Jahon | 21:12 / 04.04.2026
2171
8 daqiqa o‘qiladi

Xitoy va Pokiston Eron urushida vositachi bo‘lmoqchi. Ular nimani taklif qildi?

Xitoy va Pokiston Yaqin Sharqdagi urushni to‘xtatish bo‘yicha qo‘shma tashabbus bilan chiqdi. Unda harbiy harakatlarni darhol to‘xtatish, tinchlik muzokaralari, fuqarolik va energetika obektlarini himoya qilish, savdo yo‘llari xavfsizligi va BMT ustaviga amal qilish belgilangan.

Siyosatshunoslar Islomxon Gaffarov va Bektosh Berdiyev Kun.uz'ning “Geosiyosat” dasturida mavzuni atroflicha sharhlab berdi.

Islomxon Gaffarov: Pokiston va Xitoy Xalq Respublikasining qo‘shma bayonoti beshta asosiy banddan iborat.

Birinchi bandda ular tomonlarni urush harakatlarini zudlik bilan to‘xtatishga chaqirdi. Bu fikrning asosiy mazmuni – neft masalasi bilan bog‘liq. Ya’ni Erondan Xitoyga yo‘naltirilayotgan neft oqimini himoya qilish va uni xavfsiz saqlash zarurati ushbu chaqiriqqa asos bo‘lgan, deb taxmin qilish mumkin.

Ikkinchi bandda darhol tinchlik muzokaralarini boshlash zarurligini ta’kidlangan. Shu bilan birga, ular alohida qayd sifatida Eronning hududiy yaxlitligini qo‘llab-quvvatlashlarini bildirdi. Bu bayonot bejiz emas, chunki Eron atrofidagi harbiy harakatlar boshlangan paytda Isroil tomonidan “ozod ozarlar”, “ozod balujlar” kabi iboralar tilga olinib, Eron ichida separatistik kayfiyatlarni qo‘zg‘atishga urinishlar bo‘lgan edi.

Pokiston va Eron qariyb 900 kilometr umumiy chegaraga ega. Bu hududda asosan baluj xalqi yashaydi. Ularning bir qismi Eronda, yana bir qismi Afg‘onistonda, eng katta qismi esa Pokistonda istiqomat qiladi. Agar Eronda balujlar orasida separatistik harakatlar kuchaysa, bu holat Pokiston hududida ham aks-sado berishi muqarrar. Chunki bu yerda ular nisbatan kuchliroq va ayrim qurolli tuzilmalarga ham ega. Shu bois Isroil tomonidan bu kabi chaqiriqlarning yangrashi Pokistonning hududiy yaxlitligiga ham xavf tug‘dirishi mumkin. Demak, Eronning hududiy yaxlitligini qo‘llab-quvvatlash haqidagi bayonot aynan shu xavotirlar bilan bog‘liq.

Uchinchi bandda fuqarolik va energetika obektlariga zarba bermaslik zarurligi ta’kidlandi. Ya’ni hatto mojaro davom etgan taqdirda ham, tinch aholi va strategik infratuzilma himoya qilinishi kerakligi alohida qayd etildi. Bu yerda, ayniqsa, Xitoyning iqtisodiy manfaatlari yaqqol ko‘zga tashlanadi.

To‘rtinchi bandda dengiz savdosi va transport yo‘llarining xavfsizligini ta’minlash masalasi ko‘tarildi. Ya’ni har qanday harbiy keskinlikka qaramay, global savdo yo‘llari, xususan dengiz orqali yuk tashish tizimi uzluksiz ishlashi kerakligi ta’kidlandi.

Qo‘shma bayonot Birlashgan Millatlar Tashkiloti ustavining ustuvorligini e’tirof etuvchi beshinchi band bilan  yakunlangan.

Pokistonning bu bayonotdagi o‘rni va motivlariga to‘xtalsak, u mazkur mojaro doirasida o‘zini potensial vositachi sifatida ko‘rsatishga urinmoqda. Bir tomondan, AQSh Pokistonni “NATOdan tashqaridagi asosiy ittifoqchi” maqomida ko‘radi. Bu maqom ayniqsa Donald Tramp davrida yanada mustahkamlandi. Pokiston bosh vaziri Shahboz Sharif va armiya bosh qo‘mondoni Asim Munirning AQShga tashriflari ham ikki tomonlama aloqalarni kuchaytirdi.

Boshqa tomondan, Pokiston Eron bilan ham yaqin hamkorlik aloqalariga ega. Xususan, Eron Kashmir masalasida Pokistonni qo‘llab-quvvatlaydi. O‘z navbatida, Pokiston Falastin masalasida musulmon dunyosi bilan umumiy pozitsiyaga ega, Isroilni esa davlat sifatida tan olmagan.

Shu jihatdan Pokiston bir vaqtning o‘zida ikki qarama-qarshi tomon bilan aloqaga ega kam sonli davlatlardan biri sifatida vositachilik qilish imkoniyatiga ega. Bu esa xalqaro munosabatlarda “middle power”, ya’ni o‘rta darajadagi ta’sirga ega davlat sifatida o‘z mavqeyini mustahkamlash istagi bilan izohlanadi.

Biroq bu yerda bir paradoks ham mavjud, ya’ni Pokistonning o‘zi ham vositachiga muhtoj davlatlardan biri. Masalan, o‘tgan yili Hindiston bilan Kashmir masalasida keskinlik yuzaga kelganda, Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi Dehli va Islomobod o‘rtasida vositachilik qilishga harakat qilgan edi. Shuningdek, Afg‘oniston–Pokiston yo‘nalishidagi mojarolarda ham Qatar yoki Turkiya kabi davlatlar vositachi sifatida maydonga chiqmoqda. Demak, “vositachiga ham vositachi kerak” degan holat yuzaga kelmoqda.

Pokistonning ushbu bayonoti ma’lum darajada siyosiy signal ham bo‘lishi mumkin. Ya’ni u o‘zini mintaqaviy kuch sifatida ko‘rsatib, ehtimoliy bosim yoki tahdidlarga nisbatan tayyor ekanini bildiradi. Bu, bir tomondan, o‘zini himoya qilish, boshqa tomondan esa xalqaro maydondagi mavqeyini oshirishga qaratilgan.

Xuddi shunday pozitsiyani avvalroq Turkiya ham bildirgan edi. Xususan, uning rasmiylari mamlakatning strategik qudratini oshirish, jumladan, yadro salohiyatini rivojlantirish ehtimolini ham istisno etmagan.

Xitoyning pozitsiyasiga kelsak, u uzoq vaqt sukut saqladi va nihoyat o‘z manfaatlaridan kelib chiqqan holda, ehtiyotkor bayonot bilan chiqdi. Bu bayonot yaqin oylar ichida kutilayotgan Donald Trampning Pekinga tashrifi arafasida muhim diplomatik signal sifatida ham baholanishi mumkin. Ya’ni Xitoy ushbu besh band orqali o‘zining muzokaralardagi asosiy talablarini oldindan belgilab qo‘yayotgan bo‘lishi ehtimoldan xoli emas.

Bektosh Berdiyev: Bu mojaro doirasida vositachilik qilish ancha murakkab. Masalan, dunyodagi yirik davlatlarni ko‘rib chiqadigan bo‘lsak, Rossiya bugungi kunda Ukraina urushi sabab xalqaro siyosatdan ma’lum darajada chetga surilgan. Shu bois u amalda neytral mediator bo‘lish imkoniyatidan mahrum.

Arab davlatlari ma’lum vaqtgacha qulay pozitsiyada edi, biroq so‘nggi voqealar fonida ular Eronga nisbatan salbiy munosabat bildira boshladi. Bunga Eron tomonidan ayrim hududlarga raketa zarbalari berilgani sabab bo‘lmoqda.

Shu nuqtayi nazardan, Turkiya, Pokiston va Xitoy nisbatan maqbul vositachi sifatida ko‘rilmoqda. Turkiya ma’lum darajada harakat qilib ko‘rdi, ammo uning pozitsiyasi ham murakkablashgan, chunki u ayrim holatlarda AQSh va Isroil harakatlarini tanqid qilib, Eronni jabrlangan tomon sifatida ko‘rsatdi. Bu esa uning betaraflik darajasiga putur yetkazib, ayrim tomonlar ishonchini kamaytirdi.

Natijada asosiy e’tibor Pokiston va Xitoyga qaratilmoqda. Biroq Pokistonning ham imkoniyatlari cheklangan. Bir tomondan, u AQSh bilan yaqin hamkor hisoblanadi, ikkinchi tomondan esa Eron bilan ham yaxshi aloqalarga ega. Shu bilan birga, Pokiston Isroilni davlat sifatida tan olmagan va ayrim siyosiy doiralarda keskin bayonotlar ham yangragan. Bu esa Isroil tomonidan Pokistonning ishonchli mediator sifatida qabul qilinishini qiyinlashtiradi.

Demak, Pokiston vositachilik qilgan taqdirda ham, qabul qilinadigan qarorlar Isroil tomonidan to‘liq tan olinmasligi ehtimoli mavjud. Shu sababli eng maqbul va nisbatan betaraf mediator sifatida Xitoy ko‘proq tilga olinmoqda.

To‘liq suhbatni YouTube’dagi “Geosiyosat | Kun.uz” kanalida tomosha qilishingiz mumkin.

Нормуҳаммадали Абдураҳмонов
Muallif Нормуҳаммадали Абдураҳмонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid