Jamiyat | 14:33 / 29.11.2019
21714
7 daqiqa o‘qiladi

Uyi buzilgan zangiotaliklar nimadan norozi bo‘lishdi?

 «Qushning ham uyasi buzilmasin», deydi xalqimiz. Uyi buzilgan qush chirqirab dunyolarni buzadi. Qush-ku, qush, odamning uyi buzilsa-chi? Qahraton qishda ko‘chada qolgan odamlar dodini kimga aytsin?

 Kun.uz tahririyatiga Toshkent viloyati Zangiota tumani Eshonguzar qo‘rg‘onida yashagan, ayni paytda uylari buzilgan bir guruh fuqarolar murojaat qilib, uylari buzilishidan oldin mutasaddilar tomonidan aytilgan va'dalar bajarilmayotganidan shikoyat qilishdi. Kun.uz mazkur murojaat yuzasidan jurnalistik surishtiruv o‘tkazdi.

 Ma'lum bo‘lishicha, 2019 yilning may oyida Zangiota tumanining Eshonguzar qo‘rg‘oni, «Oybek» mahallasida joylashgan Abdulla Nabiyev 1-tor ko‘chasida yashovchi fuqarolar ushbu hududdagi 11ta uy va boshqa noturarjoylar buzilishi, ularning o‘rniga tuman bosh rejasiga asosan ko‘p qavatli turarjoylar hamda infratuzilma obektlari qurilishi rejalashtirilgani haqida ogohlantirilishgan.

 «Tuman hokimligidan uylaring 3 kun ichida buziladi deb xat tarqatib ketishdi. Hammamiz nima qilishimizni bilmay baqa bo‘lib qoldik. Uylarimizni-ku topshirdik, lekin berilgan kompensatsiya puliga xuddi o‘shanday imorat qurib olishimizga ko‘zim yetmayapti. Qurilish materiallari, usta haqi oshib ketdi», deydi 74 yashar Qosim Rahmatov.

 «Uylarimiz buzilmaganda va bozor narxida boshqalarga sotganimizda ancha qimmatga sotgan bo‘lardik. Chunki imoratlarimiz yangi edi. Hokimiyat esa eng ko‘pi bilan 500 million so‘mgacha tovon puli berdi. Ammo bu pul qurilish qilishga yetmayapti», deydi Botir G‘ofurov.

 «Kelinlarimni nevaralarim bilan birga otasining uyiga jo‘natvorganmiz. Bittasi Ibn Sinoga, ikkinchisi Kamolonda turadi. Har kuni o‘sha yerdan nevaralarim bog‘chasiga, maktabiga qatnashyapti. Har birining yo‘lkirasiga 15-20 ming so‘m ketyapti. Nimayam qilardik boshqa. O‘zim ikki nafar o‘g‘lim va ustalar bilan hali qurilishi bitmagan uydagi bir xonada vaqtincha yashab turibmiz. Sharoitlar yo‘q. Izg‘irinda elektr isitgich bilan jon saqlayapmiz», deydi uyi buzilgan fuqarolardan biri Abdumajid Abdullayev.

 Fuqarolarning aytishicha, ularga uy qurishlari uchun tuman hokimining qarori bilan ajratilgan yerda ichimlik suvi yo‘q, Vaholanki, ular bu yerga ko‘chirilayotganda tuman hokimligi mutasaddilari aholini ichimlik suvi bilan ta'minlash, to yangi uy qurilgunigacha har oy bir milliondan, oldindan olti oy uchun olti million so‘m kvartira puli berilishi, qurilish bo‘layotgan hududdagi yo‘llarga shag‘al to‘kib berilishi va'da qilingan. Biroq bu va'dalar bajarilmay qolgan.

 Qolaversa, qurilish ketayotgan hudud ilgari ekin maydoni bo‘lgani bois yog‘in-sochin mavsumi boshlanganidan so‘ng bu yerga og‘ir yuk mashinalari kelishi imkonsiz bo‘lib qolgan. Yo‘llarga shag‘al to‘kilmagani uchun yuk mashinalari bir necha marta botib qolgan.

 Kun.uz ijodiy guruhi masalani joyiga chiqib o‘rgangach, murojaat mualliflari bilan birgalikda Zangiota tumani hokimligiga yo‘l oldi. Murojaatchilarni tuman hokimi Abduvahob Tamikayev shaxsan qabul qilib, ularning arzini tingladi hamda shu joyning o‘zida odamlarni qiynayotgan masalalarni hal qilish bo‘yicha mutasaddilarga topshiriqlar berdi.

 Tuman hokimining aralashuvi bilan shu kunning o‘zida 11ta xonadonga olti oylik «kvartira puli» – 66 mln so‘m biryo‘la to‘lab berildi. Elektr tarmog‘idagi uzilishlar mutaxassislar ishtirokida muhokama qilinib, sabablari tushuntirildi va bundan keyin bunday muammo yuzaga kelishining oldi olinishiga kelishildi.

 Tuman hokimi bugunning o‘zida qurilish bo‘layotgan hududdagi yo‘llarga to‘kish uchun 10 mashina shag‘al ajratish bo‘yicha topshiriq berdi. Tuman hokimining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Dilmurod Muhamedovning Kun.uz’ga telefon orqali ma'lum qilishicha, va'da qilingan shag‘al yuk mashinalari yana botib qolmasligi uchun ertalab yo‘llar muzlab turgan vaqtda yetkazib berilishi haqida murojaatchilar bilan kelishilgan.

 Dilmurod Muhamedov
Zangiota tumani hokimining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar va
kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari

 Bundan tashqari, uyi buzilgan fuqarolarning iltimosiga ko‘ra, qurilish bo‘layotgan imoratlar hali o‘rab olinmagani, buning oqibatida turli buyumlar yo‘qolayotgani inobatga olinib, aholiga to uylarini qurib olgunlariga qadar narsalarini saqlab turish uchun ikkita konteyner ajratildi.

 Hokim bilan uchrashuvda faqatgina bir masala ochiq qoldi. Gap shundaki, tuman hokimining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha sobiq o‘rinbosari Avaz Mavlonov tomonidan buzilgan uylar o‘rnida qurilayotgan ko‘p qavatli uylardan uyi buzilgan fuqarolar uchun uy boshiga bittadan kvartira berilishini va'da qilgan, uning tavsiyasi asosida mahalladoshlar Xalq bankiga borib, boshlang‘ich badal sifatida 17,5 mln so‘mni omonatga qo‘yishgan.

Tuman hokimining ma'lum qilishicha, ayni paytda Zangiotada 150 nafardan ortiq fuqaro uy-joyga muhtoj sifatida ro‘yxatga olingan bo‘lib, qurilayotgan uylar Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 9 fevraldagi 103-sonli qaroriga asosan eng avval ana shu fuqarolarga beriladi. Ushbu qarorga muvofiq buzilgan uylar o‘rnida qurilayotgan ko‘p qavatli uylardan kvartira ajratish masalasini tuman hokimligi huzuridagi talabgorlarni tanlash komissiyasi hal qiladi.

 Murojaatchilarni qiynab kelayotgan masalalar tezkorlik bilan hal etilgani tahsinga sazovor, albatta. Biroq mutasaddilar zimmasidagi vazifalariga mas'uliyat bilan yondashib, burchlarini o‘z vaqtida ado etishganida odamlar bunchalik qiynalmagan, najot istab tahririyatga kelmagan bo‘lishardi. Umid qilamizki, mas'ullar bundan to‘g‘ri xulosa chiqarishadi. Kun.uz voqealar rivojini kuzatishda davom etadi.

 Jamshid Niyozov

Mavzuga oid