Jahon | 09:57 / 05.01.2026
6327
4 daqiqa o‘qiladi

Venesuelaning vaqtincha rahbari AQShga hamkorlikni taklif qildi

Venesuela va AQSh xalqaro huquqqa tayangan holda birgalikda rivojlanishi mumkin, dedi Delsi Rodriges. U AQSh harbiylari Nikolas Maduroni mamlakatdan olib chiqib ketganidan keyin Venesuelaning vaqtincha prezidenti bo‘ldi.

Foto: Instagram / delcyrodriguezv

Venesuelaning vaqtincha prezidenti Delsi Rodriges bildirishicha, Karakas qo‘shnilar bilan tinch-totuv yashash tamoyiliga sodiq, tashqi tahdidlarsiz hayot kechirishga intiladi, hurmat va xalqaro hamkorlik muhitida yashashni xohlaydi. Siyosatchi yakshanba, 4 yanvar kuni Instagram’dagi sahifasiga joylashtirilgan ochiq maktubida AQSh hukumatini hamkorlikka chaqirdi.

Rodrigesning aytishicha, Karakas “AQSh va Venesuela o‘rtasida”, shuningdek mintaqaning boshqa davlatlari bilan “muvozanatli va o‘zaro hurmatga asoslangan xalqaro munosabatlarni rivojlantirish”ga “birinchi darajali ahamiyat” beradi. “Biz AQSh hukumatini xalqaro huquq doirasida, jamiyatda mustahkam birga yashashni (hamjihatlikni) kuchaytirish uchun o‘zaro rivojlanishga yo‘naltirilgan dastur doirasida hamkorlikka taklif qilamiz”, — deb yozdi Rodriges.

Siyosatchi AQSh prezidenti Donald Trampga bevosita murojaat ham qildi. U ikki xalq va mintaqa “urush emas, tinchlik va muloqotga loyiq” ekanini qayd etdi. Rodrigesning so‘zlariga ko‘ra, bu — avvalroq harbiy operatsiya vaqtida rafiqasi bilan birga qo‘lga olinib, AQShga olib ketilgan Nikolas Maduroning ham asosiy pozitsiyasi bo‘lgan.

Shu kunning o‘zida Donald Tramp Delsi Rodriges AQSh hokimiyati bilan hamkorlik qilmasa, “yuqori narx to‘laydi”, deb aytgan edi. “Ehtimol, Madurodan ham kattaroq”, — deya AQSh prezidentining so‘zlarini keltirgan The Atlantic nashri.

Bundan oldin, Nikolas Maduro va uning rafiqasi qo‘lga olinganiga bag‘ishlangan matbuot anjumanida Tramp Venesuelada vaqtincha boshqaruvni uning ma’muriyati amalga oshirishini e’lon qildi. Bloomberg ma’lumotiga ko‘ra, bu jarayonda asosiy rolni AQSh davlat kotibi Marko Rubio o‘z zimmasiga olishi kerak. Tramp AQShning mamlakatdagi vaqtincha boshqaruvi hokimiyatning “munosib” (to‘g‘ri tartibdagi) o‘tishiga qadar amal qilishini aytdi.

Rodriges esa, o‘z navbatida, mamlakatda fors-major holatlar tufayli sud qarori bilan Venesuelaning vaqtincha prezidenti etib tayinlangan. U Venesuelaning legitim prezidenti Nikolas Maduro bo‘lib qolishini ta’kidladi. OAV esa Maduro lavozimidan rasman chetlatilmaganini qayd etadi.

Associated Press agentligi yozishicha, AQSh davlat kotibi Marko Rubio keyinroq Trampning Venesuelani “boshqarish” haqidagi bayonotlarini yumshatishga uringan. U mamlakatdagi ichki jarayonlarni nazorat qilishga urinish haqida gap ketmayotganini aytgan. Rubio so‘zlariga ko‘ra, AQSh faqat Tramp avvalroq Venesuelaga nisbatan joriy etgan “neft karantini”ni qo‘llab-quvvatlashda davom etadi, aynan shu narsa mamlakatdagi siyosiy o‘zgarishlarni ilgari surish uchun bosim dastagi bo‘lishi kerak.

“Prezident (Tramp — tahr.) bu haqda gapirganda nazarda tutayotgan ‘nazorat’ aynan shu, — dedi Davlat departamenti rahbari CBS telekanalidagi Face the Nation dasturi efirida. — Biz bu karantinni davom ettiramiz va o‘zgarishlar faqat neft sanoati xalq manfaati yo‘lida boshqarilishida emas, balki ular (Venesuela hokimiyati — tahr.) narkotik yetkazib berishni to‘xtatishida ham bo‘lishini kutamiz”.

Karakasga bosim o‘tkazish vositasi sifatida “neft karantini” haqida AQSh prezidenti dekabr o‘rtasida ma’lum qilgan edi. Vashingtonga ko‘ra, neft eksportidan keladigan daromadlarsiz Karakasni bir necha hafta ichida iqtisodiy falokat kutadi.

Mavzuga oid