23:02 / 04.12.2020
15084

«18 yilgacha kutishga to‘g‘ri keladi» - Norboyeva farzand asrab olishdagi byurokratiya haqida

O‘zbekistonda farzand asrab olish harakatlarining 10 foizi belgilangan davlat tashkilotlari orqali, 90 foizi esa o‘zaro kelishuvlar asosida amalga oshirilgan.

Odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurashish Milliy komissiyasining 4 dekabrdagi yig‘ilishida chaqaloq savdosi jinoyati ko‘payib borayotgani muhokama qilindi.

Ma'lumotlarga ko‘ra, qonuniy tartibda farzand asrab olish jarayonidagi byurokratiya va boshqa to‘siqlar chaqaloq savdosining avj olayotganiga sabab bo‘lmoqda.

Vasiylik va homiylik organlari tomonidan joriy yilning yanvar-avgust oylarida ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan, ijtimoiy yordamga muhtoj bolalarning 2747 nafari farzandlikka, 3954 nafari vasiylikka, 1534 nafari homiylikka, 288 nafari patronatga berilgan.

Mehribonlik uylari, go‘daklar uylari, bolalar shaharchalari orqali esa bir yilda o‘rtacha 220-230 nafar bola farzandlikka beriladi.

Tanzila Norboyeva, Odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurashish Milliy komissiyasi raisi
Foto: Oliy Majlis Senati axborot xizmati

«Vasiylik va homiylik organlari orqali farzandlikka berilgan bolalar orasida mehribonlik uylari va bolalar shaharchalarida tarbiyalanayotgan bolalar ulushi 10 foizni ham tashkil etmaydi. 90 foizdan ortiq holatda farzandlikka oluvchilar va farzandlikka beruvchilar o‘zaro yoki vositachilar orqali bir-birini topib olishyapti.

Mamlakatda farzand asrab olishga bo‘lgan talab yuqori. Chunki biz bolajon xalqmiz. Ammo hozirgi holatda farzand asrab olmoqchi bo‘lganlar o‘rtacha 18 yil navbat kutishga to‘g‘ri keladi.

Respublikada amaldagi farzandlikka olish tartibi juda murakkab. Qog‘ozbozlik amaliyotlari juda ham ko‘p. Shaffoflik yo‘q. Navbat qachon kelishini bilib bo‘lmaydi. Navbatning elektron tizimi shakllantirilmagan. Bu esa mavjud tartibni aylanib o‘tishga, korrupsion munosabatlarning shakllanishiga, chaqaloq savdosining ko‘payishiga olib keladi», – dedi yig‘ilishni olib borgan komissiya raisi Tanzila Norboyeva.

Xalq ta'limi vaziri o‘rinbosari Dilshod Kenjayev bergan ma'lumotlarga ko‘ra, hozirda mehribonlik uylariga bola topshirish holatlari kamaygan. Go‘daklar uylarida tarbiyalanuvchilar soni 1991 yilda 1105 nafarni tashkil qilgan bo‘lsa, hozirda bu muassasalarda 564 nafar bola tarbiyalanmoqda. Ayni kunda mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari soni esa 2047 nafarga teng.

Dilshod Kenjayev, Xalq ta'limi vaziri o‘rinbosari
Foto: Oliy Majlis Senati axborot xizmati

«Bola olish uchun navbatda turganlar juda ko‘p. Oxirgi uch yil hisobida 10 mingta oila bola boqib olish uchun navbatda turibdi. Undan ham oldinroq navbatga qo‘yilganlar ham bor.

Ammo shuni ta'kidlab o‘tish kerakki, mehribonlik uyida tarbiyalanayotgan 2047 nafar bolaning bor-yo‘g‘i 15 foizi – 316 nafari chin yetim bolalar. Qolgan 85 foizi ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan shaxslar, ya'ni ota-onalik huquqidan mahrum etilganlar, kam ta'minlangan oilalar, nogironligi bo‘lgan oilalar, ozodlikdan mahrum etilganlarinng farzandlari va yarim yetimlar (yoki otasi, yoki onasi vafot etgan).

Ota-onasi bor bo‘lganlarni boshqalarga farzandlikka bera olmaymiz. Hozirda faqatgina 15 foiz bolani berish mumkin. Navbatda turgan 10 mingta oilaning 96 foizi chaqaloq – 0-3 yoshgacha bo‘lganlarni olish istagida. Respublikada bunaqa yoshdagi 564 nafar tarbiyalanuvchi bor xolos. Shularning ham 246 nafari nogiron. Ularni olishmaydi. 3–4 yoshga to‘lgach, muruvvat uylariga berishimizga to‘g‘ri keladi», – deya vazir o‘rinbosarining so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Vazirlik vakili farzand asrab olish uchun talab etiladigan hujjatlar ro‘yxatini sanab o‘tdi:

  • Ish joyidan maoshi ko‘rsatilgan ma'lumotnoma;
  • Ish joyidan tavsifnoma;
  • Er-xotin salomatligi haqida tibbiy komissiya xulosasi;
  • Tibbiy ma'lumotnomalar (narkologiya, teri-tanosil, asab kasalliklari, sil, OITS dispanserlaridan);
  • Muqaddam sudlanmagani to‘g‘risidagi ma'lumotnoma;
  • O‘z farzandlari bor bo‘lsa, ularning tug‘ilganligi haqidagi guvohnoma;
  • Uy-joy egaligi to‘g‘risidagi hujjatlar nusxasi;
  • Vasiylik va homiylik organining fuqaroning yashash sharoitini o‘rganganligi to‘g‘risida dalolatnoma;
  • Vasiylik va homiylik organining so‘nggi xulosasi.

Chet el fuqarosi esa yuqoridagi hujjatlarga qo‘shimcha ravishda tegishli davlatning elchixonasi orqali Xalq ta'limi vazirligiga iltimosnoma kiritishi kerak bo‘ladi.

«Idoralar o‘rtasida ma'lumotlar almashinuvini elektronlashtirish tizimlari yo‘lga qo‘yilgani bois bu hujjatlarning ayrimlarini qisqartirish bo‘yicha ish olib borilmoqda», – deya qo‘shimcha qildi Kenjayev.

Top