Jahon | 11:48 / 16.03.2026
7572
10 daqiqa o‘qiladi

Eron yadro quroliga erishsa, O‘zbekiston uchun tahdidmi?

Davom etayotgan AQSh–Eron qarama-qarshiligi Markaziy Osiyo uchun nafaqat iqtisodiy, balki xavfsizlik va geosiyosiy muvozanat nuqtayi nazaridan ham jiddiy oqibatlar keltirishi mumkin. Logistika yo‘laklari, mintaqadagi turkiy davlatlarning strategik roli, ehtimoliy yadro qurollanish poygasi va Eron ichidagi barqarorlik masalasi O‘zbekiston hamda butun mintaqa manfaatlariga bevosita ta’sir qiladi.

Kun.uz’ning “Geosiyosat” dasturida tahlilchilar Eronning yadro quroliga ega bo‘lish ehtimoli va bunday ssenariyning Markaziy Osiyoga ta’siri haqida
so‘z yuritdi.

O‘zbekiston va Markaziy Osiyo uchun Erondagi vaziyat qanday natija bilan yakunlangani manfaatli bo‘ladi?
 
Kamoliddin Rabbimov: Eron atrofidagi vaziyatga bir nechta nuqtai nazardan qarash kerak. Agar Eronda siyosiy tizim qulaydigan bo‘lsa, bu avvalo mintaqada Isroilning geosiyosiy mavqei yanada kuchayishiga olib kelishi mumkin. Shu bilan birga, Eron uzoq muddatli beqarorlik va turbulentlik davriga kirishi ehtimoli ham mavjud.

Bunday jarayon kamida 15-20 yil davom etishi, hatto ayrim ssenariylarda mamlakat parchalanish xavfini ham yuzaga keltirishi mumkin. Bu xavfni inkor etib bo‘lmaydi, chunki mamlakat ichida kurdlar va boshqa etnik-siyosiy omillar ham mavjud.

Agar shunday vaziyat yuzaga kelsa, mintaqadagi geosiyosiy e’tiborning asosiy yo‘nalishi ham o‘zgarishi mumkin. Bu holatda Isroil va AQShning strategik e’tibori ko‘proq Turkiyaga qaratilishi ehtimoli bor. Turkiya esa turkiy davlatlar ichida eng yirik va yetakchi davlatlardan biri bo‘lib, biz uchun ham muhim hamkor hisoblanadi.

Shu sababli Yaqin Sharqdagi geosiyosiy muvozanatdagi har qanday o‘zgarish butun mintaqadagi siyosiy va iqtisodiy muhitga ta’sir qiladi. Bu jarayon Markaziy Osiyo davlatlariga ham ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Masalan, hozirgi paytda transport va logistika nuqtayi nazaridan bir nechta yo‘nalishlar muhim hisoblanadi: sharqiy yo‘nalish – Xitoyga, g‘arbiy yo‘nalish – Turkiyaga, janubiy yo‘nalish esa Afg‘oniston, Pokiston va Eron orqali chiqish imkoniyatlarini o‘z ichiga oladi. Shuning uchun Eronda siyosiy tizimning qulash ehtimoli biz uchun ham uzoq muddatli muammolarni anglatishi mumkin.

Shu bilan birga, Eron siyosiy tizimi barqarorligini saqlab qolgan holda o‘zini isloh qilishi zarur. Chunki tizimda muammolar mavjudligini nafaqat tashqi kuzatuvchilar, balki siyosiy tizimning o‘zi va uning tarafdorlari ham yaxshi biladi. So‘nggi o‘n yilliklarda mamlakat ichida inson huquqlari, fuqarolik erkinliklari va qo‘shni davlatlar bilan munosabatlar borasida muammolar yuzaga kelmoqda.

Aslida muammo siyosiy tizim legitimligining yetishmasligi bilan bog‘liq. Bu masala so‘nggi 10-20 yil davomida vaqti-vaqti bilan keskinlashib kelmoqda. Albatta, bu jarayonda tashqi bosimlar ham mavjud — xususan, Isroil va AQShning siyosiy bosimi ham o‘z rolini o‘ynaydi. Ammo shunga qaramay, ichki legitimlik masalasi real muammo ekanini inkor etib bo‘lmaydi. Shu sababli Eron siyosiy tizimining sog‘lom va barqaror bo‘lishi muhim. Mintaqa uchun ham eng maqbul ssenariy – Eronning barqaror va kuchli davlat sifatida saqlanib qolishidir. Buning uchun esa mamlakat ichida siyosiy islohotlar amalga oshirilishi zarur.

Bektosh Berdiyev: Bu ta’sirni baholashda siyosiy, gumanitar va iqtisodiy omillarni alohida ko‘rib chiqish zarur. Avvalo, iqtisodiy jihatni aytish kerak. Bu yerda eng muhim masalalardan biri logistika hisoblanadi. Chunki O‘zbekiston so‘nggi yillarda janubiy yo‘nalishlar orqali yangi transport yo‘laklariga chiqishga harakat qilayotgan davlatlardan biriga aylanmoqda. Xususan, Trans-Afg‘on koridori orqali Mozori Sharifdan keyin Eron hududi orqali uning dengiz portlariga, shuningdek, Pokistonga chiqish imkoniyati muhokama qilinmoqda.

Biroq Pokiston yo‘nalishi hozirda “Tolibon” va Pokiston o‘rtasidagi keskinlik sabab ancha murakkablashib qolgan. Shu sababli O‘zbekiston uchun muhim bo‘lib turgan yo‘nalishlardan biri Eron orqali chiqish imkoniyati edi. Afsuski, hozirgi urush holati bu imkoniyatlarni sezilarli darajada murakkablashtirishi mumkin.

Agar Eron hududiy jihatdan beqarorlashsa yoki parchalanish xavfi yuzaga kelsa, logistika masalalari yanada qiyinlashadi. Masalaning siyosiy jihati ham kam ahamiyatli emas. Hozirgacha Eronda shia mafkurasi hukmron bo‘lsa-da, mamlakat Iroq va Suriyada faol bo‘lgan ko‘plab radikal yoki terroristik guruhlar uchun ma’lum darajada to‘siq vazifasini bajarib kelgan.
Agar Eronda davlatchilik izdan chiqsa yoki davlat institutlari zaiflashsa, turli radikal guruhlarning bu hududda mustahkamlanib olish ehtimoli ortadi. Bu esa kelajakda Markaziy Osiyo uchun ham xavfsizlik tahdidlarini kuchaytirishi mumkin.

Bundan tashqari, Eron mintaqada muvozanatni ushlab turuvchi davlatlardan biri hisoblanadi. Masalan, Afg‘onistonda “Tolibon” harakatining ayrim siyosiy qarorlarini muvozanatda ushlab turishda Eronning roli ma’lum darajada mavjud. Agar Eron parchalanib yoki zaiflashib qolsa, bu “Tolibon”ning mintaqaviy siyosatda oldindan bashorat qilib bo‘lmaydigan harakatlar qilish ehtimolini ham oshirishi mumkin.

Shavkat Ikromov: Eronda qanday siyosiy tuzum bo‘lishidan qat’i nazar, u yerda sog‘lom va barqaror siyosiy tizim mavjud bo‘lishi muhim. Chunki kuchli va barqaror Eron Markaziy Osiyo uchun ham katta ahamiyatga ega. Avvalo, xavfsizlik nuqtayi nazaridan muhim. Iqtisodiy jihatdan ham barqaror Eron mintaqa davlatlari uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.
Rasmiy Tehron yadro qurolga ega chiqsa ham, bu Markaziy Osiyo uchun tahdid emas deb o‘ylayman.
Masalan, mintaqada yadro quroliga ega davlatlar allaqachon mavjud. Pokiston ham yadro quroliga ega davlat bo‘lib, u Markaziy Osiyoga geografik jihatdan yaqin joylashgan. Shuning uchun mintaqada xavfsizlik muvozanati masalasi juda murakkab.

Shu sababli Markaziy Osiyo davlatlari uchun iqtisodiy va siyosiy jihatdan barqaror, kuchli Eron mavjud bo‘lishi muhim. Eronning barqarorligi va kuchi mintaqa uchun asosan ijobiy omil bo‘lib xizmat qiladi. Chunki Eron Markaziy Osiyo bilan tarixiy va madaniy jihatdan yaqin aloqalarga ega. Shu bilan birga, u mintaqani iqtisodiy hamkorlik va bozor sifatida ham ko‘radi. Ayrim sohalarda esa resurslar va savdo aloqalari nuqtayi nazaridan ham hamkorlik imkoniyatlari mavjud.

Shuningdek, Eron rahbariyati o‘tgan davr tajribasidan kelib chiqib, shialik mafkurasini faol tarzda eksport qilish siyosatidan chekingan. So‘nggi yillarda bu boradagi yondashuv ham sezilarli darajada o‘zgardi.

Shuhrat Rasul: Agar Eron yadro quroliga ega bo‘lsa, bu mintaqada “Pandora qutisi” ochilishiga o‘xshash jarayonni boshlab yuborishi mumkin. Bunday holatda boshqa mintaqaviy kuchlar ham yadro quroliga ega bo‘lishga intilishi ehtimoli ortadi. Masalan, Turkiya bunday imkoniyatni ko‘rib chiqishi mumkin va texnologik jihatdan bunga erishish salohiyatiga ega. Xuddi shunday, Saudiya Arabistoni va Misr ham yadro dasturini jadallashtirishga harakat qilishi mumkin.
Natijada bunday jarayon domino effekti kabi kengayib, boshqa davlatlarni ham yadro quroliga ega bo‘lishga undashi ehtimoli bor. Agar bir davlat o‘z xavfsizligi uchun yadro qurolini zarur deb hisoblasa, uning qo‘shnilari ham buni xavf sifatida qabul qilib, shunga o‘xshash choralarni ko‘rishga intiladi.

Shu tariqa nafaqat Yaqin Sharqda, balki dunyoning boshqa mintaqalarida ham yadro quroliga ega davlatlar soni keskin ortishi mumkin.Masalan, Janubi-Sharqiy Osiyodagi ayrim davlatlar ham shunday xulosaga kelishi mumkin: agar boshqa davlatlar yadro quroliga ega bo‘la olsa, nega biz ham bunday imkoniyatni ko‘rib chiqmasligimiz kerak?!
Bu esa global miqyosda yadro qurollanish poygasini kuchaytirish ehtimolini oshiradi. Shu nuqtai nazardan, Eronning yadro quroliga ega bo‘lishi Markaziy Osiyo uchun ham muayyan xavf tug‘dirishi mumkin. Ba’zan Eron Markaziy Osiyoni tarixiy va madaniy jihatdan yaqin hudud sifatida ko‘rishi haqida fikrlar bildiriladi.

 Bunday qarashlar noto‘g‘ri talqin qilinsa yoki siyosiy ambitsiyalar bilan uyg‘unlashsa, kelajakda mintaqaviy munosabatlarda turli xavotirlarni keltirib chiqarishi ehtimolini ham inkor etib bo‘lmaydi.

Suhbatni YouTube’dagi “Geosiyosatkunuz” kanalida to‘liq tomosha qilishingiz mumkin.

Нормуҳаммадали Абдураҳмонов
Muallif Нормуҳаммадали Абдураҳмонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid