Putinning xalqaro qidiruvga berilishi. Asosiy savollarga javoblar
Xalqaro jinoyat sudi Rossiya prezidenti Vladimir Putinni hibsga olish uchun order berdi. Bu qidiruv Rossiya va uning prezidenti uchun nimani anglatadi? Putin chindan ham qamalishi mumkinmi? Shular haqida siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov fikr yuritadi.
17 mart kuni Niderlandiyaning Haaga shahrida joylashgan Xalqaro jinoyat sudi Rossiya prezidenti Vladimir Putinni hibsga olish uchun order berdi. U va Rossiya bolalar huquqlari bo‘yicha ombudsman Mariya Lvova-Belova Xalqaro jinoyat sudi (XJS) tomonidan ukrainalik bolalarni ommaviy tarzda o‘g‘irlash va Rossiyaga noqonuniy narzda, ota-onalari roziligisiz olib ketishda gumonlanmoqda.
Bu qidiruv Rossiya uchun, uning prezidenti uchun nimani anglatadi? Putin chindan ham qamalishi mumkinmi? Xalqaro jinoyat sudi majburiyatlarini tan olgan davlatlar Putinni Haaga tribunaliga ushlab beradimi? Bu savollarga javobni ikki qismga bo‘lish mumkin: huquqiy va siyosiy.
Huquqiy nuqtayi nazardan ham bir qancha ziddiyatlar paydo bo‘ladi. Avvalo, dunyo davlatlari rahbarlari – prezidentlar, bosh vazirlar va podshohlarning shaxsiy immuniteti – daxlsizlik huquqi bo‘ladi. Ya’ni ular istalgan paytda istalgan yerda qamoqqa olinishi, ta’qib qilinishi mumkin emas. Xo‘sh, XJS orderi Putinning prezidentlik immunitetiga ta’sir qiladimi?
Xalqaro huquqqa ko‘ra, Haaga tribunali hukmlari davlat rahbarlarining immunitetini tan olmaydi. Agar davlat rahbarlaridan kimdir XJS tomonidan jinoyatda gumon qilinsa, sud o‘sha shaxsning immuniteti tugashini kutib o‘tirmaydi. Agar real imkoniyat paydo bo‘lsa, gumonlanayotgan davlat arbobini qamoqqa olaveradi.
Rossiya Haaga tribunali yurisdiksiyasini, ya’ni vakolatlarini tan olmasa, uning hukmlari kuchga ega bo‘ladimi?
Rossiya Haaga tribunali yurisdiksiyasini tan olmasligi Putinga nisbatan order kuchini yo‘qotmaydi. Chunki, ayblovchi tomon Ukraina, jinoyat qilingan joy – Ukraina, shuning uchun bu ayblov Rossiya uchun katta huquqiy muammo bo‘lib qoladi.
Qolaversa, bu o‘rinda, xalqaro munosabatlarda ham ziddiyatlar paydo bo‘ladi. Misol uchun, Haaga tribunali oldida to‘liq majburiyat olgan biror davlat o‘zaro aloqalarda Putinning ham immunitetini tan olishga majbur. Bu holatda nima qilish mumkin? Aytaylik, qo‘shni Tojikiston, u XJS oldida majburiyatlar olgan va Putinning immunitetini ham tan olishga majbur. Agar Rossiya prezidenti Tojikistonga kelib qolsa, rasmiy Dushanbe nima qilishi kerak?
Bu masalani Tojikiston hukumati o‘zi hal qiladi. Agar istasa, Putinni ushlab berishi mumkin. Lekin buning ehtimoli kam. XJS oldida majburiyatlar olgan har qanday davlat yadroviy qudratga ega davlat prezidentini ushlab berishdan oldin uning real oqibatlarini hisobga oladi.
Ya’ni bugungi kunda biror davlat Putinni ushlab berishiga ishonish qiyin. Jumladan, AQShning o‘zi XJS oldida majburiyat olmagan. Bu Afg‘oniston, Iroq va boshqa davlatlardagi fojialar Haaga sudi tomonidan «xalqaro jinoyat» sifatida baholanishi ehtimoli bilan bog‘liq.
Shuningdek, Haaga tribunalining boshqa davlatlarga nisbatan bosim vositalari, mexanizmlari yo‘q. Agar Putin Tojikistonga kelsa-yu, uni ushlab bermasa, Haaga tribunali Tojikistonni xalqaro talablarni bajarmaslikda ayblab tanqid qila olmaydi. Tanqid qilganda ham, bu tanqidning real oqibatlari deyarli yo‘q.
O‘zbekiston Xalqaro jinoyat sudi oldida majburiyatlar olmagan. Aniqrog‘i, XJS oldidagi majburiyatlarga qo‘l qo‘ygan, lekin parlament tomonidan ratifikatsiya qilinmagan. Va bu bilan O‘zbekiston majburiyatlari oxirigacha rasmiylashtirilmagan.
Shunday ekan, Putinga nisbatan XJSning qidiruv hukmi nimani anglatadi?
Bu hukmning siyosiy va tarixiy ramzi juda katta. Bundan keyin, Vladimir Putin oldingidek «oppoq» deb qabul qilinmaydi. Xalqaro jinoyat sudi o‘z qarorlarini juda sinchkovlik bilan o‘rganadi, u ayblovlarni har qanday vaziyatda asoslay olishiga ishongandagina, o‘z hukmlarini e’lon qiladi.
Shuning uchun, Putinning qidiruvga berilishi – Kreml uchun juda katta reputatsion fojia. Endi Putin dunyo davlatlariga oldingidek bemalol borib-kela olmaydi. Endi dunyodagi obro‘li davlatlar rahbarlari ham u bilan bemalol qo‘l berib ko‘risha olmaydi, soatlab telefonlasha olmaydi. Haaga tribunali tomonidan og‘ir jinoyatlarda gumonlangan davlat rahbarlarining soni juda cheklangan. Ulardan ba’zilari o‘z davlatidan deyarli tashqariga chiqa olmaydi. Ba’zilari Haagada qamalib, vafot etdi. Ba’zilari jur’atli bo‘lib Haaga shahriga kelib, o‘z nomi uchun kurashgan va oqlangan.
Vladimir Putinning esa bu sudga o‘zi kelishi ehtimoli nolga teng. Agar mobodo kelganida ham u o‘zini oqlay olmaydi. Chunki, jinoyat Ukraina hududida yuz bergan. Ukrainalik bolalar ota-onalaridan beruxsat, ommaviy ravishda Rossiyaga olib ketilgan va boshqa odamlarga tarqatilgan. Bu ish, noqonuniy urush boshlash bilan uzviy bog‘liq. Demak, Putin eng kuchli advokatlarni yollaganida ham uni oqlash imkoniyatlari deyarli yo‘q.
Markaziy Osiyo va O‘zbekiston uchun Putinning XJS tomonidan ayblanishi, qidiruvga berilishi nimani anglatadi?
Bu hukm mintaqa poytaxtlarida Putindan masofa saqlashga intilishni yanada kuchaytiradi. Lekin Markaziy Osiyo davlatlari baribir juda ehtiyotkor bo‘lib qolaverishadi.
Rossiya ta’siridan chiqishda Putinning jahlini chiqarishdan qo‘rqadigan – eng ehtiyotkor mintaqa yana Markaziy Osiyo bo‘lib qolaveradi. Mintaqa kutish xolatida. Lekin Rossiyaning ta’siridan chiqish uchun ular faollik ko‘rsatish niyatida emas. Mintaqa nazarida – kutish kerak va ma’lum vaqtdan keyin Putinning o‘zi yiqiladi. Ungacha esa Kreml bilan kurashib, to‘qnashuvlar mintaqaga ko‘chishiga sababchi bo‘lmaslik kerak. Osiyocha pragmatizm...
Mavzuga oid
13:30 / 10.11.2024
Tramp yutsa urushni bir sutkada to‘xtatishni va’da qilgandi. U yutdi - xo‘sh?
23:26 / 09.11.2024
“G‘arbning geosiyosiy ochko‘zligi kelishmovchiliklar bosh sababi” – Putinning “Valday”dagi chiqishi
16:34 / 08.11.2024
Rossiya Markaziy Osiyoning barqaror rivojlanishini istaydi - Putin
14:31 / 08.11.2024