O‘zbekiston | 20:06 / 28.06.2023
16241
2 daqiqa o‘qiladi

Chirchiq daryosidan noqonuniy qum va shag‘al qazib olinishiga chek qo‘yildi

Korxona Chirchiq daryosidan noqonuniy ravishda 7600 metr kubdan ortiq qum-shag‘al aralashmasi qazib olib, davlatga qariyb 226 million so‘mlik zarar yetkazgan.

Foto: Bosh prokuratura matbuot xizmati

Toshkent tabiatni muhofaza qilish prokuraturasi va Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi mutaxassislari hamkorlikda Qibray tumanidan oqib o‘tuvchi Chirchiq daryosining qirg‘oq bo‘yi muhofaza zonasi o‘rganilganida, bir qator qonunbuzilishi aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar bermoqda.

Xususan, «B.A» MChJ rahbari S.A.ning topshirig‘iga ko‘ra, daryoning o‘ng qirg‘og‘idan jamiyat ishchilari tomonidan 7 683,18 m kub qum-shag‘al aralashmasi noqonuniy qazib olinib, davlat va jamiyat manfaatlariga 225,6 mln. so‘m zarar yetkazilgani aniqlangan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 192-11-moddasi  (nodavlat tijorat tashkilotida yoki boshqa nodavlat tashkilotida mansabdor shaxslar tomonidan o‘z vakolatlarini suiiste’mol qilish) va 229-moddasi (o‘zboshimchalik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

«Bugungi kunda qum-shag‘al materiallarining ruxsatsiz qazib chiqarilishi aksariyat hollarda yer usti va yer osti suvlari kamayib ketishi, suvni muhofaza qilish zonalari botqoqlashishi va ifloslanishi, ularning qirg‘oqlari, sug‘orish tizimlari, transport va gidrotexnika infratuzilma obektlarining buzilishiga, shuningdek, favqulodda holatlarning oldini olish bo‘yicha tadbirlar samaradorligining pasayishiga olib kelmoqda», deya qayd etilgan Bosh prokuratura xabarida.

Mavzuga oid