O‘zbekiston | 17:46 / 11.10.2021
13833
2 daqiqa o‘qiladi

Bayram kunlari yakshanbaga to‘g‘ri kelsa, ertasi kuni ham dam olish kuni bo‘ladi - qonun loyihasi

Mehnat kodeksiga kiritilishi kutilayotgan o‘zgarishga asosan, bayram kunlari yakshanbaga to‘g‘ri kelsa, dushanba kuni dam olish kuniga qo‘shib beriladi.

Foto: Shutterstock

Bugun, 11 oktabr kuni O‘zLiDePning Oliy Majlis Qonunchilik fraksiyasi “O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ma'qulladi.

Quyi palata axborotiga ko‘ra, yangi kodeksda dam olish kuni ishlanmaydigan bayram kuniga to‘g‘ri kelgan taqdirda, dam olish kuni bayramdan keyingi kunga ko‘chirilishi belgilanyapti.

Bu degani qonunchilikda belgilangan bayram kunlari agar yakshanba kuniga to‘g‘ri kelsa, unda dushanba kuni dam olish kuniga qo‘shib beriladi.

Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, O‘zbekistonda yilning 9 kuni ishlanmaydigan bayram kuni deb belgilangan. Bular quyidagilar: 1 yanvar – Yangi yil, 8 mart – Xotin-qizlar kuni, 21 mart – Navro‘z bayrami, 9 may – Xotira va qadrlash kuni, 1 sentabr – Mustaqillik kuni, 1 oktabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni, 8 dekabr – Konstitutsiya kuni, shuningdek, Ramazon va Qurbon hayit bayramlarining birinchi kunlari.

Yangi tahrirdagi Mehnat kodeksi hozirda loyiha ko‘rinishida bo‘lib, qonuniy kuchga emas. Loyiha Qonunchilik palatasi yalpi majlisida qabul qilinib, Senat tomonidan ma'qullanib, prezident tomonidan imzolangach, belgilangan muddatda kuchga kiradi.

Mavzuga oid