O‘zbekiston | 20:01 / 26.05.2021
65427
17 daqiqa o‘qiladi

Qonun himoyachilari qonunni buzganda... yoxud "Surish kerak" trendining sabablari haqida

Kun.uz huquq-tartibot organlarining qonunlardan chekinishi, haqsiz ravishda ayniqsa faol fuqarolarga nisbatan zulm o‘tkazishi mavzusida suhbat uyushtirdi.

Huquqni muhofaza qiluvchi idoralarning o‘zlari huquqingizni buzganda, dunyoqarashingizda jiddiy va shiddatli siljish sodir bo‘ladi. Ichki tizimingiz chalkash-chulkash bo‘lib ketadi desa ham bo‘ladi. Bunday o‘zgarishni majoz bilan tasvirlaydigan bo‘lsak, buni bir zamonlar sodir bo‘lgan, butunboshli qit'alar siljishiga – shiddatli tektonik harakatlarga o‘xshatsa bo‘ladi.

«Nega?» degan savol ichingizda ulkan, keng yelkali tog‘dek qad rostlaydi shunda. Mana shu «nega»ning zamirida bir dunyo ma'no bor.

«Huquq-tartibot idoralari: ichki ishlar, davlat xavfsizlik xizmati va boshqalar – avvalo shular emasmidi qonunni hurmat qilishi kerak bo‘lgan, «qonun» so‘zining ulkan ahamiyatini hammadan yaxshiroq tushunishi kerak bo‘lganlar?» Bu savollar aqlingizning yoqasidan oladi.

Shunda, aqlingiz qalbingizga nimadir javob berishga urinadi, biroq... dodingizni Xudodan boshqaga aytolmasligingizni, shikoyat qilsangiz shikoyatingiz baribir o‘sha qonunbuzarga qaytib kelishini bilib, jim qolasiz.

Shunda, nochor ahvolda qolgan vujudingiz, o‘zingiz bilmagan holda... bunga ko‘nika boshlaydi! Va eng mudhishi aynan shu – bunga ko‘nikib qolish! Chunki bunda sizning «davlat» tushunchasiga bo‘lgan qarashlaringizda siljish sodir bo‘lgan bo‘ladi, zero huquq-tartibot idoralari bu – davlatning ajralmas qismi, uning qo‘li, ko‘zi, oyog‘i.

Ko‘nikib qolishni nega eng mudhish holat deb baholadik? Chunki siz bunda ishonchsizlikka ko‘nikayotgan bo‘lasiz. Bunga ko‘nikkandan keyin siz faol, qalbi jo‘shib turadigan, yuzidan nur yog‘adigan bunyodkorlar jamiyati a'zosi emassiz, balki jamiyat ishlaridan o‘zini chetga olib qochadigan, imkon topib boshqa – «jamiyat» desa bo‘ladigan yurtlarga ketishni istaydigan kishiga aylanasiz.

Darvoqe, AQShga grin-karta bo‘yicha ketishni istovchilar soni bo‘yicha O‘zbekiston 5-o‘rinda ekan.

Bir savolga javob beraylik: huquq-tartibot idorasi xodimi uchun qachon qonun eng katta prioritetga, «otasi-yu onasiga» aylanadi, tepasidagi boshlig‘ining buyrug‘i emas, aynan qonun uning ongida ustuvorlikka ega bo‘ladi?

Zero aynan shundagina huquq-tartibot idorasi xodimi haqiqiy ma'noda huquq-tartibot idorasi xodimiga aylanadi, boshlig‘i qonunbuzarlikka chaqirganda ham o‘zini, o‘zligini yo‘qotmaydi.

O‘zaro ishonch muhiti hukm surgan muhitdagina ijobiy o‘zgarishlar sodir bo‘ladi va alaloqibat omma haqiqiy jamiyatga aylanadi, ulkan natijalarga erishiladi. Kim bizga bunday jamiyatga aylanishga xalaqit qilyapti va... huquq-tartibot idoralarida islohotlar nega buncha sekin amalga oshyapti?

Kun.uz shu mavzuda blogerlar Jamoliddin Muhammadjon, Musannif Adham, Muhammad Shakur, Bobir Ismoilov va Sardor Salim bilan suhbat uyushtirdi. Bugun suhbatning 1-qismini e'tiboringizga havola etamiz.

Quyida ko‘rsatuvdan ayrim parchalar matn shaklida taqdim etiladi, suhbatni to‘liq holda videoko‘rsatuvda tomosha qilishingiz mumkin.

Jamoliddin Muhammadjon: «Agar men ham qolganlar qatori jim turganimda, balki bu amaliyot yoyilib ketgan bo‘lardi»

— [2019 yilda, Toshkentdagi «Malika» savdo majmuasida o‘tkazilgan «soqol reydi» bo‘yicha] o‘shanda berilgan rasmiy bayonotda jami 138 kishi deb aytilgan. O‘sha 138 kishi orasida mendan tashqari hech biri bunga munosabat bildirmagandi. Dastlab e'lon qilingan rasmiy bayonotda esa hech kimning soqoli majburan oldirilmagani aytilgan, bu esa haqiqiy voqeaga umuman zid edi.

Ikkinchidan, o‘sha vaziyatda men ham 138 kishiga qo‘shilib sukut saqlaganimda, balki bu kabi reydlar bugungi kunda bundan ham kengayib ketishi mumkin edi. Shuning uchun biror vaziyatga tushganda odam faqat o‘zini o‘ylamasligi kerak. «Agar hozir men harakat qilsam, nimagadir qarshilik qila olaman, nimanidir to‘xtataman», degan nuqtayi nazardan fikrlash kerak.

Natija ham shunga yarasha bo‘ldi. Juda katta sa'y-harakat qilmagan bo‘lsam-da, jim turmaganimning o‘zi natija bo‘lishi uchun yetarli bo‘ldi. Ana shu natijadan o‘zim mamnunman.

Musannif Adham: «Baribir foydasi yo‘q, eng yengili shu – 15 sutka» deyishgan»

— Uyingizga tintuv o‘tkazish uchun kelishsa, barchaga ma'lum muayyan qoidalarga amal qilish kerak. Uyni tintuv qilishga order bor-yo‘qligini so‘rashingiz, boshqa huquqlaringizni talab qilishingiz kerak. Men bilan ro‘y bergan holatda men ham shunday yo‘l tutganman.

Huquq-tartibot idoralari bilan ilk to‘qnashuvim uch yil oldin, [maktab o‘quvchilariga dars vaqtida bosh kiyimda bo‘lishni taqiqlovchi] 666-sonli qarorni tanqid qilganimda bo‘lgan. Tintuv o‘tkazish uchun uyga kelishgan. «Uyingizda qidiruvdagi odamni yashirayotgan ekansiz, shunaqa xabar keldi», degan.

Order so‘raganman. Qaysidir prokuror qo‘l qo‘ygan sanksiyani ko‘rsatishgan. Sizlar odam qidirgani keldilaringmi, deb ikki marta so‘radim, ha deyishgan, uyga kirgizdim. Kirgach, birinchi qilgan ishlari – telefon, kompyuter, kitoblarni yig‘ishtirib olishdi.

Qo‘llanmalarda yozilganidek ish tutdim, ularning bunday xatti-harakatlar uchun ruxsatlari bor-yo‘qligini so‘radim. O‘tirib, bayonnoma yozishdi. Bayonnomaning tagida: «Bitta nusxasini oldim» deb yozilgan, men shuni tasdiqlab qo‘l qo‘yishim kerak. Qo‘l qo‘yishdan oldin so‘radim:«Nusxasini berasizlarmi?» «Ha, hozir ko‘chaga chiqib, kserokopiya qilib, beramiz», deyishdi.

«Pasportingizni olib oling, IIBga borib, narsalaringizni tekshiramiz va hech narsa chiqmasa, qaytarib berib yuboramiz», deyishdi. Tabiiyki, ular qidiruvdagi shaxsni qidirayotganlari eslaridan chiqib ketdi. Men bu yerda nima bo‘layotganini, gap nima haqida ketayotganini tushundim.

Asl mavzu (666-sonli qarorni tanqid qilganim) yo‘lga chiqqanimizdan keyin ochildi. «Nima uchun kelganimizni bilasiz...» deyishdi yo‘l davomida. Borganimdan keyin menga advokat berishlari kerakligi, ungacha hech narsa gapirmaslik huquqim borligini aytdim. Kulishdi. Advokat berilishi, advokat ishtirokida so‘roq qilinishi qonunda yozib qo‘yilgan. Ular: «Bu tergov emas, tergovgacha bo‘lgan jarayonda advokat kerak emas», deyishdi.

O‘sha yerda rasmga olishdi, qanaqadir «delo»lar ochishdi, bosim bilan suhbatlar bo‘ldi. Hech kim urmagan bo‘lsa-da, so‘kinish, haqoratlar – bular hammasi bo‘ldi. U haqoratlar – men eshitmagan haqoratlar. Og‘ziga kelganini gapiradi...

3-4 soatdan keyin olib borib sud qilishdi va 15 sutka berishdi. Sababi – Ma'muriy kodeksning 195-moddasi, ya'ni ichki ishlar organi xodimiga qarshilik ko‘rsatish. Holbuki, men hech qanday qarshilik ko‘rsatmadim. Uyimning eshigini taqillatib kelishdi, nega keldilaring dedim, order ko‘rsatgach, mana, kiringlar, dedim. Bu yerda men tomonimdan ularga hech qanday qarshilik bo‘lgani yo‘q.

«Aybimga iqrorman, ichki ishlar xodimiga qarshilik ko‘rsatdim», deb tushuntirish xati yozishga ham majburlashdi. Qarshilik bildirganimda esa: «Shunaqa yozaver, baribir foydasi yo‘q, eng yengili shu, 15 sutka olasan, o‘tirib-chiqasan» deyishdi. Oxiri yozganman. Sudya aybingizga iqrormisiz, dedi, men ha deyishim kerak ekan, shunday dedim. Sudya 10 sutka deb chiqib ketdi, keyin esa xullas 15 sutka qilishdi.

Xo‘p, nima qilish kerak? O‘z boshimdan o‘tkazgan inson sifatida aytishim mumkinki, shunaqa vaziyatga tushgan odam huquqini talab qilishda davom etaverishi kerak. Keyingi gal «Aybimga iqrorman» deb yozmaslik kerak... Qaysidir nuqtagacha qoidalarga binoan ish tutdim, qaysidir joyga borib qoidadan chekindim. Baribir chekinmaslik kerak. Bir menda bo‘lar, keyin ikkinchi, keyin uchinchi odamda shunday bo‘lar, lekin ko‘pchilik shunday noqonuniy xatti-harakatlarga qarshi chiqavergach, qoida bo‘yicha ish ko‘rilishini talab qilavergach, bu narsa oxir-oqibat organdagilarga ham yetib boradi.

Sardor Salim: «Blogerlar bilan terrorizmga qarshi bo‘lim shug‘ullanadi. Blogerlik terrorizm bilan tenglashtirilyaptimi?»

— Velosipedni qaytadan ixtiro qilib o‘tirish shart emas. Konstitutsiya shuning uchun ham yoziladi: millionta odam, millionta fikr, biroq hamma birgalikda, hamjihat yashashi kerak. Hammasi har xil individlar. Faqat konstitutsiyaga, qonunchilikka amal qilib. Bo‘ldi.

Qonunchilikda falon narsa man qilinmadimi, demak u mumkin deb hisoblanadi. «Asal yeyish mumkin emas», deyildimi, demak mumkin emas. Shu yagona cheklov.

Bizning huquq-tartibot organlari, xususan DXXning «profilaktik suhbat» degan amaliyoti bor. Bu – yangi amaliyot emas, eski sovet davridan, KGB davridan davom etib kelayotgan amaliyot. Ya'ni nimadandir norozi insonlar bilan «suhbat o‘tkazish» amaliyoti.

Bu amaliyot Stalin o‘lgandan keyin, «ottepel» paytida paydo bo‘ldi. Chunki KGB qaradiki, hammani qatag‘on qilib bo‘lmas ekan. Jamiyat buni qabul qilmayapti. Demak, norozi inson bilan alohida ishlash kerak.

KGB «norozilar»ni chaqirar, «O‘rtoq, sen partiya aytgan narsadan chetga chiqib ketyapsan, bizlar senga xayrixoh insonlar sifatida to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatyapmiz, mana senga rasmiy ogohlantirish, tuzalmasang, ishing sudga ketadi». Bu amaliyot hozirgacha bor, eski tuzumdan qolib ketgan. Karimov davrida ham bor edi, hozir ham bor.

Siz nima qilish kerak deyapsiz. Jamiyatga qandaydir faol sifatida jamoat hayotida qatnashmoqchi bo‘lsangiz, albatta advokatingiz bo‘lishi kerak. Masalan, hozir sizga telefon qiladi kimdir, otini aytmaydi: «Falonchiman, falon joyga kelib keting», deydi.

«Povestka» (chaqiruv qog‘ozi) bo‘lmasa, bormaslikka qonunan haqlisiz. «Povestka yubor, keyin boraman», desangiz, bu ham bo‘ladi. Lekin bizdagi ko‘plab faollar, shaxsan o‘zim ham juda unchalik darajaga olib borishni istamaymiz. Odatda «ROVD»ga chaqirishadi. «ROVD»da boshqa idoradan odam bo‘ladi, DXXdan bo‘ladi odatda.

Shu yerda bir e'tiborli jihat: blogerlar bilan terrorizmga qarshi bo‘lim shug‘ullanadi. Blogerlik jamiyatda terrorizm bilan tenglashtirilyaptimi?

O‘z tajribamdan kelib chiqib aytaman, menga qilingan asosiy ta'na – «Siz blogerlar xalqni noto‘g‘ri yo‘lga chorlayapsizlar, ertaga xalq ko‘tarilib ketishi mumkin», deydi. Savol tug‘iladi: qanday qilib bir hovuch odam feysbukda o‘tirib, xalqni g‘alayonga chorlashi mumkin? Hech qanday ma'muriy yoki boshqa resurssiz? Buni xalqqa nisbatan hurmatsizlik deb hisoblayman.

[...] Paskal aytgan ekan, «Fransiyadan 300 nafar eng oldi ziyoli ketsa, bu Fransiya ahmoqlar mamlakatiga aylanib qoladi». Bizda 300 nafar emas, 30 000 nafari ketganov kamida...

Muhammad Shakur: «Inson qo‘rquv muhitidan ketishni istaydi»

— Nazarimda, bu yerda munosabatni o‘zgartirish kerak. Insonga nisbatan munosabatni. Inson qadriga nisbatan munosabatni. Shunda demokratiyaning ahamiyatini tushuntirish ham oson bo‘ladi.

Bizda inson qadri tushib ketgani uchun biz tushuna olmayapmiz. Yaxshi natijalarga erishgan mamlakatlar, hayotiy tartibini birmuncha yaxshilab olgan, inson huquqlari ma'lum miqdorda ro‘yobga chiqqan mamlakatlar bor. Agar e'tibor bersangiz, u yerda inson qadriga munosabat boshqacha.

Suhbatimizning ruhiyatiga e'tibor beradigan bo‘lsak, kuchishlatar tizimlarimiz go‘yo Mars sayyorasdan kelgandek. Aslida bu noto‘g‘ri. Bular o‘zimizning tashkilot-ku, o‘zimizning soliqlarimiz evaziga faoliyat yuritadi, o‘zimizning millatimiz vakillari.

Mana shu haqda ko‘proq o‘ylash kerak-da: nega bunday bo‘lib qoldi?

Sardor KGB haqida gapirdi. KGB bu – sovet ittifoqida bo‘lgan tashkilot. Bu tashkilot o‘sha tuzumga kerak edi. O‘sha tuzumning tarkibiy qismi edi. O‘sha tuzum uchun, qaysidir ma'noda, foyda ham keltirdi. Endi savol tug‘iladi, qanday qilib foyda keltirdi u tuzumga? Shunga bir nazar tashlasak.

Bu tashkilotga ma'lum vazifa yuklatilgan edi – ommani ma'lum chiziq ichida saqlab turish. Bu uchun ommani qo‘rquv ostida saqlab turish kerak bo‘ldi. Nega kerak edi ommani qo‘rquv ostida saqlash? Gap shundaki, odamlarga bir qancha erkinliklar berilmagan edi. Misol uchun, o‘sha din erkinligi. Deylik, diningizni o‘rganmoqchi bo‘lsangiz, kitoblar yo‘q edi. Davlat ishida ishlab, namoz o‘qisangiz, KGB olib ketardi. Haq-huquqlar ta'minlanmagani uchun ommani qo‘rquv ostida saqlash ehtiyojga aylangan edi – omma ichida norozilik paydo bo‘lishi aniq edi.

KGB o‘sha tuzumga foyda berdi, natija berdi, nega? Chunki SSSR yopiq mamlakat edi: chegaralari yopiq edi, axborot uchun cheklovlar qo‘yilgan edi, ko‘chib ketish imkoniyati deyarli yo‘q edi. Shu uchun qo‘rquv muhiti foyda berar edi.

Endi, ochiq mamlakatda bu narsa foyda beradimi, yo‘qmi, degan savol tug‘iladi.

Biz ochiq mamlakatmiz, chegaralar ochiq, informatsiya kirib-chiqib yotibdi. Bunaqa sharoitda qo‘rquv muhiti qanday natija beradi? Shu savolga javob beraylik.

Avvalo, inson qo‘rquv bilan yashashni istamaydi. Qo‘rquvsiz yashash inson uchun – bazaviy ehtiyoj. Shu uchun qo‘rquv muhitidan, har qanday lahzada qonunsiz uyingdan olib ketilishing mumkin bo‘lgan muhitdan odamlar imkon qadar boshqa – tinchroq joyga ko‘chishga harakat qilishadi.

Endi savol tug‘iladi: kim ko‘chadi? Javob: avvalo o‘z kasbini yaxshi egallagan insonlar chiqib ketadi. Chunki chet elda bunday insonlarga talab katta. Ikkinchidan, faol insonlar chiqib ketadi, zero faol insonlarning tabiatan ambitsiyalari katta bo‘ladi, katta-katta orzular qiladi. Bunday muhitda ular o‘zini yaxshi his qilmaydi, chiqib ketadi.

Ya'ni mamlakat o‘zining yaxshi kasb egalari, ziyolilari, olimlari, faol insonlar – tadbirkorlar, orzusi ko‘kka yetib boradigan insonlaridan ayriladi. Bu narsa bizda 25 yildan beri davom etyapti.

[...] Ikkinchidan, qo‘rquv muhiti iqtidorlarni so‘ndiradi. Chunki iqtidorli odamga erkinlik kerak. Iqtidor (talant) shunday narsaki, u erkinlik muhitida unib, o‘sib, ko‘karadi.

Qo‘rquv muhiti qayerdan paydo bo‘ladi? Agarki qonunlarga hamma amal qilmasa, qo‘rquv muhiti paydo bo‘ladi. Hamma birdek amal qilmasa. Deylik hamma amal qilyapti, ammo kimdir, qaysidir idora amal qilmayapti. O‘shanda inson ertangi kunini bashorat qilolmay qoladi. Ya'ni qonun himoyachilari qonunga amal qilmasa, inson ertaga qaysi harakati uchun ta'qibga uchrashini bashorat qila olmaydi.

Suhbatni Bobur Akmalov olib bordi.

Ko‘rsatuvning 2-qismi tez orada e'lon qilinadi.

Mavzuga oid