O‘zbekiston | 22:34 / 28.05.2021
5260
2 daqiqa o‘qiladi

Uy-joyga talab yuqori bo‘lgan tumanlarda kamida 3 mingta xonadonga ega ko‘p qavatli uylar qurish bo‘yicha ko‘rsatma berildi

Osiyo taraqqiyot bankining 50 mln dollar krediti hisobidan aholi zich, uy-joyga talab yuqori bo‘lgan tumanlarda kamida 3 mingta xonadonli ko‘p qavatli uylar quriladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 28 may kuni ko‘p qavatli uy-joylar barpo etish va ularga xizmat ko‘rsatish tizimini takomillashtirish masalalari muhokamasi yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

Bu yil 183 ta yangi uy-joy massivlari qurilmoqda. Ularga 185 kilometr ichimlik suvi, 290 kilometr oqava tizimi, 130 kilometr elektr, 110 kilometr tabiiy gaz tarmoqlari tortiladi. Buning uchun zarur 415 milliard so‘m mablag‘ning manbalari aniq.

Mutasaddilarga ushbu massivlarni infratuzilma bilan sifatli ta'minlash yuzasidan ko‘rsatmalar berildi.

Osiyo taraqqiyot bankining 50 million dollar krediti hisobidan aholi zich, uy-joyga talab yuqori bo‘lgan tumanlarda kamida 3 mingta xonadonli ko‘p qavatli uylar qurilishi qayd etildi.

Uy-joyning boshlang‘ich badali uchun subsidiya to‘lash tartibini soddalashtirish hamda muddatini qisqartirish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.

Hududlarni obod qilish, ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish bo‘yicha bajarilayotgan ishlarga ham to‘xtalib o‘tildi. Joriy yilda 7 ming 794 ta qishloq va mahalladagi sharoitlarini yaxshilash uchun 18 trillion so‘m mablag‘ yo‘naltirilgan. Bundan tashqari, aholini toza ichimlik suvi bilan ta'minlash, ichki yo‘llar qurish va ta'mirlashga yana 300 million dollar ajratilgan.

Prezident bu boradagi ishlar ijrosini tanqid qilib, mutasaddilarga qoloqlikni bartaraf etish va loyihalarni sifatli bajarish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Mavzuga oid