O‘zbekiston | 19:44 / 15.06.2021
6158
3 daqiqa o‘qiladi

Tanzila Norboyeva: «O‘zbekiston xotin-qizlarning parlament va hukumatdagi ishtiroki bo‘yicha AQSh va Germaniya kabi rivojlangan davlatlarni ortda qoldirdi»

Bugun, 15 iyun kuni Toshkentdagi Vestminster universitetida Markaziy Osiyo va Afg‘onistonda barqaror rivojlanish sari xotin-qizlarni iqtisodiy qo‘llab-quvvatlash mavzusida xalqaro biznes-forum o‘tkazildi.

Forumda Markaziy Osiyodagi 5 davlat va Afg‘onistondan yuzdan ortiq rahbar va tadbirkor ayollar ishtirok etdi. Shuningdek, BMT bosh kotibi yordamchisi Miryana Egger ham qatnashdi.

Anjumanda xotin-qizlar tadbirkorligini rivojlantirish, olti mamlakatdagi tadbirkor ayollarning o‘zaro hamkorligini mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.

Tadbirda so‘z olgan O‘zbekiston Gender tengligi komissiyasi raisi Tanzila Norboyeva Markaziy Osiyo davlatlari boshqaruvida xotin-qizlarning o‘rni oshib borayotganini ta'kidladi.

«So‘nggi 20 yil davomida Markaziy Osiyo davlatlarining paramentlarida ayollar ulushining 2 baravarga oshirilgani katta yutuq, deb hisoblayman. 10 yildan beri mehnat faoliyatiga jalb etilgan xotin-qizlar ulushi o‘rtacha 65 foizni tashkil etyapti.

Mana shu statistika xotin-qizlarsiz iqtisodiyotni rivojlantirish mumkin emasligiga dalildir.

O‘zbekistondayam xotin-qizlar masalalariga alohida e'tibor berilyapti. Birgina misol: 190 ta davlat parlamentlarini birlashtirgan Parlamentlararo ittifoqning e'tirof etishicha, xotin-qizlarning parlament va hukumat doirasida ishtiroki bo‘yicha O‘zbekiston ittifoqqa a'zo davlatlar orasida 45-o‘rinni egalladi. Bu ko‘rsatkich bo‘yicha mamlakatimiz nafaqat mintaqa, balki qator rivojlangan G‘arb davlatlari – AQSh, Germaniya, Avstraliya, Kanadadan yuqori pog‘onaga chiqib oldi. 3-4 yil oldin 128-o‘rinda turardik.

Kuni kecha Senat yalpi majlisida muhim hujjat – 2030 yilgacha gender tenglikka erishish strategiyasi qabul qilindi.

Strategiya ustida 1 yildan ortiqroq vaqt mobaynida ishladik va xalqaro baholash indikatorlariga moslashtirdik. Bu hujjat orqali xotin-qizlarni rahbarlikka tayyorlab, tavsiya etib boramiz, bandlik masalalarini kuchaytiramiz, ularning moliyaviy resurslarga egalik qilish huquqlarini qat'iy talab qilamiz.

Avvalgidek bu vazifalar bilan faqat xotin-qizlar masalalari bilan shug‘ullanadigan tashkilotlar emas, balki vazirliklar, hokimliklar ham shug‘ullanadi.

Bundan tashqari, xotin-qizlarga kredit ajratish maqsadida respublika darajasida xotin-qizlar maqsadli jamg‘armasi tashkil etildi, davlat budjetidan har yili 300 mlrd so‘m ajratilishi belgilab qo‘yildi. Bizni endi oldingiday qayerdan kredit olarkanmiz, degan o‘ylar bezovta qilmaydi. Ijtimoiy jihatdan muhtoj bo‘lgan 1,5 mln ayollarni kambag‘allikdan chiqarish bo‘yicha ish olib boryapmiz», – dedi Norboyeva.

Tadbirda ushbu forum Markaziy Osiyo yetakchi ayollari muloqoti doirasida o‘tkazilayotgan eng muhim tadbir deya ta'kidlandi.

Forum ishtirokchilari Markaziy Osiyo ayollari o‘rtasida har tomonlama hamkorlik qilish masalasida yo‘l xaritasi ham qabul qiladi. Loyiha hujjatlari qatnashayotgan mamlakat rahbarlari bilan kelishilgan va forumda aytilgan takliflarni inobatga olgan holda qabul qilinadi.

Mavzuga oid