Jamiyat | 11:57 / 10.04.2021
1979
2 daqiqa o‘qiladi

Qashqadaryoda temiryo‘lchilarga tegishli traktor tirkamasi va transformatorni o‘g‘irlagan shaxslar ushlandi

Qashqadaryo viloyatida temiryo‘lchilarga tegishli bo‘lgan traktor tirkamasi va transformatorni o‘g‘irlagan shaxslar ushlangan. Bu haqda IIV Transportda xavfsizlikni ta'minlash boshqarmasi xabar bermoqda.

Joriy yilning 7 aprel kuni Qashqadaryo viloyati IIB Transportda xavfsizlikni ta'minlash bo‘limi (TXTB) navbatchilik qismiga, Qarshi mintaqaviy temir yo‘l uzeliga qarashli Qarshi temir yo‘l ta'mirlash korxonasi xodimi U.T. qo‘ng‘iroq qilib, o‘g‘irlik haqida xabar bergan.

Ma'lum bo‘lishicha, noma'lum shaxslar «Qayirma-Bo‘zaxur» temir yo‘l bekatlari oralig‘ining 17 kilometrida turgan Qarshi temir yo‘l ta'mirlash korxonasiga tegishli G‘uzor tuman Nurafshon qishlog‘ida yashovchi M.X. boshqaruvidagi «MTZ 80» rusumli traktorining narxi 47 446 398 million so‘m bo‘lgan tirkamasini o‘g‘irlab ketishgan.

O‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida ushbu o‘g‘rilikni G‘uzor tumani Eshonquduq qishlog‘ida yashovchi 1986 yilda tug‘ilgan Yu.E., G‘uzor tumani Yangikent qishlog‘ida yashovchi 1992 yilda tug‘ilgan Yu.B. hamda O. ismli shaxslar qilganligi aniqlangan.

Surishtiruvlar davomida ular, joriy yil 17 mart kuni Qashqadaryo viloyati Qarshi mintaqaviy temir yo‘l uzeli elektr ta'minot korxonasiga tegishli bo‘lgan transformatorni ham o‘g‘irlagani aniqlanib, ashyoviy dalil hujjatlashtirib olingan.

Aniqlanishicha, o‘g‘irlangan transformator Yu.E.ning yashash xonadonida joylashgan molxona ichiga yashirib qo‘yilgani. Mazkur holatlarda jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid