Jamiyat | 18:55 / 11.10.2020
29995
11 daqiqa o‘qiladi

Litvadagi o‘zbek auditor - ishni qassoblikdan boshlagani, rostgo‘y litvaliklar va o‘zbeklarga munosabat haqida

Kun.uz'ning «Xorijdagi o‘zbeklar» ruknida bu gal Litvada yashayotgan hamyurtimiz Jamoliddin Salimov o‘z tajribasi bilan o‘rtoqlashadi.

32 yoshli Jamoliddin Salimov Namangan viloyati Kosonsoy tumanida tug‘ilgan. Toshkent islom universitetini xalqaro iqtisodiyot yo‘nalishida tamomlagan.

Bir muddat Kosonsoy tuman davlat soliq inspeksiyasida ishlagan hamyurtimiz ayni paytda Litvadagi «Halol Control Lithuania» kompaniyasida auditor sifatida faoliyat olib bormoqda.

«Bu yerga kelganimga 2 yil bo‘lmadi. Yaqin kelajagimni shu mamlakat bilan bog‘layapman. Shu yerda o‘z biznesimni yo‘lga qo‘yish niyatim bor», – deydi u.

«Avvaliga qassoblik bilan shug‘ullandim»

— Bolaligimda futbolchi bo‘lishni orzu qilganman. Darvozabonlikka havasmand edim. 6-7 yil futbol maktabiga qatnadim. Shuni davom ettirganimda, milliy jamoamiz darvozabonlariga raqobat qila olardim (kuladi). Bilasiz, yosh yigitning orzulari o‘zgaruvchan bo‘ladi. Litseydagi o‘qishim davomida bojxonachi bo‘lishni istab qoldim. NamMIIda (xalq tilida "tekstil") o‘qishni boshlaganimda bojxonachi bo‘lishimga 80 foizga ishongandim, lekin 1 oy ta'tilni Toshkentda akamning yonida, uning novvoyxonasida yordamlashib o‘tkazdim. Ana shu bir oy hayotimga o‘zgarishlar kiritdi. Orzularim va reallik boshqa-boshqa yo‘llardan ketdi. Allohga hamdlar bo‘lsin!

Vatandan ketishimga sabablar juda ko‘p. O‘sha paytlari ish joyimda ibodat qilish uchun imkon yo‘qligi, ota-onamni Haj safariga yuborish istagi (O‘zbekistonda imkoniyatim chegaralangani va navbatning uzunligi muammo edi), moddiy jihatdan oyoqqa turish va albatta, oilamga ko‘mak berish.

Menda o‘sha paytda ikki mamlakatga borish imkoniyati bor edi: Italiya va Litva. Tanlovda ikkilanib o‘tirmadim, chunki, birinchidan, otam shu yerda xizmat qilganlar va men uchun bu davlat oz bo‘lsa-da tanish edi. Ikkinchidan, muloqotda muammo bo‘lmasdi – rus tilini hamma tushunadi.

Litvaga qassoblik (tovuq so‘yish) kasbi bilan kelganman, 6 oy ishlaganimdan so‘ng, ishlayotgan firmam auditor sifatida ishlashga taklif qilishdi. Taklifga rozi bo‘ldim, axir faoliyatimdagi o‘sish edi bu!

«Yashash tarzi O‘zbekistondagidan butunlay farqli: litvaliklar faqat buguni bilan yashaydi»

— Litva aholisi 3 mln atrofida. Davlat budjeti asosan katta kompaniyalar to‘laydigan soliq orqali to‘ldiriladi. Agrar sohada ilg‘or: raps, grechka va bug‘doy eksport qilinadi. Bu yerda bayramlar juda ko‘p. Bayramlar bahona odamlar juma va dam olish kunlari dam olishadi – ko‘p ichishadi. Men ko‘rganim eng yomon illati shu.

Litva – Yevropa Ittifoqi a'zosi emas, shu sababli ittifoq davlatlaridan farqli jihatlari bor. Narx-navoda, yashash darajasida biroz ortda qolishi mumkin, ammo bu mamlakat kambag‘al va turmush darajasi past, degani emas. Bil'aks, bu yerda kishilar farovonlikda yashaydilar. Odamlari og‘ir-bosiq va vazmin, agressivlik juda kamdan kam holatlarda namoyon bo‘lishi mumkin.

Bu yerda adolat borligini sezish qiyin emas. Odamlar deyarli yolg‘on ishlatishmaydi. Ustozimiz aytganidek, «Yevropada Islom bor-u, iymon yo‘q...»

Yashash tarzi O‘zbekistondagidan tubdan farq qiladi. Odamlar faqat buguni bilan yashaydi. Erta haqida ko‘p ham qayg‘urishmaydi. Pul topish uchun imkoniyatlar juda keng. Mamlakat immigrantlarga muhtoj – ishchi kuchi, malakali kadrlar yetishmaydi. Litva aholisi tobora kamayib bormoqda.

Biznes ochish va yuritish uchun ham imkoniyatlar ko‘p. Asosiysi, biror ishni ochib, yo‘lga qo‘yib olsangiz kifoya, turli organlar tomonidan xalaqit berilmaydi, aksincha, faqat yordamni ko‘rishingiz mumkin. Masalan, nufuzli HCL kompaniyasi rahbari O‘zbekistondan ekanini aytishim mumkin.

Litvada 5-6 xil tildagi maktablar bor. Bu yerda xorijdan kelganlar ham til o‘rganishi va farzandlari istalgan tilda ta'lim olishi uchun sharoitlar bor. Maktab va boshqa ta'lim maskanlarida forma degan narsa yo‘q, asosiy urg‘u ta'lim sifatiga qaratilgan. Tibbiyoti ham bizdan oldinda. Vrach retseptisiz dori sotib ololmaysiz, barcha mas'uliyat vrachlar bo‘ynida.

Yashash darajasi bo‘yicha Yevroittifoq mamlakatlaridan sal pastroq, dedim, biroq Boltiqbo‘yi mamlakatlari orasida aynan Litva bu borada yetakchidir. O‘rtacha oylik maosh esa 700-800 yevro. Ammo bu yuqori nuqta emas. 2000-2500 yevro maosh oladigan millatdoshlarimiz bor.

Bu yerga kelganimga 2 yil bo‘lmadi, hozircha o‘rganish jarayoni ketyapti. Moslashishga esa ulgurdim. Yaqin kelajagimni shu mamlakat bilan bog‘layapman. Shu yerda o‘z biznesimni yo‘lga qo‘yish niyatim bor.

Migrantlarga, xususan, o‘zbeklarga munosabat

— Ko‘pchilik yurtdoshlarimiz chet davlatga ketishdan avval o‘sha borajak mamlakatlarida migrantlarga munosabat qanday ekani haqida o‘ylashadi. Bu juda muhim jihatlardan biri. Chunki inson borgan joyida emin-erkin, tazyiq va kamsitishlarga uchramay yashashi lozim. Farovonlikda kun kechirsagina, oldiga qo‘ygan maqsadlariga erishishi, rivojlanishi oson kechadi.

O‘zbekiston va Markaziy Osiyoning boshqa davlatlaridan kelgan migrantlarni Boltiqbo‘yi mamlakatlarida juda ko‘p uchratish mumkin, tajribamdan kelib chiqib shuni aytamanki, bu yerda qonun ustuvor – qonunlar ishlaydi (!), iloji boricha qonun-qoidalarga bo‘ysunish, qonunbuzarliklarga yo‘l qo‘ymaslik lozim.

Biznikilar qiziqqon, salga asabiylashamiz, jahlimiz tez, ana shu jihatlar ishimizni pachava qilmasligi kerak. Imkon qadar og‘irroq bo‘lish, atrofdagi insonlar va tabiatga ehtiyotlik bilan munosabatda bo‘lish, hamma narsani avaylash zarur. Va shu bilan birga, sifoyatimizga xos bo‘lgan jihatlarni yo‘qotmasligimiz ham muhim. Axir millatimizning yaxshi sifatlari juda ko‘p.

Migrantlar bilan mahalliy aholining deyarli ishi yo‘q. Bir misol aytaman: bu yerda jamoat transportlarida naqd pul va oylik chiptalarni xarid qilib harakatlanish mumkin. Mutasaddilar ora-sira reydlar uyushtirib, «quyonlarni» aniqlashadi. Bir hamyurtimiz chiptasiz yurib, ana shunday reydlarning biriga to‘g‘ri kelib qolgan. Unga jarima solishdan avval politsiyachi uning qayerdanligini so‘ragan. Akaxonimizning Samarqanddan ekanini bilgach: «Ochen krasivyy gorod, ya tam slujil» (Juda chiroyli shahar, men o‘sha yerda xizmat qilganman), deb, ogohlantirib, qo‘yib yuboribdi.

Balki, bu birgina voqea sizga umumiy kartinani to‘la ochib berolmas, lekin aytishim joiz, biznikilarga munosabat yaxshi.

«Gastarbayter – yomon so‘z emas!»

— Hozirda gastarbayter degan so‘zni ko‘p eshitamiz. Litvaning o‘zidan ko‘pchilik Buyuk Britaniya, Norvegiya, Shvetsiya va boshqa davlatlarga yashash va ishlash uchun ko‘chib ketadi. Migrantlarga qora ishchi yoki «2-sort» odam sifatida emas, balki teng xuquqli inson sifatida qarash kerak.

Gastarbayter so‘zini ko‘proq negativ va kamsitish deb qabul qilishlariga kelsak, bu guruch orasidagi ayrim kurmaklar tufaylidir. Oddiy, qora ishlarni bajarayotgan insonlarning ham o‘ziga yarasha taqdiri, orzu-niyati, aqidasi bor. Ksenofobiya yomon – ayrim mamlakatlarda migrant va o‘z millatdoshi bir xil jinoyat qilsa, turlicha talqin qilish ko‘p uchraydi. Bu xato. Litvada bunga guvoh bo‘lmadim.

Boya aytganim, kurmaklar esa har joyda uchraydi. Bir ahmoqni deb butun millat haqida xulosa qilish yoki hammani birdek deb o‘ylash to‘g‘ri emas. Menimcha, buning hammasi vaqt o‘tishi bilan o‘z iziga tushadi.

«Yaqin 20-30 yillik rejalarim Litva bilan bog‘langan»

— Musofirchilik oson emas. Mashaqqat shundaki, yaqinlaringizni sog‘inasiz, ulardan uzoqda, farzandlaringizni bag‘ringizga bosolmaysiz, ota-onangiz holidan xabar ololmaysiz. Musulmonlar ozchilikni tashkil qiladigan davlatda yashash oson emas – halol ovqat topish birmuncha qiyin, farzand tarbiyasiga juda ehtiyot bo‘lish zarur, har holda mentalitet, qarashlar butkul farqli.

O‘zbekistonga qaytish haqida hozircha o‘ylamayapman. Ha, bir kun Vatanga qaytib boraman, nasib bo‘lsa. Ammo hozircha, maqsadlarim sari intilyapman. Ularga erishish uchun mashaqqatli yo‘lni bosib o‘tishim lozim. Bu yerda to‘plagan tajribamni O‘zbekistonda ham qo‘llash niyatidaman.

O‘zbekiston anchagina salohiyatga ega davlat bo‘la turib, immigratsiya juda jadal o‘smoqda. Menga qolsa, immigrant kamaygani ma'qul, ammo hozirgi O‘zbekiston sharoitida buning iloji yo‘qdek ko‘rinmoqda. Qolaversa, globallashuv birgina bizning mamlakatga emas, dunyoga ta'sir qilmoqda. Kelajakda mamlakatlar o‘rtasidagi chegaralar shartli holatga aylanib qoladi, fikrimcha.

Oilamni olib kelish va birga yashash uchun imkoniyat yetarli. Tez orada ular bilan birga bo‘laman, nasib bo‘lsa. Yuqorida aytganimdek, yaqin orada bu yerni tark etish niyatim yo‘q. Yaqin 20-30 yil, yashab tursak, rejalarim Litva bilan bog‘langan.

Mening shu darajaga yetishim Allohdan, ota-onam esa asosiy sababchilardir. Onam bu dunyoni tark etganlar, otam esa nafaqadalar. Oddiy oilaning oddiy farzandiman. Menga tarbiya bergan, yo‘l ko‘rsatgan, duoda bo‘lib turgan, doim qo‘llab-quvvatlagan ota-onamdan cheksiz minnatdorman.

Bobur Akmalov suhbatlashdi.

Mavzuga oid