Jahon | 09:49 / 24.04.2026
7671
4 daqiqa o‘qiladi

Maduroning ag‘darilishidan 400 ming dollar ishlab olgan AQSh Maxsus kuchlari harbiysi qo‘lga olindi

Nikolas Maduroni qo‘lga olish operatsiyasida shaxsan qatnashgan Maxsus kuchlar master-serjanti Gannon Van Dayk maxfiy ma’lumotlardan foydalangan holda Polymarket prognoz bozorida garov o‘ynagan. U AQSh kuchlarining Venesuelaga kirishi va Maduroning hokimiyatdan ketishiga pul tikib, 400 ming dollar ishlaganlikda ayblanmoqda.

Foto: AQSh harbiylari qurshovidagi Nikolas Maduro va uning rafiqasi / Foto: Getty Images

23 aprel kuni AQSh Adliya vazirligi Nikolas Maduroni qo‘lga olish operatsiyasida ishtirok etgan AQSh armiyasi askariga ayblov e’lon qilinganini bildirdi. Ma’lum qilinishicha, serjant Venesuela yetakchisi hokimiyatdan chetlatilishiga pul tikib, 400 ming dollar ishlaganlikda ayblanmoqda.

Maxsus kuchlar master-serjanti Gannon Van Dayk maxfiy ma’lumotlardan foydalangan holda Polymarket prognoz bozorida AQSh kuchlarining Venesuelaga kirishi va Maduroning hokimiyatdan ketishi borasida garov o‘ynagan. Reutersʼning yozishicha, holat Maduro 2026 yil 3 yanvarda hibsga olinishidan bir necha hafta oldin ro‘y bergan.

Manxetten federal sudi hakamlar hay’ati 38 yoshli Van Daykka nisbatan:

  • hukumatning maxfiy ma’lumotlaridan shaxsiy manfaat yo‘lida noqonuniy foydalanish;
  • hukumatning ommaga ochiq bo‘lmagan ma’lumotlarini o‘g‘irlash;
  • tovarlar bilan bog‘liq firibgarlik;
  • elektron aloqa vositalari orqali firibgarlik;
  • noqonuniy pul operatsiyalarini amalga oshirish kabi ayblovlar e’lon qildi.

Ushbu ish Adliya vazirligi tomonidan bashoratlar bozori (prediction market) bilan bog‘liq insayderlik savdosi bo‘yicha ayblov qo‘yilgan ilk holat bo‘ldi.

«Formadagi erkak va ayollarimizga missiyalarini iloji boricha xavfsiz va samarali bajarishlari uchun maxfiy ma’lumotlar ishonib topshiriladi va ularga ushbu o‘ta nozik ma’lumotlardan shaxsiy moliyaviy manfaat yo‘lida foydalanish taqiqlanadi», dedi AQSh bosh prokurori vazifasini bajaruvchi Todd Blansh o‘z bayonotida.

Ayblov xulosasiga ko‘ra, Van Dayk 2008 yildan beri AQSh armiyasida haqiqiy harbiy xizmatchi bo‘lib, oxirgi vaqtlarda Shimoliy Karolinadagi "Fort-Bragg" bazasida xizmat qilgan.

Prokurorlarning ta’kidlashicha, Van Dayk Maduroni qo‘lga olish operatsiyasini «rejalashtirish va ijro etishda» ishtirok etgan. Ayblov xulosasida Van Dayk 3 yanvar kuni erta tongda — Maduro desant kemasiga olib kelinganidan bir necha soat o‘tgach o‘zining internetdagi hisobiga yuklagan fotosuratiga e’tibor qaratilgan.

«Ushbu fotosuratda dengizdagi kema palubasida, quyosh chiqayotgan vaqtda harbiy kiyimda va miltiq ko‘targan Van Dayk hamda uning yonida harbiy kiyimdagi yana uch kishi tasvirlangan», deyiladi ayblov xulosasida.

Boshqa munosabatlar

Nashrning yozishicha, Van Daykning himoyachi advokati haqidagi ma’lumotlar hozircha mavjud emas. Adliya vazirligi harbiy xizmatchi keyinroq Shimoliy Karolinada sudya huzuriga keltirilishi bildirdi. Pentagonning o‘zi izoh bermasi, buni Adliya vazirligiga havola qildi.

Prezident Donald Tramp jurnalistlarning hibsga olish haqidagi savoliga javob berar ekan, ushbu ishdan unchalik xabardor emasligini aytdi. Trampning aytishicha, bu unga qimor mojarosi tufayli Beysbol oliy ligasidan chetlatilgan Pit Rouzni eslatgan.

«Bu xuddi Pit Rouzning o‘z jamoasiga garov tikkaniga o‘xshaydi. Agar u o‘z jamoasiga qarshi pul tikkanida, bu juda yomon bo‘lardi, lekin u o‘z jamoasining foydasiga tikkan. Men buni o‘rganib chiqaman», dedi Tramp.

Polymarket portali o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi postida ushbu masalani Adliya vazirligiga yo‘llaganini bildirdi. «Insayderlik savdosiga Polymarket'da o‘rin yo‘q. Bugungi hibsga olish – tizim ishlayotganining isbotidir», deyiladi postda.

AQSh Tovar fyucherslari savdosi bo‘yicha komissiyasi ham Van Daykka nisbatan fuqarolik da’volarini kiritdi.

Фаррух Абсаттаров
Tayyorlagan Фаррух Абсаттаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid