Prezident "Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida"gi qonunni imzoladi. Qonun uncha katta bo‘lmasa-da uning davlat va jamiyat rivoji uchun ahamiyati yuqori. Ushbu maqolada shular haqida to‘xtalamiz.

Xo‘sh, bu qanday qonun? Uning maqsadi, vazifasi nima, odamlarga nima beradi?

Manfaatlar to‘qnashuvi tushunchasi milliy qonunchiligimizda ilk bor 2017 yil yanvarida qabul qilingan “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonunning 3-moddasida sharhlangandi.

Unda shaxsiy (bevosita yoki bilvosita) manfaatdorlik shaxsning mansab yoki xizmat majburiyatlarini lozim darajada bajarishiga ta’sir ko‘rsatayotgan yoxud ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan hamda shaxsiy manfaatdorlik bilan fuqarolarning, tashkilotlarning, jamiyatning yoki davlatning huquqlari va qonuniy manfaatlari o‘rtasida qarama-qarshilik yuzaga kelayotgan yoki yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan vaziyat manfaatlar to‘qnashuvi sifatida e’tirof etilgandi.

Yangi qonunning maqsadi haqida

Qonunning asosiy g‘oyasi jamiyat va davlat manfaatlari shaxsiy manfaatlardan ustun ekani bilan xarakterli. U davlat xizmatida shaxsiy manfaatdorlik yo‘lidagi qarindosh-urug‘chilikni cheklashga qaratilgan.

Huquqshunos Xushnud Xudoyberdiyev qonunni ikki asosiy yo‘nalishga bo‘ladi:

- iqtisodiy, ya’ni davlat xaridlari va umuman davlat tashkilotlaridagi moliyaviy munosabatlarda qarindosh-urug‘chilikka yo‘l qo‘ymaslik;

- mehnat munosabatlari, ya’ni davlat tashkilotlarida qarindosh-urug‘larning bir-birining qo‘l ostida ishlashiga barham berish.

Ikkala yo‘nalishda ham qonunda cheklovlar va bu bo‘yicha ko‘riladigan choralar belgilangan. 

Masalan, biror tashkilotda rahbarning yaqin qarindoshi uning bevosita bo‘ysunuvida ishlasa, qonun kuchga kirgach, bu haqda xabarnoma orqali oshkor qilishi va eng asosiysi o‘sha xodimni manfaatlar to‘qnashuvi yuzaga kelmaydigan boshqa rahbarning bo‘ysunuviga o‘tkazishi shart. Jaydari tilda aytganda, qo‘l ostidagi qarindoshlarini ishdan bo‘shatishi kerak. Yo‘qsa bu qonun buzilishi bo‘ladi va javobgarlikka olib keladi.

Ta’sir doirasi va istisnolar

Qonun davlat fuqarolik xizmati lavozimlarining siyosiy guruhiga kiruvchi lavozimga ishga qabul qilingan hollarni mustasno etadi. Bunday lavozimlar ro‘yxati alohida tasdiqlanadi. Mazkur ro‘yxatda qayd etilmagan barcha lavozimlarga qonun talabi birdek amal qiladi, ya’ni fuqarolik lavozimlarida ham, harbiy lavozimlarda ham qarindosh-urug‘lar bir-biriga bevosita bo‘ysunuvchi sifatida ishlay olmaydi.