Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Iqbol Soliyev Ozarboyjonda ushlangani haqidagi xabarlarni rad etdi
U bunday xabarni tarqatgan OAV va blogerlar ustidan tegishli tashkilotlarga arz qilishini aytgan. Avvalroq ozar matbuoti mamlakat Ichki ishlar vazirligiga tayanib Bokudagi klinikada ro‘y bergan holat haqida xabar bergandi: Soliyevning qabuliga kirishda katta navbat va tartibsizlik yuzaga kelgach, holatga oydinlik kiritish maqsadida u ushlangani aytilgan va bu xabar o‘zbek mediasida ham yoyilgandi.
Iqbol Soliyevning videomurojaatidan skrinshot
“Qo‘qonlik tabib” nomi bilan tanilgan Iqbol Soliyev ijtimoiy tarmoqlarda ommaviy axborot vositalari va blogerlarga murojaat bilan chiqdi.
Avvalroq u Bokudagi klinikada seans o‘tkazayotganda “katta navbat va tartibsizlik” yuzaga kelgani, shu sabab u huquq-tartibot idoralari tomonidan holatga oydinlik kiritish maqsadida ushlangani haqida ozar matbuoti Ozarboyjon Ichki ishlar vazirligiga tayanib xabar tarqatgan, bu xabar o‘zbek mediasida ham yoyilgan edi.
Iqbol Soliyev ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan murojaatida bu xabarni rad etgan.
“Qachon meni politsiya Ozarboyjonda olib kirib qamab qo‘ydi? Shu savolimga javob beringlar. Men Ozarboyjonda seans o‘tkazgan bo‘lsam, xalqning ichida seans o‘tkazdim, Allohdan so‘rab davolashga harakat qildim. Senlar qachon ko‘rding meni politsiya, o‘sha yerdagi rahbariyat bilan muammo bo‘lganini? Qaysi tashkilot yo‘limni to‘sdi? Isbotini aytinglar”, – degan u.
Soliyev hozirda O‘zbekistonda, o‘z uyida ekani, yuqoridagi holat bo‘yicha kerakli tashkilotlarga ariza yozayotganini ma’lum qilgan.
“Kerakli tashkilotlarga arizamni yozishni boshladim. Senlar bilan kerak bo‘lsa sudda yoki kerakli tashkilotlar bilan gaplashaman. Senlar pul topish uchun tuhmat qilyapsanlar”, – deydi u.
Kun.uz O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligidan olgan ma’lumottga ko‘ra, Ozarboyjon mas’ul idoralari Soliyev bilan tushuntirish ishlari olib borgan, lekin uni hibsga olmagan.