Sport | 19:25 / 08.08.2021
58233
7 daqiqa o‘qiladi

«Ketishni istamadim, maoshim kamayishiga ham rozi edim, lekin bo‘lmadi» – Messi hammani yig‘latib ketdi

Messi «Barselona»dagi so‘nggi matbuot anjumanida klubdan ketishi sabablari, qachon qaytishi, «PSJ»ga o‘tishi mumkinligi va xotiralar haqida gapirdi.

Foto: ERIC ALONSO/GETTY IMAGES

Futbol tarixidagi eng yaxshi futbolchilardan biri (juda ko‘pchilikning fikricha, eng yaxshi) Lionel Messi «Barselona»dan ketdi. Butun umri davomida boshqa jamoada o‘ynashini tasavvur qila olmaganimiz Leo chindan ham endi boshqa jamoada o‘ynaydi.

Klubdagi ayrim shaxslarning qarorlari va La Liga rahbariyatining ahmoqona talabi sababli ispan futboli Messisiz qolmoqda. Messining uyiga aylangan «Kamp Nou»da klub tarixidagi eng muhim inson bilan xayrlashuv marosimi bo‘lib o‘tdi.

Leo anjuman hali boshlanib ulgurmay yig‘lab yubordi. Afsona u bilan xayrlashgani kelgan oilasi, jamoa a'zolarini ko‘rib, kameralar orqali millionlab muxlislari unga qarab turganini bilgach, «Barselona»dan ketayotganini chinakamiga tushunib yetgan bo‘lsa kerak. Axir shu kungacha juda ko‘p muxlislar Messi «Men baribir «Barselona»da qolaman» deyishini, hammasi hazil bo‘lib chiqishiga umid qilgandi. Messining o‘zi ham oxirgi daqiqada La Liganing beburd rahbariyati zalga kirib kelib, «Leo, sen qolasan, biz futbol tarixidagi eng katta xato bo‘lgan qoidani o‘zgartirdik» deyishini kutgandek edi go‘yo.

Biroq bunday bo‘lib chiqmadi, Messi ketishini e'lon qilishga majbur bo‘ldi. Ayoli unga dastro‘mol uzatgach, Leo biroz tinchlandi va yig‘lamsirab «Ha, men ketyapman, butun umrimni bag‘ishlaganim Barselonamdan ketyapman», dedi.

«13 yoshimda kelgandim, endi xotinim va uch bolam bilan ketyapman»

«Xayrli tong. To‘g‘risi, gapira olamanmi, yo‘qmi – bilmayman. Bu yerga, sizning oldingizga chiqqach, nima deyishim mumkinligini uzoq o‘yladim, lekin hech narsa chiqmadi. «Barselona» bilan xayrlashishga tayyorlana olmadim, axir bu haqda hech qachon o‘ylamaganman.

Byurokratik voqealar bilan esda qolgan tarix ortda qoldi. Ammo bu yil ketishni istamagandim. Ha, o‘tgan yil ketish istagi paydo bo‘lgan, ammo bu yil aniq ketmoqchi emasdim. Men ta'tildan qaytib, yangi shartnoma imzolashni kutgandim, chunki hammasini kelishib olgandik, hamma detallarni. Maoshim 50 foiz qisqarishiga ham rozi bo‘ldim, chunki Barselona mening uyim. Klubda qolishni hammadan ko‘p xohladim va buning uchun qo‘limdan kelganini qildim, lekin bo‘lmadi. La Liganing talablari bunga yo‘l bermadi.

Men Barselonaga juda yosh vaqtimda kelgandim. O‘shanda 13 yosh edim. Bugun esa 21 yil o‘tib rafiqam va uch farzandim bilan ketishga majburman. Klubdagi hammaga rahmat aytishim kerak, bu yerda tasavvur ham qilish qiyin bo‘lgan ajoyib kunlarni boshdan o‘tkazdim. Umid qilaman, nima qilib bo‘lsa ham, «Barselona»ga qaytib, klub dunyoda eng yaxshi bo‘lib qolishiga hissamni qo‘sha olaman», dedi Messi.

Nega Messini olib qola olishmadi?

Gap shundaki, pandemiya vaqtida juda qiyin kunlarni boshidan o‘tkazgan «Barselona» katta qarzga botgan. O‘tgan mavsumda futbolchilarga to‘lanadigan maosh daromaddan 10 foizga ko‘p va moliyaviy feyr-pley qoidalariga ko‘ra bunday holatga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. «Barselona» Messini olib qolish uchun ko‘p maosh oladigan boshqa biror futbolchini sotishi mumkin edi, ammo bunday qilmadi. Shuningdek, Kataloniya klubi Messini olib qolish uchun har xil aylanma yo‘llardan ham foydalanishi mumkin edi, ammo Laporta bergan va'dasini bajarmadi. Oqibatda Messi ketdi.

«Klub bilan La Liga talablariga ko‘ra shartnoma uzaytira olmasligimni aytishganda, ustimdan sovuq suv quygandek bo‘ldi. Hozirgacha o‘sha hissiyotni xayolimdan chiqara olmayapman. Prezident klub katta qarzga botgani va yana qarz olishni istamasligini aytdi. Mendan faqat maoshim 50 foiz qisqarishiga rozilik so‘rashdi, men ikkilanmay rozi bo‘ldim. Keyinchalik yana 30 foizga qisqartirishni so‘rashgani va men rozi bo‘lmaganim haqidagi gaplar – yolg‘on. Klub so‘ragan hamma ishni qildim.

Mening atrofida juda ko‘p yolg‘on mish-mishlar tarqaladi. Muxlislarga esa doim haqiqatni aytganman, axir ular bilan birgalikda o‘sdim, birga xursand bo‘ldik, menga juda ko‘p narsa bergan muxlislarni alday olmayman.

«PSJ»ga o‘tyapmanmi? Rasmiy bayonot e'lon qilingach, ko‘p klublar men bilan aloqaga chiqishdi. «PSJ» variantlardan biri, lekin hali hech kim bilan kelishuvga erishmadim. «PSJ»dagi yigitlar bilan tushgan suratim hech narsani anglatmaydi. Di Mariya va Paredas bilan Ibitsada uchrashishga kelishdik. Keyin Neymar telefon qildi, u ham Ibitsada ekan. Keyin ularni uyga taklif qildim va birga suratga tushdik. Bunga juda ko‘p e'tibor berish shart emas, ular mening do‘stim», dedi Leo.

Messi hali ko‘p sovrin yutmoqchi ekanini aytib, sobiq jamoadoshi Dani Alvesga yetib olishga urinishini aytib, hazillashdi.

«Men yana bitta YeChLni yutishni istayman. Biz ikki marta juda yaqin kelgandik, bir safar «Liverpul»ga, bir safar Gvardiola bilan «Chelsi»ga yarimfinalda yengildik. Mening maqsadim sovrinlar yutish borasida Dani Alvesga yetib olish, uning kecha olimpiadadagi yutug‘idan xursand bo‘ldim», dedi Messi.

Ma'lumot uchun, Dani Alves Tokio olimpiadasini ham qo‘shib hisoblaganda 43ta sovrin yutdi va u tarixdagi eng sovrindor futbolchi hisoblanadi. Messida esa «atigi» 35ta sovrin bor.

Messi so‘zi yakunida «Barselona»ning tarkibi kuchli ekanini aytdi: «Hech kim klubdan muhim bo‘la olmaydi. Futbolchilar «Barselona»ga kelishda davom etadi. Hozir ham juda yaxshi tarkib yig‘ilgan».

Shu tariqa, Messi bilan xayrlashuv matbuot anjumani yakunlandi. Zalda yig‘ilgan barcha Leoni tik turgan holda qarsaklar bilan kuzatib qo‘ydi.

Mavzuga oid