Iqtisodiyot | 19:29 / 07.07.2021
10352
3 daqiqa o‘qiladi

Uzum plantatsiyalari uchun subsidiyalar ajratiladi

Uzumchilik va ipakchilikni rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektorda sohaga ajratiladigan subsidiyalar haqida ma'lum qilindi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev endi yangi tokzorlarni barpo etish, eski bog‘ va uzumzorlarni yangilash uchun yangi tizim joriy etilishi, bunda, sertifikatlangan yangi uzum plantatsiyalarining har bir gektariga 10 mln so‘mdan subsidiya ajratilishi, shuningdek, ko‘chatchilik xo‘jaliklari tashkil qilingan maydonlarning har bir gektari uchun ham subsidiya berish tizimi joriy etilishi haqida ma'lum qildi.

Yangi tokzorlar uchun bir dona artezian quduq yoki nasos stansiyasi qurishga har 10 gektarga 120 mln so‘mgacha subsidiya beriladi, ya'ni subsidiya beriladigan maydon hajmi 3 barobarga kamayadi (hozir eng kam maydon 35 gektar qilib belgilangan).

Sertifikatlangan uzum plantatsiyalarini tashkil etishni moliyalashtirish uchun banklarga 100 mln dollar resurs ajratiladi. Bu mablag‘ Jahon bankining qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish loyihasi (200 mln dollar) doirasida moliyalashtiriladi.

Yil yakuniga qadar 15 ming 700 gektar tokzorda tomchilatib sug‘orishni joriy etish va

1 mingta artezian quduqlar qazish ishlarini yakuniga yetkazish uchun budjetdan 100 mlrd so‘m subsidiya ajratiladi.

«Uzum yetishtirish hajmini ko‘paytirishda aholi xonadonlaridan ham keng foydalanish tizimini joriy etishimiz lozim. Misol uchun, Buloqboshida bu yil mingta xonadonga 7 mlrd so‘m kredit ajratib, qo‘shimcha 5 ming tonna uzum, 15 mlrd so‘m daromad olish yo‘lga qo‘yildi. Tumanning ayrim mahallalarida bir qarich ham yer qolmagan, hamma joyda uzum ekilgan.

Kelgusi ikki yilda jami hosilni tumanda 2-3 baravarga oshirish kutilmoqda. Bu tajribani respublikani boshqa hududlaridagi 40 ming xonadonda joriy qilgan holda, qo‘shimcha 3,5-4 ming gektar yangi tokzor tashkil etib, uzum yetishtirish hajmini bemalol 3 baravar oshirish mumkin.

Faqat xonadonlarning o‘zida, Samarqandda – 320 gektar, Qoraqalpog‘istonda – 283 gektar, Andijonda – 273 gektar, Surxondaryoda – 243 gektar, Sirdaryoda – 225 gektar, Jizzaxda va Farg‘onada – 223 gektardan, Buxoroda – 215 gektar, Navoiyda – 209 gektar, Toshkent viloyatida –204 gektar, Namanganda – 192 gektar, Qashqadaryoda – 183 gektar, Xorazmda –163 gektar.

Har bir xonadonda kamida 15-20 tupdan uzum ko‘chatlarini noan'anaviy usulda, ya'ni «tepasida tok - pastida sabzavot» ekishni tashkil qilsin», degan davlat rahbari.

Mavzuga oid