O‘zbekiston | 21:24 / 03.06.2024
7274
7 daqiqa o‘qiladi

3 iyunning asosiy yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan voqea-hodisalar

Gazlashtirilmagan hududlar uchun 200 kilovatt·soatlik ijtimoiy norma oshirilishi mumkin. Toshkentda viloyatliklarni haqorat qilgan qiz qamaldi. Prezident mahalliy yo‘nalishlardagi poyezd va samolyot chiptalari sotiladigan yagona platformani ishga tushirishni topshirdi.

3 iyun kuni Kun.uz'da e’lon qilingan eng muhim mahalliy yangiliklarning qisqacha sharhi.

“Xonadonlarning uchdan birida gaz yo‘q”

Oliy Majlis deputati Doniyor G‘aniyev hukumatdan elektr energiyasi bo‘yicha belgilangan ijtimoiy normani gazlashtirilmagan xonadonlar uchun oshirishni so‘radi. U parlamentda so‘zga chiqqan bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorovga yuzlanib, hamma uchun teng oyiga 200 kilovatt-soatlik ijtimoiy normani belgilashda tabiiy gaz bilan ta’minlanmagan fuqarolarning holati inobatga olinmaganini aytdi.

“Ba’zi bir hududlar borki, tabiiy gaz bilan ta’minlanmagan va ular qish davomida isitish uchun elektrdan foydalanadi. Bu noto‘g‘ri, ammo ularda ham boshqa tanlov yo‘q. Ularga qish mavsumida to‘lovlar juda ham katta bo‘lishini hozirdan hisoblash mumkin”, – dedi Doniyor G‘aniyev.

Bosh vazir o‘rinbosarining o‘z javobida xonadonlarning uchdan bir qismida tabiiy gaz yo‘qligini tan olib, bu masala ustida ish olib borilishini aytdi.

“To‘g‘ri savol qo‘yildi. Xonadonlarning uchdan bir qismida tabiiy gaz yo‘q. Ular ko‘mir va o‘tinni bozor narxida oladi. Ayniqsa, o‘tinni. O‘zimizning ko‘mirdan ma’lum miqdorda cheklangan narxlarda xarid qilish imkoniyati bor. Tushunishim bo‘yicha, ular gaz yo‘qligi uchun qanaqadir ijtimoiy himoyalash dastagidan foydalanmaydimi degan mazmundagi savol bo‘lyapti. Bu savol to‘g‘ri deb o‘ylaymiz. Ayniqsa qish paytida. Hozir biz buni yozib olib, bu bo‘yicha shug‘ullanib, keyin maslahat qilib, xabarini beramiz”, – dedi Jamshid Qo‘chqorov.

Toshkentda viloyatliklarni haqorat qilgan qiz qamaldi

Toshkentning Yashnobod tumanida yashovchi 21 yoshli qiz shaharga boshqa hududlardan kelib yashayotganlarni haqorat qilgani uchun qamoqqa olindi. U 2 iyun kuni tanishlari bilan Yakkasaroy tumanidagi “Seoul Mun” sayilgohiga borib, sayr qilish asnosida qayta-qayta viloyatliklarni haqoratlagancha selfi video olgan va bu videoni Instagram'ga joylagan.

Kun.uz manbasiga ko‘ra, bu holat bo‘yicha Yakkasaroy tumani ichki ishlar organlari xodimlari qizning shaxsini aniqlab, uni ma’muriy ish doirasida hibsga olishgan. Sud qizga 15 sutka ma’muriy qamoq jazosini tayinladi.

Toshkentda kislorod yetishmovchiligi

Toshkent shahri havosida kislorod yetishmovchiligi kuzatilayotgan bo‘lishi mumkin. Iqtimshunos Erkin Abdulahadovning ma’lum qilishicha, havaskor tadqiqotchilardan biri 29 may kuni poytaxtda havo tarkibidagi kislorod miqdorini o‘lchanganda miqdor 19,5 foizdan pasayib ketgani, havoda azot miqdori sezilarli ortganini aniqlagan.

“Kislorod yetishmovchiligi kishilarning to‘yib uxlamasligida yaqqol ko‘rinadi. Ayni ko‘klamda poytaxtda kislorod yetishmovchiligi iqlimiy omil, sun’iy suv obektlarining kamligi sabab ro‘y bermoqda. Sun’iy suv obektlarida xlorella kabi suv o‘tlarini ko‘paytirish vaziyatni birmuncha yumshatadi”, – deya yozadi iqlimshunos.

Erkin Abdulahadovning so‘zlariga ko‘ra, kelgusida O‘zbekistonning yirik shaharlarida ham Argentinadagi kabi havo tarkibidagi karbonat angidridni yutib, doimiy kislorod ishlab chiqaradigan qurilmalar o‘rnatishga ehtiyoj oshib boraveradi.

Turizm sohasi bo‘yicha selektor

Prezident Shavkat Mirziyoyev huzurida turizm sohasi bo‘yicha ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda davlat rahbari mahalliy yo‘nalishlardagi poyezd va samolyotlarga chipta topib bo‘lmasligini tanqid qildi.

“Sayyohlar mahalliy reyslarga samolyot va poyezd uchun ikki oy uyoqda tursin, yarim yil oldin chipta olishda qiyinchiliklarga duch kelmoqda”, – dedi Shavkat Mirziyoyev. Prezident barcha qatnovlar haqida ma’lumot va chipta olish imkonini beradigan yagona onlayn platformani ishga tushirish bo‘yicha topshiriq berdi. Bunda chiptalarni tabaqalashgan narxda kamida 6 oy oldin savdoga chiqarish tizimi joriy qilinadi.

Shavkat Mirziyoyev turistlarni o‘ziga tortadigan birorta ham zamonaviy akvapark yo‘qligini ta’kidlab, akvapark va basseynlarni ko‘paytirish, ko‘llarning atroflarini lotlarga bo‘lib, tadbirkorlarga taklif qilish bo‘yicha topshiriqlar berdi. Bundan tashqari, parashyut bilan sakrash va havo dayvingi kabi ekstremal turizm obektlarini ko‘paytirish, tibbiyot turizmini rivojlantirish uchun xususiy klinikalarga budjetdan kompensatsiya to‘lash, Shahrisabzga sayyohlar oqimini ko‘paytirishga alohida e’tibor qaratish, 10 milliondan auditoriyasi bor kamida 50 nafar mashhur trevel blogerlar bilan hamkorlikda ishlash zarurligi qayd etildi.

Shuningdek, qo‘shni davlatlar bilan chegaradan o‘tishni yana yengil qilish bo‘yicha muzokara o‘tkaziladigan bo‘ldi.

O‘zbekistonliklar Qatarga ishlashga boradi

Qatar O‘zbekistondan ishchi kuchi jalb etishni boshlaydi. Shu maqsadda mamlakat mehnat vaziri Ali bin Samih al-Marri Toshkentga keldi. Muzokaralarda O‘zbekistondan Qatarga ishchi kuchini jalb etish, ularni tayyorlash va uyushgan tarzda yuborish masalalari ko‘rib chiqildi.

Qatar tomonining ma’lum qilishicha, hozirda mamlakatda tibbiyot, ta’lim, IT, mahsulotlarni sanoat usulida qayta ishlash, mehmonxona xizmati va OAV sohalarida xorijlik ishchi kuchiga talab yuqori. Vazir al-Marri Qatarga xorijdan borib ishlovchilarning huquqlari davlat tomonidan mustahkam himoya qilinishi, xorijlik ishchilarning ijtimoiy himoyasi, tibbiy sug‘urtasi, oylik, transport va yashash joylari xarajatlarini ish beruvchi tomonidan to‘liq qoplash yo‘lga qo‘yilganini aytib o‘tgan.

Tomonlar bu masalada qo‘shma komissiya tuzishga kelishib oldi. Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili O‘zbekistonda Qatar, Qatarda esa O‘zbekiston elchixonasi ochilgan, mehnat resurslari masalasida hamkorlik qilish bo‘yicha hukumatlararo bitim imzolangan edi. Shuningdek, kecha, 2 iyundan boshlab Qatar Airways O‘zbekistonga muntazam qatnovlarni yo‘lga qo‘ydi.

Mavzuga oid