16:30 / 10.04.2019
37941

Taksi uchun litsenziya: nimalarga e'tibor berish lozim?

Foto: RIA Novosti / Natalya Seliverstova

Xususiy tashish bilan shug‘ullanuvchi yengil avtomobil egalari legallashtirilishi, soliqlarni to‘lashi, yo‘lovchilar xavfsizligi va ularga xizmat ko‘rsatish sifati oshishi zarur. QHTBT portalida muhokama qilinayotgan prezident qarori loyihasi ushbu maqsadlarga erishishga qaratilgan.

Norma taklif etilayotgan chora-tadbirlar kompleksi qanchalik samarali bo‘lishi, nimalarni takomillashtirish kerakligi haqida so‘z yuritgan.

Muammolarni bir tomonlama yondashib hal etib bo‘lmaydi 

Uzoq vaqt faqat yuridik shaxslar qonuniy ravishda taksi xizmatlarini ko‘rsatish huquqiga ega bo‘ldilar. Ushbu norma bir tomonlama bo‘lgani bois deyarli amal qilmadi. Huquqiy maydonning mavjud emasligi xususiy shaxslarni to‘xtatib qola olmadi. «Yandeks taksi»ning O‘zbekiston bozoriga kirib kelishi ham nolegal ishlovchilarga qo‘l keldi, OAV materiallarida keltirilgan DSQ raisi o‘rinbosari Mubin Mirzayevning ma'lumotlariga qaraganda, uning servisiga 10 mingta haydovchi ulangan, ularning aksariyati yo‘lovchilar tashish bilan shug‘ullanish uchun qonuniy asoslarga ega emas.  

Tartibga solishga urinish alohida natija bermadi. Avvaliga, Vazirlar Mahkamasining 18.05.2011 yildagi 139-son qarori qabul qilingandan keyin ommaviy axborot vositalarida nolegal taksichilarni ushlash bo‘yicha navbatdagi reys o‘tkazilganligi haqida tez-tez xabar berib turildi. Vaqt o‘tishi bilan bunday axborot shov-shuvga sababchi bo‘lmay qoldi va tez orada deyarli yo‘qqa chiqdi. Vakolatli organlar faqat jadval bo‘yicha reydlar o‘tkazish bilan cheklandilar. Qonunbuzarni reyddan tashqari javobgarlikka tortish taomili murakkablashtirilgani bois kutilgan natijani bermayapti.    

«YPX xodimlari Transport vazirligi xodimlari bilan birgalikda nolegal taksichilarni tutmoqdalar, ular mazkur sohaga oid amaldagi qonunchilikni buzganliklari uchun 20 EKIHdan 100 EKIHgacha – 2 mln so‘mdan 20 mln so‘mgacha to‘lashlari kerak. Jarimani esa sud orqali undirish mumkin. Xodimlar bayonnoma rasmiylashtirib, sudga yuboradilar, u mazkur masalani bir necha oy ichida ko‘rib chiqadi. Natijada qonunbuzar kam ta'minlanganligi yoki boshqa sabablarga ko‘ra 5 EKIHgacha jarimaga tortiladi», –deya Mubin Mirzayevning Xalqaro press-klub yig‘ilishida aytgan so‘zlari keltirilgan.

Ko‘pgina xorijiy davlatlarda nolegal taksichilarga qarshi kurashishning samaraliroq usulini anchadan buyon qo‘llab kelmoqdalar. U yerda yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar mazkur bozorda ishlashi uchun huquqiy maydon yaratilgan. Masalan, Rossiyada o‘zini o‘zi band qilgan fuqarolarning aksariyat qismini taksichilar tashkil etadi.

O‘zbekistonda ham xususiy tashish bilan shug‘ullanuvchilarni legallashtirish uchun huquqiy maydon yaratila boshladi. Prezidentning 6.03.2019 yildagi «Yuk va yo‘lovchi tashish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ–4230-son qarorini bajarish maqsadida «O‘zbekiston Respublikasida yo‘nalishsiz taksi faoliyatini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qaror loyihasi ishlab chiqildi, ayni paytda u QHTBT portalida muhokama qilinmoqda.  

Butun O‘zbekistondagi xufiya taksilarning legallashtirilishi budjetga taxminan 180 mlrd so‘m kelib tushishini ta'minlaydi, bu bilan mamlakatning yalpi ichki mahsuloti kamida 0,1%ga oshadi. Davlat soliq qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Mubin Mirzayev Xalqaro press-klub yig‘ilishida shu haqda gapirgan.

Taksi bozorida mavjud ayrim jihatlar loyihada o‘z aksini topmagan. Bu ko‘rilayotgan choralar kam samara berishiga olib kelishi mumkin.

Birinchidan, yakka tartibdagi tadbirkor uchun litsenziya berish shartlaridan biri sifatida tashuvchilar uchun mijoz izlash bo‘yicha interaktiv xizmatlar ko‘rsatuvchi operatorlar (agregatorlar) bilan shartnoma tuzishni belgilash taklif qilinmoqda. Shartnoma tuzilmasa – litsenziya berilmaydi. Ushbu yondashuv agregatorlar xizmatlaridan foydalanmaydiganlarning manfaatlarini hisobga olmaydi va «bordyurdan» prinsipi bo‘yicha ishlashni afzal ko‘radi. Operatorlarga «qul» bo‘lishni istamagan ayrim toifadagi taksichilar nolegal ishlashda davom etaveradi. Bunda agregatorlarning litsenziyaga ega bo‘lmagan taksichilarga xizmat ko‘rsatishiga yo‘l qo‘ymaslik choralari naf bermaydi.  

Ikkinchidan, qaror loyihasiga ko‘ra faqat yakka tartibdagi tadbirkor taksichi bo‘la oladi. Ish vaqtidan bo‘sh vaqtda pul ishlash uchun taksichilik qilayotgan oddiy avtomobil egalariga ham bunday huquqni berish maqsadga muvofiq. Ular «soyadan chiqishi» uchun litsenziyalashning sodda sxemalarini nazarda tutish lozim.

Taksi xizmatlari ko‘rsatish bozorining barcha ishtirokchilarini litsenziyalash tizimini shunday yo‘lga qo‘yish zarurki, litsenziyani olish oson bo‘lsin, uning sohiblari uni qadrlasinlar. Qoidalarni buzganlik uchun hujjatning amal qilishi to‘xtatilgan taqdirda uni takroran olish taomili qo‘shimcha chora-tadbirlarni nazarda tutsin, ular talabgor qoidalarga qat'iy amal qilib ishlashga tayyorligini aniqlash imkonini bersin.

Faqat moddiy tomoniga qaramay 

Xususiy tashish bilan shug‘ullanuvchi avtomobil egalarini legallashtirish masalalariga bag‘ishlangan OAVdagi aksariyat maqolalarda masalaning iqtisodiy jihatiga katta e'tibor beriladi. Muhokama qilinayotgan qaror loyihasi shu nuqtai nazardan ulardan ajralib turadi. Unda xavfsizlik masalalari ko‘tarilgan, noqonuniy tashish bilan shug‘ullanuvchi shaxslarni legallashtirishda aynan ushbu mezon asosiy o‘rin egallashi darkor.

Loyihada yakka tartibdagi tadbirkor reysga chiqishdan oldin ixtisoslashtirilgan punktlarda tibbiy ko‘rikdan o‘tishi va avtomobilning texnik ko‘rikdan o‘tkazilishini ta'minlashi kerakligi nazarda tutilgan. Tartibni Transport vazirligi belgilaydi.

Xavfsizlikni kuchaytirish va xizmatlar sifatini oshirish masalalarini hal etayotganda quyidagilarga e'tibor qaratish zarur:

• jamoat transportida chekishni taqiqlovchi «Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishi hamda iste'mol qilinishini cheklash to‘g‘risida»gi Qonunga rioya etilishi;

• haydovchining yo‘lovchilar va yo‘l harakati qatnashchilarini, ayniqsa uyat so‘zlar bilan haqoratlashiga yo‘l qo‘yilmasligi;

• harakatlanish vaqtida uyali aloqa telefonlaridan foydalanish yuzasidan belgilangan taqiqqa rioya etilishi.

Yo‘lovchilar huquqiy tartibotni buzayotgan taksichilar haqida xabar berishlari mumkin bo‘lgan xizmat tashkil etilishi zarur. Bunda aybdorlarning javobgarligini kuchaytirish lozim. Vakolatli organlarning ularni javobgarlikka tortish dalili litsenziyaning amal qilishini muayyan muddatga to‘xtatib qo‘yish, ba'zi hollarda esa butkul olib qo‘yish masalasini ko‘rib chiqish uchun asos bo‘lishi kerak.

2019 yil 1 iyuldan haydovchilarga avtomobilni belgilangan rangga qayta bo‘yash o‘rniga o‘zi yopishadigan materiallardan foydalanishga ruxsat beriladi. Qaror loyihasida keltirilgan ushbu materiallarni joylashtirish sxemalarini tasdiqlashdan oldin ularga qo‘shimcha ishlov berish zarur. Avtomobilning orqa qismida nakleykalar yo‘q hisob. Aslida aynan orqadan kelayotgan haydovchi oldida taksi ketayotganini, u istalgan payt boshqa polosaga yoki bekatga o‘tishi mumkinligini aniq bilishi muhim.

Yo‘l harakati xavfsizligi nuqtai nazaridan belgilanayotgan talablarga qo‘shimcha ravishda taksining orqa oynasiga darparda, jalyuzi, tonirovka o‘rnatishni va ko‘rishni qiyinlashtiruvchi boshqa moslamalardan foydalanishni taqiqlab qo‘yish zarur.

Jihozlash masalasi

Taksometrlar, kassa apparatlari va terminallarni boshqa texnik vositalarga almashtirish masalasi ochiqligicha qolmoqda. Avvalgi materialimizda bu haqda batafsil so‘z yuritgan edik. Ular yechimini topsa – xavfsizlik, «Iste'molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi Qonun talablariga rioya etish va davlat budjetiga tushumlar to‘liq kelib tushishini ta'minlash masalasi hal etilgan bo‘ladi.

Mavzuga oid
Top