Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
“Kichik sanoat zonalarining yaratilishi har jihatdan foydali” - Adhamjon Mo‘ydinov
“O‘zcharmsanoat” uyushmasi rais o‘rinbosari Adhamjon Mo‘ydinov Kun.uz bilan suhbatda O‘zbekistonda charm sanoati mahsulotlari ishlab chiqarishda yangi tashkil etilayotgan kichik sanoat zonalarining ahamiyati haqida gapirib berdi.
Xorijliklarda “Made in Uzbekistan” yorlig‘i ostidagi mahsulotlarga qiziqish oshyapti
“Charm-sanoati sohasida yaratilgan imkoniyatlar bu yo‘nalishni mamlakatdagi drayver sohalardan biriga aylantirish uchun asos bo‘la oladi. Bu imkoniyatlar o‘z o‘rnida katta mas’uliyat va vazifalarniyam yuklaydi. 2017-2021 yillarda charmdan tayyorlangan mahsulotlar ishlab chiqarish hajmi deyarli 6 barobarga oshdi. Shu davrda 632 mln dollarlik investitsion loyihalar amalga oshirildi. 300 dan ortiq yangi korxonalar ishga tushirildi. 2021 yil yakuniga ko‘ra, 421 mln dollarlik charm mahsulotlari eksport qilindi. 2022 yil yakunida bu ko‘rsatkichni 500 mln dollarga yetkazish rejalashtirilgan.
Eksport hajmini yanada oshirish maqsadida sohadagi imkoniyatlar, jozibali takliflar bilan xorijlik hamkorlar bilan ishlar olib boriladi.

Joriy yil davomida ham 12 ta xalqaro nufuzli ko‘rgazmalarda o‘zbek charm sanoatidagi 100 dan ortiq korxonalar o‘z mahsulotlari bilan ishtirok etishdi. Bu bilan 60 mln dollarga yaqin eksport shartnomalari imzolangan. Bu O‘zbekistonda tayyorlanayotgan charm mahsulotlarining dunyo bozorida o‘z o‘rnini topayotganini bildiradi.
Davlat rahbarining shu yo‘nalishda imzolangan qarorlari bilan O‘zbekistonda ham shunday ko‘rgazmalarni tashkil etish vazifasi yuklatilgan. Doimiy ravishda o‘tkazib kelinayotgan O‘zcharmekspo ko‘rgazmasi bu yil 12-marta o‘tkazildi. Unda 100 dan ortiq korxonalar 4000 dan ortiq turdagi o‘z mahsulotlarini namoyish etishdi. Ko‘rgazmada MDH davlatlaridan va Yevropa mamlakatlaridan yirik kompaniyalari vakillari, tadbirkorlar ishtirok etib, Made in Uzbekistan yorlig‘i ostidagi mahsulotlarga qiziqish bildirishdi. Birgina shu ko‘rgazmaning o‘zida 50 mln dollar atrofida eksport shartnomalari, 25 mln dollar atrofida investitsion hamkorlik shartnomalari imzolandi.
13-14 oktyabr kunlari O‘zcharmekspo 13-xalqaro ko‘rgazmasini o‘tkazishga tayyorgarlik ishlarini boshlaganmiz. Bu ko‘rgazma dunyoning yirik kompaniyalari bilan hamkorlik uchun savdo maydonchasi bo‘lishi kutilyapti”,- deydi rais o‘rinbosari.
Adhamjon Mo‘ydinov ta’kidlashicha, Vazirlar Mahkamasining “Charm-poyabzal va mo‘yna mahsulotlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan kichik sanoat zonalarini tashkil etish to‘g‘risida”gi Qarori “O‘zcharmsanoat” uyushmasiga respublikaning 16 ta hududida kichik sanoat zonalarini tashkil etish vazifasi yuklatildi. Bunga 2022-2023 yillarda davlat budjetidan 90 mlrd so‘m mablag‘ ajratildi. Tizimdagi bo‘shliqlarni to‘ldirish, ya’ni ayollar va bolalar poyabzallari kabi mahsulotlarni ishlab chiqarish uchun alohida imtiyozlar ajratildi.

Sanoat zonalari uchun yer ochiq auksionda sotiladi
“Eksport ulushi 80 foizdan oshadigan korxonalarga ijtimoiy soliqlardan yengilliklar berildi. Bu imtiyozlar tadbirkorlarda yangi sanoat zonalarida amalga oshiriladigan loyihalarga qiziqishni oshirdi.
Qarorda kichik sanoat zonalari uchun beriladigan yer maydonlarini olishda shaffoflikni ta’minlash uchun ochiq auksion savdoda olinishi belgilab berildi.
Mazkur qarorda ikki jihatga e’tibor qaratish kerak:
- Terini qayta ishlashga ixtisoslashgan sanoat zonalari;
- Yuqori qo‘shilgan qiymatli tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan sanoat zonalarini tashkil etishga mo‘ljallangan sanoat zonalari tashkil etish ko‘zda tutilgan”.
Bu ekologik xavfsizlikni ta’minlaydi
“Bugun respublikamizda 30 dan ortiq terini qayta ishlashga ixtisoslashgan sanoat korxonalari faoliyat yuritayotgan bo‘lsa, yangi dastur asosida 20 dan ortiq to‘liq modernizatsiya qilinib, Turkiya, Italiya kabi davlatlardan keltirilgan jihozlar bilan ta’minlandi. Bunday zonalarning tashkil etilishidan maqsad ishlab chiqariladigan mahsulotlar – poyabzal, charm attorlik, charm kiyimlar ulushini ko‘paytirish edi. Bu esa tayyorlanadigan buyumlar uchun sifatli xomashyo yetkazib berilishini ta’minlaydi.
Kichik sanoat zonalarida terini qayta ishlashga ixtisoslashgan korxonalar bir joyda jamlanadi. Natijada tozalash inshootlari ham markazlashtirilgan tartibda quriladi va zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlanadi. Bu ekologiyani asrashda katta ahamiyatga ega.
Xorij tajribasiga ko‘ra, korxonalarning klaster usulida bir joyda joriy etilishi rivojlanish bosqichlarini tezlashtiradi. Bunday sanoat zonalarini yaratish eksport imkoniyatlaridan keng foydalanishga zamin yaratadi”.
Shuningdek, “O‘zcharmsanoat” uyushmasi rais o‘rinbosarining qayd etishicha, loyihalarning barchasi investitsion imkoniyatlarni kengaytirish, ayollar va bolalar charm poyabzallarini ishlab chiqarishni ko‘paytirishga qaratiladi. Hozirda kichik sanoat zonalarini tashkil etishda takliflarni to‘plaganimizda 230 dan ortiq tadbirkorlar yangi loyihalar bo‘yicha takliflar berishdi. Bu loyihalarning qiymati 325 mln dollarni tashkil qiladi. Bu loyihalar amalga oshirilsa, sohada 11 mln ish o‘rinlari yaratilishi ko‘zda tutilgan.
Gulmira Toshniyozova suhbatlashdi.
Tasvirchi - Abdusalim Abduvohidov.