Jahon | 17:26 / 20.09.2025
3389
2 daqiqa o‘qiladi

Tramp Si Jinping bilan Janubiy Koreyada uchrashishini ma’lum qildi

AQSh prezidenti Donald Tramp va Xitoy rahbari Si Jinping telefon suhbatida bo‘lajak uchrashuvlar, savdo-sotiq, fentanilga qarshi kurash va TikTok kelishuvini tasdiqlashni muhokama qildi.

Foto: REUTERS

AQSh prezidenti Donald Tramp 31 oktyabrdan 1 noyabrgacha Janubiy Koreyada bo‘lib o‘tadigan Osiyo-Tinch okeani iqtisodiy hamkorligi sammitida XXR raisi Si Jinping bilan uchrashishini ma’lum qildi. Oq uy rahbari 19 sentabr, juma kuni Si Jinping bilan suhbatdan so‘ng Truth Social ijtimoiy media platformasida tegishli xabarni joylashtirdi.

«Biz ko‘plab juda muhim masalalarda, jumladan, savdo, fentanil, Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urushni tugatish zarurati hamda TikTok bitimini ma’qullash bo‘yicha muvaffaqiyatga erishdik», — deb yozgan Tramp.

U, shuningdek, Si bilan 2026 yil boshida Xitoyga tashrif buyurishga kelishib olganini aytdi. Si, o‘z navbatida, AQShga keladi, dedi Tramp. Sanalar keyinroq aniqlashtiriladi. «TikTok kelishuvi ma’qullangani uchun minnatdormiz va ikkalamiz ham sizni APEC sammitida ko‘rishni orziqib kutyapmiz!» - deya qo‘shimcha qildi Amerika rahbari.

Mavzuga oid