Jahon | 16:03 / 16.11.2025
6509
4 daqiqa o‘qiladi

Meksikada shahar meri o‘ldirilishi ortidan yirik namoyish boshlandi

To‘qnashuvlar oqibatida o‘nlab kishilar jabrlangan.

Foto: Reuters

Politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, Meksika poytaxti Mexiko shahrida hukumatga qarshi namoyishlar chog‘idagi to‘qnashuvlar chog‘ida kamida 120 kishi jarohatlangan, ulardan 100 nafari politsiya xodimlaridir.

Shanba kuni minglab namoyishchilar zo‘ravonlik jinoyatlari hamda prezident Klaudiya Sheynbaumning siyosatiga qarshi norozilik bildirib, Meksika poytaxti bo‘ylab yurish qildi.

Davlat rahbari mamlakatning boshqa shaharlarida ham bo‘lib o‘tgan marshlar uning hukumatiga qarshi bo‘lgan o‘ng siyosatchilar tomonidan moliyalashtirilganini aytdi.

Poytaxtdagi miting «Z avlod» deb nom olgan yoshlar tomonidan uyushtirilgan hamda boshqa norozi fuqarolar, jumladan, yaqinda kartellarga qarshi qat’iy choralar ko‘rishga chaqirgan Uruapan shahri meri Karlos Mansoning o‘ldirilishiga qarshi norozilik bildirgan fuqarolar tomonidan qo‘llab-quvvatlangan.

Namoyishchilar Sheynbaum yashaydigan Milliy saroyni himoya qiluvchi to‘siqning bir qismini buzib tashlagan. Kompleksni qo‘riqlayotgan politsiya yig‘ilganlarga qarshi ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz qo‘llagan.

Rasmiylar talonchilik va hujum kabi huquqbuzarliklar uchun 20 kishini hibsga oldi, dedi jurnalistlarga Mexiko xavfsizlik xizmati rahbari Pablo Vaskes.

Namoyishchilar «Biz barchamiz Karlos Mansomiz» deb yozilgan plakatlarni ko‘tarishgan, boshqalar esa unga hurmat belgisi sifatida kovboy shlyapalarini kiyib olishgan.

Namoyishchilar Sheynbaum yashaydigan Milliy saroyni o‘rab turuvchi to‘siqning bir qismini buzib tashladi.

Manso 1 noyabr kuni O‘liklar kuni festivaliga borganida otib o‘ldirilgan.

Uruapanning o‘ldirilgan meri Karlos Manso ochiqchasiga Meksikani o‘nlab yillar davomida dahshatga solib kelayotgan narkokartellarga qarshi qat’iy kurashishga chaqirdi. Foto: Getty Images

U o‘z shahridagi narkosavdogarlar to‘dalari va kartellarning zo‘ravonligi haqida ochiq gapirishi bilan tanilgandi. U mamlakatga dahshat solayotgan qurollangan kartel a’zolariga qarshi qat’iy choralar ko‘rishni talab qilib kelardi.

Sheynbaum kartellarga qarshi choralar ko‘radi, ammo giyohvand moddalarga qarshi yangi total urush boshlash bo‘yicha chaqiriqlarga qo‘shilmaydi.

Marshdan bir necha kun oldin prezident namoyish haqidagi xabarlar internetda botlar tomonidan tarqatilayotgani va targ‘ib qilinayotganini aytgandi.

«Agar yoshlarning talablari bo‘lsa, biz so‘z erkinligi va namoyishlar erkinligiga rozimiz, lekin bu yerda gap namoyishni kim targ‘ib qilishida», degandi u.

«Odamlar hech kim boshqalar qo‘lida qo‘g‘irchoq bo‘lmasligi uchun bu namoyish qanday tashkil etilganini bilishlari kerak», deya qo‘shimcha qilgandi Sheynbaum.

Prezident o‘z lavozimining birinchi yilida 70 foizdan yuqori reytingni saqlab qoldi va AQSh prezidenti Donald Trampning asosiy talabi bo‘lgan fentanil savdosiga qarshi kurashda muvaffaqiyatga erishdi.

Biroq, u mamlakatni qamrab olgan zo‘ravonlikni to‘xtata olmagani uchun tanqid qilinmoqda va qo‘shni davlatlar tomonidan o‘sib borayotgan adovatga duch kelmoqda.

Shu oy boshida Peru kongressi Sheynbaumni persona non grata deb e’lon qilgandi.

Bu qaror Meksika hukumati Peruning 2022 yilda davlat to‘ntarishiga urinishda ayblangan sobiq bosh vaziriga boshpana berishi ortidan Peru Meksika bilan diplomatik aloqalarni uzishi bilan birga qabul qilindi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid