Jamiyat | 08:52 / 25.07.2021
53608
3 daqiqa o‘qiladi

Urgutdagi janjalning yana bir ishtirokchisi aniqlandi. Uni Rossiyadan keltirish choralari ko‘rilmoqda

2021 yil 21 iyul kuni Urgut tumanida yashovchi Sh.Sh. Telegram’dagi guruhda, tumanning G‘o‘s qishlog‘ida yashovchi fuqarolarni haqoratlagani ortidan mojaro kelib chiqqan. Shundan so‘ng G‘o‘s qishlog‘i aholisi Sh.Sh.ni «samosud» qilish uchun avval uning uyiga, so‘ng hokimiyatga borgandi. Aniqlanishicha, mazkur janjalning kelib chiqishiga G‘o‘s qishlog‘ida yashovchi shaxs ham sabab bo‘lgan. Uning Telegram’dagi guruhda Sh.Sh. bilan gap talashib so‘kingani mojaro avj olishiga olib kelgan.

Hodisa yuzasidan olib borilayotgan surishtiruv harakatlari davomida aniqlanishicha, Urgut tumani G‘o‘s qishlog‘ida yashovchi, 1990 yilda tug‘ilgan I.B. Telegram ijtimoiy tarmog‘idagi guruhda fuqaro Sh.Sh. bilan gap talashib, uni nojo‘ya so‘zlar bilan haqorat qilgan. Shundan so‘ng o‘rtada ziddiyat paydo bo‘lgan va bu janjalga aylangan.

Qayd etilishicha, hozirda I.B.ning xatti-harakatlari yuzasidan unga nisbatan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda. Fuqaro I.B. ayni paytda Rossiyada ekani aniqlanib, sodir bo‘lgan jinoiy ishga aloqadorligini aniqlash va qonun ustuvorligini ta'minlash maqsadida uni O‘zbekistonga keltirish choralari ko‘rilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Urgut tumani Do‘stlik mahallasida yashovchi Sh.Sh. joriy yil 21 iyul kuni G‘o‘s qishlog‘ida yashovchi fuqarolarni haqorat qilishi ortidan 22 iyul kuni ikki yuzga yaqin g‘o‘sliklar uning uyiga borgan. Holat IIB va Milliy gvardiya xodimlari tomonidan nazoratga olinib, Sh.Sh.ning uyiga borgan odamlar tarqatib yuborilgan.

23 iyul kuni ertalab G‘o‘s qishlog‘i aholisi Sh.Sh.ni o‘zlariga topshirishni talab qilib tuman hokimligi binosi oldiga yig‘ilgan. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilgan videolarda tasvirlanishicha, Milliy gvardiya va IIB xodimlari g‘o‘sliklarni hokimiyat binosiga bostirib kirishdan to‘xtatib qolgan va tushga yaqin tarqatib yuborishga muvaffaq bo‘lgan.

Ma'lumot uchun, hozirda Sh.Sh.ning xatti-harakatlari yuzasidan Jinoyat kodeksining 140-moddasi 2-qismi (haqorat qilish) bilan jinoiy ish qo‘zg‘atilib, unga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llangan.

Mavzuga oid