«Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida»gi qonun qabul qilindi
Prezident tomonidan «Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida»gi qonun imzolandi. Hujjat davlat organlari va davlat ulushi 50 foizdan ortiq kompaniyalarga nisbatan tatbiq etiladi. Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi vakolatli tashkilot etib belgilangan.
Prezident «Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida»gi qonunni imzoladi, deb xabar bermoqda Adliya vazirligi. Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran 6 oy o‘tgach kuchga kiradi.
Qonun davlat organlariga va mahalliy davlat hokimiyati organlariga, davlat muassasalariga, davlat unitar korxonalariga, davlat maqsadli jamg‘armalariga, shuningdek, ustav fondida davlat ulushi 50 foiz miqdorda va undan ortiq bo‘lgan aksiyadorlik jamiyatlariga nisbatan tatbiq etiladi, deyiladi xabarda.
Unga davlat organining yoki boshqa tashkilotning xodimi, manfaatlar to‘qnashuvi, manfaatlar to‘qnashuvini tartibga solish bo‘yicha maxsus bo‘linma, shaxsiy manfaatdorlik, yaqin qarindoshlar kabi asosiy tushunchalar kiritilgan.
Quyidagi shaxslar davlat organining yoki boshqa tashkilotning xodimiga aloqador shaxslar deb e’tirof etiladi:
- davlat organi yoki boshqa tashkilot xodimining yaqin qarindoshlari;
- davlat organining yoki boshqa tashkilotning xodimi va (yoki) uning yaqin qarindoshlari qaysi yuridik shaxsning ustav fondi aksiyalariga yoki ulushlariga egalik qilsa, o‘sha yuridik shaxs;
- ular qaysi yuridik shaxsda boshqaruv organining rahbari yoki a’zosi bo‘lsa, o‘sha yuridik shaxs.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi manfaatlar to‘qnashuvi bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga solish sohasidagi maxsus vakolatli davlat organi hisoblanadi.
Davlat organi yoki boshqa tashkilot xodimi tomonidan qonun talablariga rioya etilishi ustidan nazorat ushbu davlat organida yoki boshqa tashkilotda tuzilgan odob-axloq komissiyasi tomonidan amalga oshiriladi.
Qonunga ko‘ra, manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi axborotni oshkor etish davlat organining yoki boshqa tashkilotning xodimi tomonidan mavjud manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida xabarnoma hamda ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida deklaratsiya taqdim etish orqali amalga oshiriladi.
Ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi deklaratsiyada quyidagi ma’lumotlar ko‘rsatilishi kerak:
- davlat organi yoki boshqa tashkilot xodimining lavozimi hamda uning familiyasi, ismi, otasining ismi, shuningdek uning jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami (JShShIR);
- davlat organi yoki boshqa tashkilot xodimi yaqin qarindoshlarining familiyasi, ismi va otasining ismi, ularning jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami (mavjud bo‘lgan taqdirda), shuningdek ish joyi va lavozimi;
- davlat organining yoki boshqa tashkilotning xodimi yoki uning yaqin qarindoshlari aksiyador bo‘lgan aksiyadorlik jamiyatining rasmiy nomi va uning soliq to‘lovchining identifikatsiya raqami (STIR);
- davlat organi yoki boshqa tashkilot xodimining yaqin qarindoshi muassis (ishtirokchi), boshqaruv organi a’zosi bo‘lgan yuridik shaxsning rasmiy nomi, shuningdek uning soliq to‘lovchining identifikatsiya raqami (STIR).
Deklaratsiya har yili 15 fevralgacha umumlashtiriladi va tahlil qilinadi
Qonunga muvofiq, davlat organining yoki boshqa tashkilotning xodimi shaxsga doir ma’lumotlari o‘zgargan taqdirda, ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi deklaratsiyani to‘ldirishi va har yili 15 yanvardan kechiktirmay maxsus bo‘linmaga taqdim etishi kerak.
Davlat organiga yoki boshqa tashkilotga ishga qabul qilinayotgan nomzod, shuningdek boshqa ishga o‘tkazilgan xodim ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi belgilangan shakldagi deklaratsiyani to‘ldirishi va taqdim etishi kerak.
Maxsus bo‘linma:
- ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi har yilgi deklaratsiyani har yili 15 fevralgacha umumlashtiradi va tahlil qiladi;
- ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvini tartibga solish bo‘yicha choralarning yetarliligini (to‘g‘riligini) ta’minlash uchun har yili 1 martga qadar odob-axloq komissiyasiga taklif kiritadi;
- odob-axloq komissiyasi tomonidan qabul qilingan xulosaga asosan ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvini tartibga solish yuzasidan choralar ko‘rish to‘g‘risida davlat organi yoki boshqa tashkilot xodimining bevosita rahbariga yoxud davlat organining yoki boshqa tashkilotning yuqori turuvchi rahbariga taklif kiritadi.
Davlat organining yoki boshqa tashkilotning xodimligiga nomzod ishga qabul qilinayotganda yoxud davlat organi yoki boshqa tashkilot xodimi boshqa ishga o‘tkazilayotganda, ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi deklaratsiyani taqdim etganidan keyin maxsus bo‘linma yuqorida nazarda tutilgan ishlarni 5 kunlik muddatda amalga oshiradi.
Mavzuga oid
16:21 / 12.11.2024
1,5 mingga yaqin boshqaruv xodimi qonunga zid tarzda tadbirkorlik qilayotgani aniqlandi
13:04 / 10.06.2024
Hokimlardan tortib harbiylargacha: “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi qonun kimlarga ta’sir qiladi?
14:59 / 08.06.2024
Davlat idoralarida qarindosh-urug‘chilikni cheklaydigan qonun qabul qilindi: u kimlarga nisbatan va qanday ishlaydi?
12:16 / 08.06.2024