14:36 / 17.02.2021
21312

«Oilada yolg‘iz o‘g‘il farzand bo‘lganlarga tug‘ilib o‘sgan hududida xizmat qilish huquqi berildi» – Mudofaa vazirligi

Mudofaa vazirligi Kadrlar bosh boshqarmasi mas'ul xodimi Shermuhammad Saidahmadovning aytishicha, ilgari oilasida yolg‘iz farzand bo‘lganlargina tug‘ilib o‘sgan joyida xizmat qilolgan bo‘lsa, bugungi kunda oilasida yagona o‘g‘il farzand bo‘lganlarga ham ana shunday huquq berilmoqda.

«Eksterritorial tamoyil bo‘yicha oldinlari Qurolli kuchlar safida xizmat qilayotgan harbiy xizmatchilar o‘zi tug‘ilib o‘sgan hududda, deylik, Toshkent shahrida tug‘ilgan shaxs shu yerdagi harbiy muassasalarda xizmat qilishi mumkin emas edi. Bugungi kunda bu tartib o‘zgargan.

2019 yil 12 sentyabrdagi 4447-sonli prezident qarori bilan bilan yangi tahrirda tasdiqlangan «O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining harbiy xizmatni o‘tash tartibi to‘g‘risida nizom»ga muvofiq, territorial tamoyil degan tushuncha kiritildi. Unga ko‘ra, ba'zi bir lavozim va mutaxassisliklar bo‘yicha, masalan, tibbiyot xodimi, haydovchi, oshpaz va boshqa tor mutaxassisliklar egalariga o‘z hududida xizmat qilish imkoni yaratildi. Shuningdek, Mudofaa vazirligining markaziy apparati va boshqaruv apparatiga ham bugungi kunda hududiy tamoyil asosida xizmatga qabul qilish yo‘lga qo‘yilgan.

Tizimdagi yangiliklardan yana biri shuki, ilgari harbiy xizmatchi oilasida yolg‘iz farzand bo‘lsagina tug‘ilib o‘sgan joyida xizmat qilishi mumkin edi. Hozir esa nafaqat yolg‘iz farzand balki, milliy mentalitetimizdan kelib chiqib, oilada yagona o‘g‘il farzand bo‘lsa, oilaning boshqa farzandlari qizlardan iborat bo‘lsa ham ularga ota-onasi yashaydigan xududda xizmat qilish huquqi berildi», deydi Shermuhammad Saidahmadov.

Shermuhammad Saidahmadov

Vazirlik rasmiysining ta'kidlashicha, ilgari sud qarori bilan ofitserlik rutbasidan mahrum bo‘lgan harbiy xizmatchilar umuman pensiyasiz qolgan bo‘lsa, bugungi kunda ularga oddiy askar unvonida pensiya tayinlanmoqda.

«Ilgari 4 yillik oliy ta'lim olganlarga ham, shuningdek, 5 yil oliy ta'lim olganlarga ham katta leytenant unvoni ikki yildan so‘ng berilardi. Hozir besh yil o‘qiganlar navbatdagi harbiy unvonni bir yilda oladigan bo‘ldi. Shu bilan birga, 2019 yilda yangi tahrirda qabul qilingan «O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining harbiy xizmatni o‘tash tartibi to‘g‘risida nizom»ga muvofiq, ijobiy tavsiyaga ega, vakant lavozimlari yo‘qligi sababli berilgan harbiy unvonida xizmat muddatini kamida ikkitasini o‘tagan ofitserlarga lavozim bo‘yicha bir pog‘ona yuqori turuvchi harbiy unvon berilishi joriy etildi.

Tizimda yo‘lga qo‘yilgan yangiliklardan yana biri – har yili harbiy xizmatchilarning navbatdagi ta'tiliga, xizmat yillarining kalendar hisobiga ko‘ra qo‘shimcha tarzda 5, 10, 15 sutka ta'tillar beriladigan bo‘ldi. Bunda qo‘shimcha ta'til muddati harbiy xizmatchining ish stajiga qarab belgilanadi.

Oldin harbiy xizmatchilar, asosan, ofitserlarga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan taqdirda va sud qarori bilan ofitserlik unvoni bekor qilinsa, ular harbiy pensiyadan mahrum bo‘lishardi, ya'ni nafaqa olishmasdi. Hozir esa ularning ham haq-huquqlarini ta'minlash maqsadida sud qarori bilan harbiy unvonidan mahrum qilingan ofitserlarga oddiy askar unvonida pensiya tayinlanadigan bo‘ldi», deya Shermuhammad Saidahmadovning so‘zlarini keltiradi Kun.uz muxbiri.

Mavzuga oid
Top