La Liga. 8-tur
«Atletiko» — «Real» 1:1
Gollar: Korrea (90+5) — Militao (64).
«Atletiko» – Oblak, Reynildu (Galan, 75), Ximenes, Le Norman, Molina (Koke, 46), Alvares (Rikelme, 75), Gallaher (Korrea, 70), Lorente, De Paul, Syorlot (Lino, 56), Grizmann.
«Real» – Kurtua, Mendi, Militao, Ryudiger, Karvaxal, Bellinghem, Chuameni, Modrich (Vaskes, 86), Valverde, Vinisius Junior (Endrik, 87), Rodrigo (Fran Garsiya, 90).
Ogohlantirishlar: Modrich (40), Le Norman (63), Gallaher (70), Alvares (75). 
Chetlatish: Lorente (90+8).

Turning asosiy o‘yini — «Atletiko» va «Real» o‘rtasida edi. Anchelotti jamoasi la liganing o‘tgan mavsumidagi yagona mag‘lubiyatini aynan «Sivitas Metropolitano»da qabul qilib olgandi. Va bu safargi o‘yinga «Real» uch haftaga safdan chiqqan markaziy hujumchisi Mbappesiz tashrif buyurdi.

Bunday vaziyatda amaldagi chempionlar derbi arafasida sxemani o‘zgartirishiga to‘g‘ri keldi. Kutilganidek, «Real» shunchaki bazaviy ishlanmalarga qaytdi — bu o‘tgan mavsumda muvaffaqiyat keltirgandi. Gap Vinisius va Rodrigo oldinda joylashadigan 4-4-2 haqida bormoqda. O‘z navbatida, «Atletiko» ham himoyalanganda 4-4-2 bo‘yicha joylashdi — Grizmann va Syorlot oldinda qolishdi, Alvares esa himoyalanishda chap qanotga o‘tdi. Ayrim holatlarda hatto himoya chizig‘ining beshinchi vakiliga aylandi.

Birinchi bo‘lim voqealarga boy bo‘lmadi. Kutilganidek, «Atletiko» muxlislari Vinisiusga tinimsiz hushtakbozlik qilishdi. Umuman, so‘nggi vaqtlarda Madrid derbisi arafasida aynan ushbu braziliyalik futbolchi asosiy mavzu bo‘lmoqda: «Atletiko» fanatlari u haqda qanday haqoratomuz qo‘shiq kuylashadi? Qayergadir uning tulumini osishmaydimi? «Santiyago Bernabeu»da uni qo‘llab qanday aksiya o‘tkaziladi? U «Metropolitano»da gol urgan taqdirda raqsga tushadimi?

Vini bu o‘yinda maydonga tushmasligi ham mumkin edi, u o‘tgan turda ikkinchi sariqni olishga mos harakatlar qilgandi. Hatto Karlo Anchelotti o‘z yulduzi bilan alohida suhbat o‘tkazib, hech narsaga chalg‘imaslikni so‘radi, qolgan futbolchilarga ham hakam bilan bahslashmaslik ko‘rsatma qilindi. «Alaves»ga qarshi o‘yinda bunday epizodlar haddan tashqari ko‘p bo‘lgan va e’tiborni bu o‘yinga qaratishga xalal bergandi.

Braziliyalik doimgidek maydondagi eng faol futbolchilardan biri bo‘ldi, jarima zarbalari ishladi, ayrim holatlarda hech qanday jiddiy ta’sirsiz ham gazonga yiqilishdan tortinmadi. 30 yoshli hakam Mateo Buskets Ferrer bu darajadagi o‘yinga ilk bor tayinlanishi edi (u faqat o‘tgan mavsumdan la liga o‘yinlarini boshqara boshlagan), ammo bunday epizodlarni to‘g‘ri baholadi.