Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
“Ekishni xohlamaganlarning yeri xitoyliklarga beriladi” – Urgutda fermerlar shunday ogohlantirildi
Samarqand viloyatining Urgut tumanida amaldor pilla, g‘alla va paxta rejasini bajarmagan, soliqlarni to‘lamagan fermer xo‘jaliklarining yerlari xitoylik investorlarga berilishini aytdi. U videomurojaatida Xitoydan kelgan investorlar allaqachon hududdagi yerlar bilan tanishtirilayotganini bildirgan.
Foto: Videodan kadr
Urgut tumanida amaldor hududdagi fermerlarni yerini xitoyliklarga berib yuborish bilan ogohlantirdi. U bu gapni fermerlarga murojaatida aytib o‘tgan.
Kun.uz’ga kelib tushgan videodagi amaldor o‘zini Urgut tumani “Agropromi” xodimi Z.Amonov deb tanishtirgan. U mahalliy fermerlarga videomurojaat qilib, pilla, paxta rejasini bajarmagan, soliq to‘lamaganlarning yeri xitoylik investorlarga berilishini aytgan.
“Hurmatli agrofirma raislari, hurmatli mas’ullar! Biz hali Xitoyga borganimizni aytgandik, mana, xitoyliklar kelib, yerlarni ko‘rishni boshladi. Ekishni xohlamagan, pillani, g‘allani bajarmagan, soliq to‘lamaganlarning yerini berishni boshlaymiz.
Mana, suvli maydonlarni olaman deyapti xitoyliklar. 2 ming gektar maydonni ko‘rsatib chiqyapmiz. Yana olamiz. Shuning uchun ishlashni xohlamagan, yer kerak bo‘lmagan, noqonuniy qurilish qilib tashlagan, platformani qilmaydigan, pillani bajarmaydigan fermerlarning ro‘yxatini zudlik bilan, dushanba kuni 11:00 gacha barcha agrofirma raislari berishi kerak.
Qonun talabini bajarmaydigan fermerlarning ro‘yxatini bering. Mana, hozir sizga yaxshi shans bo‘ldi. Mana shu videoxabarni hammaga yuboring”, degan Amonov o‘z videomurojaatida.
Video ijtimoiy tarmoqlarda tarqalib ketgandan keyin Amonov uni o‘chirtirishga uringan. U anglashilmovchilik bo‘lganini, investitsiya kiritish, ish o‘rinlarini yaratish maqsadida bu murojaatni chiqarganini aytgan.
“Fermer xo‘jaligi to‘g‘risida”gi qonunning 3-moddasiga ko‘ra fermer xo‘jaligi ijaraga berilgan yer uchastkalaridan foydalangan holda qishloq xo‘jaligi mahsulotini yetishtirish hamda qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa faoliyat turlari bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlik sub’yektidir. Ushbu qonunning 22-moddasida fermer xo‘jaliklarining xo‘jalik faoliyatiga davlat organlari hamda boshqa organlar va tashkilotlar, shuningdek ularning mansabdor shaxslari aralashuviga yo‘l qo‘yilmasligi keltirib o‘tilgan.
Shuningdek, Yer kodeksining 24-moddasiga ko‘ra yer uchastkalarini ijaraga olish shartnomasini muddatidan oldin bekor qilish taraflarning kelishuvi bilan, bunday kelishuvga erishilmagan taqdirda esa sudning hal qiluv qarori bilan amalga oshiriladi.
Mavzuga oid
13:40 / 09.01.2026
Samarqandda 15 yoshli bola uylangani haqidagi video yuzasidan rasmiy ma’lumot berildi
08:50 / 25.12.2025
Qishloq xo‘jaligi yerlarini ijaraga berish tartibiga o‘zgartirishlar kiritildi
15:15 / 24.12.2025
Uy-joy va yer bo‘yicha yakuniy xulosa chiqarish muddati 3 barobarga qisqarishi mumkin
20:00 / 19.12.2025