Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Saratovdagi ko‘p qavatli uyda gaz portladi. Qurbonlar bor
O‘n qavatli binoning bir qismi qulab tushgan, vayronalar ostida odamlar qolmoqda.
Foto: Saratov oblasti prokuraturasi
Saratov shahrida ko‘p qavatli turar joy binosida maishiy gaz sizib chiqishi oqibatida portlash ro‘y berib, to‘rt kishi halok bo‘ldi. Rossiya FVV ma’lumotiga ko‘ra, qurbonlar orasida bir bola ham bor.
Portlash 25 iyul kuni mahalliy vaqt bilan soat 12:00 atrofida shaharning Lenin rayonidagi Blinova ko‘chasi, 2-uyda sodir bo‘lgan.
Saratov oblasti gubernatori Roman Busarginning ma’lum qilishicha, portlash sababi sifatida gaz sizib chiqishi versiyasi ko‘rib chiqilmoqda.
Portlash o‘chog‘i to‘qqizinchi qavatdagi kvartirada bo‘lgani taxmin qilinmoqda, deb yozadi TASS.
Rossiya Favqulodda vaziyatlar vazirligi xabar berishicha, yettinchi qavatdan o‘ninchi qavatgacha bo‘lgan burchakli kirish yo‘lagi qulab tushgan.
Hodisa oqibatlari aks etgan kadrlarda o‘ninchi qavatdan beshinchi qavatgacha qulash ro‘y bergani aks etgan. Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, pod’yez to‘liq, birinchi qavatga qadar qulab tushgan. TASS ma’lumotiga ko‘ra, 30 dan ortiq xonadonga zarar yetgan bo‘lishi mumkin.
TASS agentligining operativ xizmatlarga tayanib xabar berishicha, bino konstruksiyalari qulashi xavfi mavjud. Gubernator Busargin ham uyning qolgan qismida ham qulash xavfi borligini tasdiqlagan.
Rossiya FVV telegram-kanalida aytilishicha, qutqaruvchilar uyda yashovchilarni evakuatsiya qilmoqda. Ammo vayronalar ostida odamlar qolayotgan bo‘lishi mumkin.
Portlashdan Blinova ko‘chasidagi o‘tkinchilar, qo‘shni bino va hovlida turgan avtomobillar ham jabrlangan.

Voqea joyida 100 dan ortiq qutqaruvchilar, kinologlar va 34 ta texnika ishlamoqda, deya aniqlik kiritdi FVV.
Rossiya Tergov qo‘mitasi xavfsizlik talablariga javob bermaydigan xizmatlarni ko‘rsatish bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atdi.
Saratov oblasti prokuraturasi «ko‘p qavatli uyda gaz-havo aralashmasi portlashi» fakti bo‘yicha tekshiruv tashkil etganini ma’lum qildi.
Mavzuga oid
20:44 / 03.07.2025
Yerosti gaz quvuri sabab xonadon portlab ketdi. Zarar qoplab beriladimi?
12:02 / 11.05.2025
Samarqanddagi uyda gaz portlashi qurbonlari soni oshdi
23:19 / 31.03.2025
Andijonda masjidda gaz portladi. Asosiy ma’lumotlar
13:46 / 31.03.2025