Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
AQSh hukumati koronavirus pandemiyasi davrida Markaziy Osiyoda mehnat muhojirlari uchun 2 mln dollar ajratadi
Loyiha o‘zbekistonlik mehnat muhojirlarini qo‘llab-quvvatlashni ham o‘z ichiga oladi.
Foto: uz.usembassy.gov
AQSh hukumati Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) orqali koronavirus pandemiyasi davrida Markaziy Osiyoda muhojirlarni himoya qilish uchun 2 million dollar ajratadi.
AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi xabariga ko‘ra, ushbu yordam USAID tomonidan moliyalashtirilgan va Winrock International amalga oshirayotgan «Markaziy Osiyoda xavfsiz migratsiya» loyihasi doirasida taqdim etilib, u o‘zbekistonlik mehnat muhojirlarini qo‘llab-quvvatlashni ham o‘z ichiga oladi.
Koronavirus pandemiyasi Markaziy Osiyodagi millionlab muhojirlarning gumanitar va moliyaviy inqiroziga olib keldi, ularning aksariyati Markaziy Osiyo bo‘ylab tranzit va o‘tish joylarida qiyinchiliklarga duch kelmoqda.
Ish va chetdan yuborilayotgan pul mablag‘larini yo‘qotish oilalarni tegishli resurslarsiz hamda huquqiy himoyasiz qoldirdi. Migrantlar, shuningdek, o‘zlarini virusdan qanday himoya qilish to‘g‘risida ma'lumot va resurslarga ega emaslar.
USAID «Markaziy Osiyoda xavfsiz migratsiya» loyihasi doirasida juda zarur bo‘lgan yordamni taqdim etadi, shu jumladan axborot manbalari bilan ta'minlaydi, asosiy xizmatlarga yo‘llanmalar beradi, muqobil turmush tarzini qo‘llab-quvvatlaydi, muhojirlarga ushbu qiyin vaziyatni yengishda yordam berish uchun ko‘nikmalar va treninglar o‘tkazadi. Loyiha, shuningdek, yuridik va psixologik yordam ko‘rsatish orqali muhojirlarning huquqlarini himoya qiladi.
«Markaziy Osiyoda xavfsiz migratsiya» loyihasi Markaziy Osiyoning besh respublikasiga dalillarga asoslangan amaliyot va transchegaraviy munosabatlarda o‘zaro javobgarlikni kuchaytirish, odam savdosining oldini olish, jabrlanganlarni himoya qilish va xavfsizligini kuchaytirishda hukumatlar, NNT va xususiy sektorning samaradorligini oshirishni qo‘llab-quvvatlaydi.