Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«Barkamol avlod» respublika ijodiyot markazi qayerda joylashadi?
Xalqimizda ajoyib naql bor: «Nima eksang shuni o‘rasan». Niholni parvarishlab, o‘z vaqtida e'tibor qaratsang, mevasini ham shunga yarasha olasan. Farzandni ham bejizga niholga qiyoslashmaydi. Zero, yurt kelajagi shu farzandlardir.
Tahririyatimizga “Barkamol avlod” respublika badiiy ijodiyot markazi «Zamin» drama to‘garagi a'zolarining ota-onalaridan murojaat kelib tushdi.
Murojaatni o‘rganish maqsadida ijodiy guruhimiz bilan markaz joylashgan Toshkent shahar kasb-hunar ta'limi boshqarmasi Toshkent matbaa-noshirlik kasb-hunar kolleji tomon bordik. Bizni farzandlarini, nabiralarini to‘garakka olib kelgan ota-onalar kutib olishdi. Murojaatning mazmunini bilish maqsadida ular bilan birma-bir suhbatlashdik.
Video: Mover (tas-ix)
Video: Youtube
Farzandini bir necha yillar davomida ushbu markazga olib kelayotgan ota-onalardan biri Aziza G‘afurova bizga quyidagilarni so‘zlab berdi:

– 2014 yildan beri men nevaralarimni shu “Barkamol avlod” markaziga olib kelaman. Biri raqsga, ikkinchisi doiraga qatnashadi. Oldin “Toshkent citi”ni o‘rnida “Barkamol avlod”ning judayam yaxshi binosi bor edi. Birdaniga “Toshkent citi” qurilishi boshlanib, bolalarimiz bir kunda ko‘chirilib, hamma har yoqqa tarqab ketdi. Judayam sarson bo‘ldik. Shundan so‘ng uch-to‘rt oydan keyin shu kollej binosini berishdi. Mana endi-endi joylashib, bolalar o‘rganyotgan vaqtda, kollej qaytib kelarkan. Yana ko‘chir-ko‘chir boshlandi. Lekin qayoqqa – hech kim bilmaydi? Hech qanaqa ma'lumot yo‘q. Bu markazga butun Toshkentdan bolalar kelishadi. Shuning uchun markaz o‘rtada bo‘lishi kerak. Qo‘yliqdan yoki Birlikdan bo‘lishi kerak emas. Hammaga shu yer qulay. Bolalarni o‘ylash kerak. Yosh avlodni hech kim o‘ylamayapti. Na ta'lim vazirligi, na madaniyat vazirligi. Axir bu oddiygina tuman bo‘limi emas-ku, “Barkamol avlod” respublika miqyosida. Bitta shu “Zamin” to‘garagi vakillarining o‘zi nechta davlatga borib kelishgan. Biz shahar markazidan joy berilishini xohlardik.
Shu markazga jiyanini olib keluvchi Mardon Botirov ham o‘z shikoyatini so‘zladi:

– Mening jiyanim anchadan beri shu markazga keladi. Ko‘chish sababli ko‘p bolalarning narsalari yo‘qolib ketgan. Yosh bolalarni ko‘chaga chiqarib yuborishdan foyda yo‘q, oldin joyni tayin qilish kerak. Ota-onalarni yig‘ib, bir joyni ko‘rsatish kerak va shu yerdan ko‘chirilmaydi degan qog‘oz ko‘rsatilishi kerak. Bu yerdan ko‘chirishdan oldin aniq bir joyni tayin qilish kerak. Hozir shuncha bolani ko‘chaga chiqarib bo‘lmaydi.
Ota-onalarni eshitganimizdan so‘ng, ushbu markazga qatnayotgan yosh iqtidorlarni ham tingladik:

– “Zamin” bolalar to‘garagiga qatnashayotganimga 3 yil bo‘ldi. Shu 3 yil davomida 2 marta ko‘chdik. Birinchi kelganimda “Toshkent citi”ning o‘rnida “Barkamol avlod” bo‘lardi. Judayam ko‘rkam edi. Keyinchalik borganimda markazni ko‘chirishibdi. Dastlab bilmadim qayerga ko‘chganligini. Keyinroq qo‘ng‘iroq qilib, shu kollejga ko‘chirganligini aytishdi. Keyinchalik eshitishimcha, ko‘p narsalarimiz yo‘qolib ketibdi. “Zamin” bolalar studiyasi ko‘p joylarga borib, xalqaro san'at musobaqalarida qatnashib kelmoqda. Turkiya, Malayziya davlatlarida bo‘lib o‘tgan musobaqalarda qatnashib, shu davlat qirollarini lol qoldirdik. Lekin afsuski, bizni yana ko‘chirishmoqchi. Agar uzoq joyga ko‘chsak, masalan, meni ota-onam qatnashga qo‘yishmaydi-, deydi 13 yoshli Islombek Alimuhammedov.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Axborot sohasi va ommaviy kommunikatsiyalarni yanada rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoniga asosan markaz joylashgan bino kollejga qaytarilgan. Jumaladan farmonning 6 bandida: “Agentlikka Toshkent shahri, Shayxontohur tumani, H. Rahmatullayev ko‘chasi, 3-uy manzilida joylashgan O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligining «Barkamol avlod» respublika bolalar markazi binosi va inshootlari tutash hududi bilan birgalikda operativ boshqaruv huquqi asosida berilsin va unda Noshirlik-matbaa faoliyati sohasida mutaxassislarni tayyorlash kasb-hunar kolleji joylashtirilsin” deb belgilab qo‘yilgan.
Ma'lumot o‘rnida shuni aytish joizki, markazning «Zamin» drama to‘garagi a'zolari 2019 yil 15-22 yanvar kunlari Tailand davlatida bo‘lib o‘tgan «Tinchlik olmosi» shiori ostida «14-xalqaro ashula va raqs festivali»da ishtirok etib qaytishdi. Mazkur festivalda O‘zbekiston yoshlari o‘z chiqishlari bilan o‘n sakkiz mamlakat orasida Vatanimiz bayrog‘ini yanada yuqori ko‘tarib, sovrinli o‘rinlarni egallashdi. Festivalda «Zamin» drama to‘garagining 14 nafar a'zolari ishtirok etdi va O‘zbekistondan tashrif buyurgan yosh iqtidorlarning eng esda qolarli guruhi deb topildi. Shuningdek festivalda O‘zbekiston yoshlari tomonidan Xorazmcha, Buxorocha, Surxoncha va boshqa milliy raqslardan tashqari, Tailand davlatining raqslarini ham mohirona ijro etib mezbonlar olqishiga sazovor bo‘lishdi.

Festival so‘ngida «Zamin» drama to‘garagi a'zolari 7 ta diplom va 1 ta oltin medalni qo‘lga kiritib kelgusida bo‘ladigan «Tinchlik olmosi» shiori ostidagi ashula va raqs festivalining doimiy a'zosiga aylandi.
Hozirda markazda 43ta to‘garaklar mavjud ekan. Ushbu to‘garaklarning har biriga kamida 30 nafardan ortiq bolalar qatnashishadi. Tikuvchilik va rassomchilik to‘garaklari joylashgan xonalarni ham aylanib chiqdik. O‘qituvchilarning aytishicha, xonalar ota-onalarning shaxsiy mablag‘i hisobiga ta'mirlangan. Bu to‘garaklar a'zolari ham ko‘ch-ko‘chlardan xavotirda.

Shundan so‘ng Xalq Ta'limi vazirligi bilan bog‘landik. Vazirlik matbuot kotibligining ma'lumotiga ko‘ra, Hozirda to‘garaklarning bir qismi Chilonzor tumanidagi “Barkamol avlod” markaziga (“Chilonzor” metro bekati yonida), bir qismi esa Shayxontohur tumanida “Barkamol avlod” markaziga ko‘chirilyapti (“Milliy bog‘” metro bekat yonida). Lekin bu joy ham vaqtinchalik ekan. Ya'ni joy topilgunicha markaz shu joyda joylashadi.
Ota-onalar bolalar yaxshi sharoitda va tayinli joyda san'at sirlarini egallab, hayotda o‘z o‘rnini topishidan umidvorlar. Bolalar ham ko‘chishlardan bezillab qolgan.
O‘ylaymizki ushbu holatga mas'ul tashkilotlar o‘z e'tiborini qaratishadi. Maqsadimiz shu iqtidor egalariga mutasaddilarning e'tiborini qaratish, bolajonlarni qo‘llab-quvvatlashga chaqirishdan iborat. Axir yurtimiz kelajagi - aziz bolajonlarimiz-ku.

Kun.uz voqealar rivojini kuzatishda davom etib, rahbarlardan chiroyli tashabbuslar kutib qoladi.
Rahmatillo Isroilov tayyorladi.
Mavzuga oid
11:48 / 03.06.2023
2023-2024 o‘quv yilidan boshlab har bitta hududda «Barkamol avlod» bolalar maktablari tashkil etiladi
08:56 / 12.08.2022
«Barkamol avlod» maktablari ayrim o‘quvchilariga pul mukofoti beriladi
10:27 / 07.11.2019
«Barkamol avlod» bolalar maktablari xodimlarining oyligi oshiriladi
19:35 / 26.05.2017