13:10 / 18.01.2019
10119

«O‘zdavenergonazorat»​: Tejamkorlik bo‘lsa, Jizzax viloyatining bir yillik energiya ehtiyojiga teng quvvat iqtisod qilinadi​

Qish mavsumi yaqinlashishi bilan odamlarni, ayniqsa chekka hududlarda yashovchi aholini elektr energiya ta'minoti uzluksiz ta'minlanadimi, degan savol o‘ylantira boshlaydi. Vazirlar Mahkamasi huzuridagi «O‘zdavenergonazorat» inspeksiyasi boshlig‘i Dadajon Isoqulov energiya yetishmovchiligi va undan oqilona foydalanish haqida gapirib, tejamkorlik natijalari qanday muvaffaqiyatlarga olib kelishini bildirdi.

Video: Mover (tas-ix)

Video: Youtube

–Qish mavsumida elektr energiyasiga bo‘lgan talab keskin ortib ketadi. Yoz kunlarida 190 mln megavatt hajmida elektr energiya ishlab chiqarilib, bu barcha ehtiyojlarga yetgan holda, sovuq kunlarda bu ko‘rsatkich 210-215 mln megavattga yetadi, lekin baribir ba'zi hududlarda energiya yetishmovchiligi kuzatiladi. 

Bugungi kunda «O‘zbekenergo» ham, «O‘zbekgidroenergo» ham quvvat ishlab chiqarish hajmini oshirish bo‘yicha bir qancha ishlarni amalga oshiryapti. 2019 yilda Navoiyda ikkinchi bug‘-gaz qurilmasi ishga tushadi. Shuningdek, To‘raqo‘rg‘onda 450 megavatt energiya ishlab chiqaruvchi blok ishga tushishi kutilmoqda. Bu yana qo‘shimcha 900 megavatt, ya'ni taxminan Sirdaryo viloyatining uchtasini ta'minlovchi quvvat ishlab chiqarish imkoni paydo bo‘ladi, degani. Lekin korxonalarning, odamlarning elektrga bo‘lgan talabi ham ortib borayotganligini inobatga olish kerak. Odamlarda iste'mol madaniyati, elektrdan oqilona foydalanish tushunchasi yetarli darajada shakllanmagan. 

Elektr quvvatining 85 foizi ko‘mir, gaz orqali, qolgan 15 foizi suv orqali olinadi. Qishdagi yetishmovchilikning asosiy sababi mavsumda isitish maqsadida elektrdan ko‘p foydalanilishidir. Rivojlangan davlatlarda  elektr quvvati isitish maqsadida qo‘llanilmaydi

Dadajon Isoqulov​ izohlari bilan elektrdan isitish uchun ishlatilmasin ma'nosida tushunilmasligini alohida ta'kidlab, faqat oqilona foydalanish  zarurligini eslatdi. 

1 kilovatt elektr 884 kilokaloriya issiqlik beradi. Bu 250 so‘m pul bo‘ladi. Yoki xuddi shuncha issiqlik  uchun 270 gr ko‘mir yoqish mumkin. Bu 75 so‘m pul, degani. Gazda esa undan ham arzonroq, 50 so‘mga yaqin bo‘ladi. To‘g‘ri, yoqilg‘i bilan ta'minlanmagan hududlar bor, elektrdan foydalanishsin, faqat samarali foydalanishsin. 

Aholi isitish vositalarini xarid qilayotganda ham uning elektr tejamkorligiga mutlaqo e'tibor qaratmaydi, birinchi navbatda, narxi bilan qiziqadi. 

Masalan, narxi 700 ming, lekin tejamkor moyli pechkadan emas, 250 minglik oddiy pechkalardan foydalanishadi. Bular yilda eng kamida 1 mln 800 so‘m energiyani sarflaydi. Qimmatlari  esa 1 mln.gacha energiya ishlatishi mumkin. Ham uzoq xizmat qiladi. Elektr energiyasi ishlab chiqarilgach, uning 20 foizi ishlab chiqargan xo‘jaliklarning  o‘z ehtiyojiga sarflanadi, 15 foizi texnologik jihatdan yo‘qolib ketadi. 

Misol uchun, ko‘chalarda qo‘lbola pechkalarda somsa sotishadi. Bunaqa pechkalar ham elektrni ikki baravar ko‘p yeydi, ham ekologiyaga ziyon. 

Yana bir misol, cho‘g‘lamali lampalarni tejamkor svetodiod lampalarga ajratish masalasi ko‘tarilgan edi, lekin bu hamma joyda ham amalga oshirilmadi. Oddiy lampa 100 vatt sarflaydigan joyda svetodiod 7 vatt sarflaydi. Quvvatni 93 foizga tejash mumkin. Cho‘g‘lamali lampalarni iste'moldan chiqarib tashlash choralari ko‘rilyapti, lekin ular haligacha ham  savdoda uchrab turadi. 

–Odamlar elektr energiyasining uzilib qolishidan shikoyat qilishadi, lekin uni tejash, foydalanishning samarali yo‘llari haqida o‘ylash borasida bosh qotirishmaydi. Bunga sabab nima deb o‘ylaysiz?

–Elektr jihozlarining barchasida tejamkorlik bo‘yicha markirovka belgilangan bo‘ladi, lekin unga mutlaqo e'tibor qaratishmaydi, faqat narx haqida o‘ylashadi.

Balki boshqa bozorlarga qaraganda bizda elektr narxining arzonligi ham odamlarda tejamkorlik hissi bo‘lishiga xalal berar. Narxni ko‘tarish kerakdir balki... Odamlarga to‘g‘ri tushuntira olish kerak. Elektrni hosil qilish juda mashaqqatli jarayon, ayniqsa ko‘mirdan olinganda. Har kim fuqaro sifatida ozgina mas'uliyatni his qilib, tejamkorlik haqida bosh qotirishi  kerak. 

–20 noyabrdan 20 dekabrga qadar elektr energiyasidan samarali foydalanish oyligi o‘tkazildi. Bunday choradan maqsad nima va qanday natija beryapti bu?

Ommaviy axborot vositalarida chiqishlar qilindi, tadbirkorlik sub'yektlarida, ta'lim muassasalarida tushuntirish ishlari olib borildi. Maqsad, fuqaroni energiyani o‘chirib qo‘yishga majburlash emas, balki undan to‘g‘ri foydalangan holda o‘z ehtiyojini qondirishga o‘rgatish. 

Ayniqsa, tadbirkorlik bilan shug‘ullanadiganlarga elektrodvigatellar bilan to‘g‘ri ishlash bo‘yicha ko‘nikmani shakllantirish muhim. Noto‘g‘ri foydalanilib, behuda sarflangan quvvatni hisoblab, bu uchun qo‘shimcha kompensatsiya to‘lovini joriy qilishni yo‘lga qo‘yamiz. Hisoblab chiqqanimizda ayon bo‘ldiki, bitta xonadonda kuniga 400 kilovatt energiyani tejash mumkin. Bu juda mayda ko‘rsatkichdek tuyuladi. Lekin bir yilda bu 1 mlrd 800 mln.ni tashkil qiladi. Bu Jizzax viloyatining bir yillik energiya ehtiyojiga teng. 

Mana shunaqa mayda, ahamiyatsizdek tuyulgan narsalar yig‘ilib, katta  muammolarni keltirib chiqaradi.

Suhbatning to‘liq shaklini video formatda tomosha qilishingiz mumkin. 

                                                                                                                                                                                                                                                                                                                                                                   Alisher Ro‘zioxunov suhbatlashdi

Top