O‘zbekiston | 20:15 / 04.12.2020
22000
3 daqiqa o‘qiladi

Bu ko‘p jihatdan noyob zavod hisoblanadi – Prezident ochib bergan Toshkent metallurgiya zavodiga sayohat

 Bugun, 4 dekabr kuni, davlat rahbari boshchiligida Toshkent metallurgiya zavodi ochildi. Yangi zavod O‘zbekiston uchun noyob loyiha hisoblanadi.

2017 yil 7 aprelda O‘zbekiston prezidentining “Toshkent metallurgiya zavodi qurilishi” investitsiya loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-2874-sonli qarori qabul qilindi. Shu yilning o‘zida sovuq holda prokatlangan hamda rux va polimer qoplamali po‘lat listlar ishlab chiqarish korxonasining qurilishi boshlandi.

Toshkent metallurgiya zavodining qurilish loyihasi umumiy hisobda 326,7 million yevro miqdoridagi, shu jumladan, 226 million yevro miqdoridagi chet el investitsiyalarini jalb etish evaziga amalga oshirilgan. Jalb etilgan mablag‘ning o‘ziga xos jihati shundaki, bunda davlat kafolati taqdim etilmagan.

 Davlat rahbari tomonidan ochilgan yangi zavod dastlabki bosqichda yiliga 500 ming tonna, keyinchalik 750 ming tonnaga qadar mahsulot ishlab chiqarish quvvatiga ega. 700 nafarga yaqin ish o‘rinlari yaratilgan. Mahsulotning asosiy qismi import o‘rnini bosuvchi bo‘lib, narx jihatidan ham talabga mos hisoblanadi.

 

Ulkan zavodning eng katta yutuqlaridan biri “yashil texnologiya”lar asosida bunyod etilgani, ya'ni atrof-muhitga zarari minimal darajaga tushirilganidir. Zavod barcha chiqindilarni o‘z hududida qayta ishlaydi. Na havoga, na tuproqqa va na suvga zararli moddalarni tushirmaydi.

Toshkent metallurgiya zavodi dunyodagi eng yirik metallurgiya uskunalari ishlab chiqaruvchilardan biri hisoblangan Italiyaning “Danieli” kompaniyasi tomonidan jihozlangan. Loyihalash va qurish Rossiyaning “MetProm” kompaniyasi tomonidan amalga oshirilgan.

 

Zavod moliya bo‘limi boshlig‘i To‘lqin Ziyoyevning so‘zlariga ko‘ra, mahsulotlar juda ko‘p sohalarda, ayniqsa qurilish va ishlab chiqarishda keng qo‘llaniladi. Bu turdagi tayyor mahsulotlarning asosan Rossiya va Xitoydan kirib kelishi, birining qimmatligi, yana birining esa sifat talablariga mos emasligi tufayli Toshkent metallurgiya zavodi mahsulotlariga talab katta bo‘lishi kutilmoqda.

 Birgina 2019 yilda 480 ming tonnadan ortiq mahsulot import qilingan. Mana shu raqamning o‘zi ham zavodning ishlab chiqarish ko‘rsatkichlari ahamiyatini ko‘rsatadi.

 Abror Zohidov, tasvirchi Nuriddin Nursaidov.

Mavzuga oid