O‘zbekiston | 12:58 / 30.06.2024
16581
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistondagi ommaviy tadbirlarda oziq-ovqat, buyumlarni bepul tarqatish taqiqlandi

Shuningdek, ommaviy tadbirlarda odamlarni oziq-ovqat va boshqa mahsulotlar, tovar moddiy boyliklarni haddan tashqari arzon narxda sotish orqali jalb qilish ham taqiqlangan.

Foto: Videodan kadr

O‘zbekistonda o‘tkaziladigan ommaviy tadbirlarda oziq-ovqat, buyumlar hamda boshqa mahsulotlar va tovar moddiy boyliklarni bepul tarqatish yoki haddan tashqari arzon narxda sotish orqali jalb qilish taqiqlandi. Bu haqda 2024 yil 29 iyundan kuchga kirgan Vazirlar mahkamasining qarorida belgilab qo‘yilgan.

O‘zbekistonda o‘tkaziladigan ommaviy tadbirlarga fuqarolarni reklama, aksiya va boshqa maqsadlarda oziq-ovqat, buyumlar hamda boshqa mahsulot va tovar-moddiy boyliklarni bepul tarqatish yoki haddan tashqari arzonlashtirilgan narxda sotish orqali jalb qilish taqiqlandi.

Bu haqda «Ommaviy tadbirlarni o‘tkazishda fuqarolar xavfsizligini ta’minlash va jamoat tartibini saqlash bo‘yicha talablarni kuchaytirish to‘g‘risida»gi hukumat qarorida belgilandi. Mazkur qaror 2024 yil 29 iyun kunidan kuchga kirdi.

Qarorga ko‘ra, Milliy gvradiya va IIV tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda ushbu qarorda belginayotgan talabga ommaviy tadbir tashkilotchilari va ommaviy tadbirni o‘tkazish obekti ma’muriyati tomonidan so‘zsiz rioya qilinishi ustidan nazoratni kuchaytiradi.

IIV va Milliy gvardiya bir oy muddatda o‘zlari qabul qilgan idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni mazkur qarorga moslashtiradi. Qaror ijrosini ta’minlash Ichki ishlar vaziri va Milliy gvardiya qo‘mondoni xzimmasiga yuklatilmoqda.

Ommaviy tadbirlarni o‘tkazish qoidalari buzilishiga yo‘l qo‘ygan tashkilotchilar va uni o‘tkazgan obekti ma’muriyati MJtKda belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladi.

Eslatib o‘tamiz, may oyida 1 iyun – Xalqaro bolalar kuni munosabati bilan Toshkentdagi «Ashxobod» bog‘ida 20 minta o‘yinchoq va muzqaymoq tekinga tarqatilishi haqida e’lon berilgandi. E’lon tufayli 1 iyun kuni Ashxobod bog‘iga juda ko‘p odam kelgan va unga kirib chiqish yo‘llari va atrofdagi ko‘chalarda tirbandliklar yuzaga kelgandi. O‘sha kuni Huquqni muhofaza qiluvchi idoralarning sa’y-harakati bilan bu tirbandliklar bartaraf etilib, fuqarolar tinch tarqatilgan.

Shundan so‘ng holat yuzasidan bog‘ direktori A.N., direktor o‘rinbosari A.Z., reklama bo‘limi boshlig‘i D.T.ga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan. Jinoyat ishlari bo‘yicha Yashnobod tumani sudi tomonidan ushbu fuqarolarga 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangandi.

Mavzuga oid