O‘zbekiston | 11:46 / 02.06.2015
8107
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda qonunga xilof ravishda muomalada bo‘lgan giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning miqdorlari tasdiqlandi

2015 yil 26 may kuni Narkotik moddalar ustidan nazorat qilish bo‘yicha Davlat komissiyasi tomonidan “Qonunga xilof ravishda muomalada bo‘lgan giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning miqdorlarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qaror qabul qilingandi.

Qarorga ko‘ra, giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning noqonuniy aylanishiga qarshi kurash choralarini yanada kuchaytirish maqsadida qonunga xilof ravishda muomalada bo‘lgan giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning miqdorlari ilovaga muvofiq tasdiqlandi.

Shuningdek, Narkotik moddalar ustidan nazorat qilish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Davlat komissiyasining 2010 yil 6 apreldagi 10/10-sonli «Qonunga xilof ravishda saqlanganligi yoki muomalada bo‘lganligi aniqlangan giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarning miqdorini ko‘p bo‘lmagan, ozginadan ko‘proq va ko‘p miqdorga mansubligining ro‘yxatini tasdiqlash to‘g‘risida»gi qarori o‘z kuchini yo‘qotgan deb topildi.

Ilovadagi ro‘yxat asosida O‘zbekiston Respublikasida muomalada bo‘lishi taqiqlangan va cheklangan 302 ta turdagi giyohvandlik vositalarining ro‘yxati hamda ularning ko‘p bo‘lmagan, ozginadan ko‘proq hamda ko‘p miqdorlari tasdiqlandi.

Ro‘yxatga e'tibor bersak, ko‘pchilik uchun tanish bo‘lgan giyohvandlik vositalaridan geroinning ko‘p bo‘lmagan miqdori 0,001 gramm, ozginadan ko‘proq miqdori 0,001-0,005 gramm hamda 0,005 grammdan yuqori bo‘lgan miqdor esa ko‘p miqdor sifatida belgilandi. Ko‘knori xashagi 5 gramm (ko‘p bo‘lmagan), 5,0-50,0 gramm (ozginadan ko‘proq miqdori), 50,0 grammdan yuqori (ko‘p miqdor) sifatida belgilangan. Kokain butasi uchun esa 20,0 gramm (ko‘p bo‘lmagan), 20,0-250,0 gramm (ozginadan ko‘proq miqdori), 250,0 grammdan yuqori (ko‘p miqdor) sifatida belgilab berilgan.

Izoh: Qonunga xilof ravishda muomalada bo‘lgan giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning «ko‘p bo‘lmagan» miqdordan kam miqdorlari O‘zbekiston Respublikasining Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksida nazarda tutilgan «oz miqdor» deb hisoblanadi.

Giyohvandlik vositalari materiallarga (tampon, doka, bint va boshqalarga) shimdirilgan ko‘rinishda bo‘lsa, materialdagi giyohvandlik vositasi yoki psixotrop moddaning ekstraksiyasi amalga oshiriladi hamda uning miqdori quruq qoldig‘iga ko‘ra aniqlanadi.

Zamburug‘larning mevali tanasining miqdori u doimiy og‘irlikkacha quritilgandan so‘ng aniqlanadi.