Loyihada qonunning maqsadi transport sohasidagi munosabatlarni tartibga solish ekani qayd etilgan. Qonun asosan transportga oid faoliyatni tijorat asosida amalga oshirishda yuzaga keladigan munosabatlarga tatbiq etilishi ko‘zda tutilmoqda. Shu bilan birga, quvur transporti, eksperimental va davlat aviatsiyasi, tashish maqsadini ko‘zlamagan shahar ichi ekskursiya xizmatlari, ayrim idoraviy va beg‘araz tashishlar hamda shaxsiy ehtiyoj uchun o‘z transportida beg‘araz tashishlarni amalga oshiradigan jismoniy shaxslar faoliyati qonun qo‘llanishidan mustasno etiladi.
Hujjatda transport to‘g‘risidagi qonunchilik ushbu qonun va boshqa hujjatlardan iborat ekani, tashishdagi shartnomaviy munosabatlar fuqarolik qonunchiligi bilan tartibga solinishi belgilangan. Shuningdek, xalqaro shartnomalarda boshqacha qoidalar bo‘lsa, ular qo‘llanishi nazarda tutilmoqda.
Loyihada asosiy tushunchalarga alohida ta’riflar berilgan. Xususan, “aralash tashish”, “aralash tashishlar operatori”, “tashuvchi”, “tashish hujjati”, “transport-logistika markazi”, “tranzit transport yo‘lagi” kabi atamalar mazmunan ochib berilmoqda. Transportga oid faoliyatning asosiy prinsiplari sifatida qonuniylik, tenglik, xavfsizlik, ekologik tozalik, transport xizmatlaridan foydalana olish, xizmatlar qulayligi va sifati, ochiqlik va shaffoflik belgilangan.
Qonun loyihasiga ko‘ra, avtomobil, havo, temiryo‘l, suv, elektr transporti, metropoliten va transport infratuzilmasi obektlari yagona transport tizimini tashkil etadi. Davlat siyosati yo‘nalishlari qatorida transport tizimini strategik sektor sifatida rivojlantirish, raqobatbardoshlik va xavfsizlikni oshirish, davlat-xususiy sheriklikni qo‘llab-quvvatlash, innovatsiya va raqamlashtirishni joriy etish, kadrlar tayyorlash hamda xalqaro hamkorlikni rivojlantirish ko‘rsatilgan.
Loyihada Vazirlar Mahkamasining transport sohasidagi vakolatlari keng bayon etilgan. Shuningdek, Transport vazirligi maxsus vakolatli davlat boshqaruvi organi sifatida belgilanib, uning vazifalari orasida normativ-hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish, xavfsizlik choralarini tashkil etish, transport infratuzilmasida to‘siqlarsiz muhit yaratish, litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini amalga oshirish kabi yo‘nalishlar qayd etilgan.
Hujjatda litsenziyalash, muvofiqlikni baholash va tariflar masalasi ham o‘rin olgan. Xususan, shaharda, shahar atrofida, shaharlararo va xalqaro yo‘lovchi tashishlar hamda yuklarni xalqaro tashish avtomobil transportida litsenziyalanadigan faoliyat turlari sifatida ko‘rsatiladi. Tariflar esa erkin va tartibga solinadigan turlarga bo‘linib, ijtimoiy ahamiyatga ega tashishlar bo‘yicha cheklangan tariflar belgilanishi mumkinligi nazarda tutilmoqda.















