Viloyatliklarni haqorat qilgan yana bir qiz 10 sutkaga qamaldi
20 yoshli qiz ijtimoiy tarmoqdagi o‘z sahifasida to‘g‘ridan to‘g‘ri efir qilib, behayo so‘zlar bilan viloyatlarda yashovchi aholining sha’ni va qadr-qimmatini qasddan kamsitgan. U sudda haqoratli so‘zlarni salbiy fikr bildirgan kuzatuvchilariga javob tariqasida aytib yuborganligini bildirib, uzr so‘ragan.
Viloyatliklarni haqorat qilgan yana bir qizga ma’muriy jazo qo‘llandi. Bu haqda Kun.uz’ga Oliy sud matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, 2004 yilda tug‘ilgan, Toshkent viloyatining Chirchiq shahrida yashovchi S.R. 2024 yilning 20 iyul kuni Instagram’dagi sahifasida viloyatliklarni haqorat qilgan. U to‘g‘ridan to‘g‘ri vaqtida axloq qoidalarini mensimagan holda behayo so‘zlar bilan viloyatlarda yashovchi aholining sha’ni va qadr-qimmatini qasddan kamsitgan. Qizning ushbu harakatlari ijtimoiy tarmoq kuzatuvchilarining jiddiy noroziligiga sabab bo‘lgan.
Bundan tashqari, S.R. holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazish uchun Chirchiq shahar IIB XPG profilaktika inspektori kelganida ko‘chada baqir-chaqir qilib, jamoat tartibini va fuqarolarning osoyishtaligini buzgan holda mayda bezorilik sodir etgan.
S.R. sudda viloyatliklarga nisbatan haqoratli so‘zlarni salbiy fikr bildirgan kuzatuvchilariga javob tariqasida aytib yuborganligini, bu qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymonligini ta’kidlagan. U barchadan uzr so‘rashini aytgan va suddan o‘ziga nisbatan yengillik berishni so‘ragan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Chirchiq shahar sudining qarori bilan S.R. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasida (Mayda bezorilik) nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etganlikda aybli deb topilgan. Unga nisbatan 10 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.
Oldinroq viloyatliklarni haqoratlagan qiz 15 sutkaga qamalgan, qishloqliklarni “jirkanch maxluqot” deb atagan qiz esa jarimaga tortilgandi.
Mavzuga oid
13:54 / 19.12.2024
Poytaxt IIBB Otabek Bakirov ustidan jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etdi
21:28 / 18.12.2024
Guliston IIB TB fuqarolik nizosidan jinoyat ishi “yasadi”. Tergovchi yangi yilni issiq uyida, 50 yoshli ayol esa Rossiya hibsxonasida kutib oladimi?
15:08 / 13.12.2024
Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov iqtisodchi Otabek Bakirov ustidan huquq organlariga ariza berdi
21:02 / 12.12.2024