylashgan va oldingi turlarda «Leypsig»dan ochko olishga erishgandi. Ikkinchidan, dortmundliklar ikki frontda qiynalmoqda. Chempionlar ligasida jamoa ikki uchrashuvda ham yirik hisobda g‘alaba qozondi, ammo bu uchrashuvlardan keyin ichki chempionat o‘yinlarida muvaffaqiyatsizlikka uchradi. Xususan, «Bryugge» maydonidagi 3:0 hisobidagi g‘alaba ortidan «Shtutgart»ga qarshi o‘yinda sharmandali 1:5 hisobi qayd etildi, Berlindagi o‘yinda esa Nuri Shahin shogirdlari barcha gollarini «Seltik» darvozasiga urib bo‘lgandek (7:1) hissiyot uyg‘ondi. Jamoa vakillaridan faqat himoyachi Ryuyerson raqib darvozasini ishg‘ol eta oldi. Mezbonlarda esa avvaliga Fogt penaltini aniq ijro etdi — u bundesligada eng uzoq vaqt davom etgan golsiz seriya muallifi edi. Ushbu himoyachi 275 o‘yin davomida raqiblar darvozasiga yo‘l topa olmagandi! Bu hodisaning unikalligi shundaki, Fogt Germaniya chempionatida oxirgi bor — 2014 yil 18 oktyabrida — «Kyoln» safida o‘ynayotganida aynan «Borussiya» darvozasini ishg‘ol etgandi. «Asalarilar» Dortmunddagi barcha o‘yinlarda g‘alaba qozonayotgan bo‘lsa-da, raqib maydonida yomon natija ko‘rsatmoqda (=1-2).

Kun statistikasi

  • XXI asrda top-5 ligalarda het-trik qayd etgan 2-gurjistonlik futbolchi «Sent-Eten» yarimhimoyachisi Davitashvili bo‘ldi. 2003 yil noyabrda «Frayburg» safida o‘ynagan Aleksandr Iashvili ham shunday ishni amalga oshirgandi.
  • Kay Havers «Arsenal»ning Robin van Persidan keyin «Emireyts»dagi o‘yinlarida qatorasiga 7 o‘yinda gol urgan 2-futbolchisi bo‘ldi.
  • APLda qatorasiga 3 turda birinchi daqiqadayoq hisobni ochgan «Brentford» (22-, 23- va 37-soniyalarda) o‘z seriyasini to‘xtatdi, klubning navbatdagi o‘yindagi ilk goli urilganda 1 daqiqayu 15 soniya o‘tib bo‘lgandi.
  • «Atalanta» forvardi Retegining 7 goli — A seriyada italiyalik futbolchilar uchun mavsum startidagi yetti turdagi eng yaxshi natija. So‘nggi 30 let yillikda Balotelli, Bonatssoli, Hyubner va Roberto Badjo ham shunday grafik bilan boshlashgan.
  • «Espanol» la ligadagi yubiley 1000-g‘alabasiga erishdi. Bungacha bu natijani «Real» (1825), «Barselona» (1766), «Atletiko» (1402), «Atletik» (1307), «Valensiya» (1284) va «Sevilya» (1110) klublari qayd etishgan.
  • «Arsenal» APLda uy o‘yinaridagi 400-g‘alabasiga erishdi. Londonliklardan oldinroq bu natijadan faqat «MYu» o‘tgandi.

Mavzuga oid