10:50 / 12.07.2019
35637

Qabuldagi navbatlar haqida: borma, kuyasan...

Foto: KUN.UZ

Bizda bir odat bor. Oldindan ma'lum bo‘lib turgan muammolarga to‘ppa-to‘g‘ri o‘zimizni borib uramiz. Zarbalarni kutilmagan joydan emas, aynan kutilgan joydan qabul qilamiz. Bu xuddi rahmatli Hojiboy Tojiboyevning «borma kuyasan, borma kuyasan... ana, kuydiiiing» degan latifasiga o‘xshab ketadi.

Joriy yilgi qabul jarayonlaridagi navbatlar va ur-yiqitlar oldindan ma'lum edi. Ammo hamma bilib turgan muammoning oldi olinmadi, aksincha, kimlarningdir beparvoligi, mas'ul tashkilotlar o‘rtasidagi o‘zaro ziddiyatlar, ko‘rpani hamma o‘ziga tortishi ortidan muammo ko‘lami oshsa oshdiki, lekin kamaymadi.

Kutilgan muammo nimada edi?

Qabul jarayonlaridagi navbatlar yangilik emas. Har yili aynan shunaqa muammo bo‘ladi. Har yili katta navbatda turgan abituriyentlar, issiqda qiynalgan ota-onalar haqidagi hikoyalar chiqadi. Aslida, bu juda hayron qolarli holat emas.

Lekin joriy yilda muammo oldingilardan ham katta edi. Chunki ushbu yilda ilk marta kollej/litsey bitiruvchilari bilan bir qatorda maktabning 11-sinf o‘quvchilari ham hujjat topshirishmoqda. O‘tgan yili 800 ming atrofida abituriyent topshirgan bo‘lsa, joriy yilda 1 mln 200 mingdan ortiq talabgor kutilmoqda.

Bu juda katta raqam. Buncha abituriyentlarning ma'lumotlarini qabul qilish va qayta ishlash hazilakam ish emas. Boz ustiga ushbu yilda ilk marta abituriyentlarga uchta yo‘nalishga hujjat topshirish imkoniyati berilgani ham jarayonlarni yanada og‘irlashtirishi aniq edi.

Shuningdek, ushbu yildan boshlab o‘tgan yilgi abituriyentlardan to‘lov qabul qilish tizimi joriy etildi. Mana shu faktor ham jarayonlarni sekinlashtirishi va bank kassalarida turnaqator navbatlarni paydo qilishi oldindan aniq edi.

Muammoga qanday yechim taklif etildi va yakunda nima bo‘ldi?

Vijdonan aytish kerak, mas'ullar muammolarga jimgina qarab turdi, desak, adolatdan bo‘lmaydi. Davlat test markazi, Davlat xizmatlari agentligi va boshqa hamkor tashkilotlar qabul jarayonini namunali tashkil etishga oid loyihalarni taklif etishdi. Ular quyidagi bir nechta yechimlarni o‘ylab ko‘rishdi:

Birinchidan, hujjatlarni 200 dan ortiq shahar va tumanlardagi davlat xizmatlari markazlari orqali qabul qilish rejasi e'lon qilindi. Bunda abituriyentlar oqimini tumanlar kesimida 200 ga bo‘lib yuborib, navbatlarni birmuncha kamaytirish va qulaylik yaratishni o‘ylashdi. Masalan, loyihaga binoan Navoiyning chekkasidagi Tomdi tumani yoshlari o‘z tumanidan chiqmasdan (!) hujjat topshirishi mumkin bo‘lardi.

Yakunda nima bo‘ldi: umuman tushunarsiz sabablarga ko‘ra, DXMlar orqali faqat 5 tagina OTM uchun hujjat topshirish belgilandi. Boshida aytilgan va'dalar esdan chiqdi va katta oqimni yana o‘sha avvalgidek 80 ta OTMga qarab yo‘naltirishdi. Boz ustiga bu 80 taning katta qismi Toshkent shahrida joylashgan, viloyatlarda OTMlar ancha kam, bu o‘z-o‘zidan abituriyentlarning dahshatli navbatlariga sabab bo‘lmoqda.

Xo‘p, agar juda DXMlarga ishonishmagan ekan, unda hech bo‘lmasa DXM+OTM tizimini qo‘llashsa bo‘lmasmidi? Ya'ni, DXMlar orqali ham, OTMlar orqali ham barcha OTMlarga topshiradigan qilishga nima xalaqit berdi?

Ikkinchidan, joriy yildan hujjatlarni internet orqali onlayn qabul qilishga va'da berishdi. Nafaqat va'da berishdi, hatto Vazirlar Mahkamasining 7 iyundagi 468-sonli qarori bilan my.gov.uz orqali 5 ta OTMga hujjat topshirish tartibini rasman tasdiqlashdi ham. Dasturni tayyor qildik, deyishdi, e'lonlar berishdi, tizim qanday ishlashi haqida taqdimotlar o‘tkazishdi, rosa maqtanishdi ham.

Yakunda nima bo‘ldi: qabul tugashiga atigi 3 kun qolgan bir paytda haligacha onlayn hujjat topshirish ishga tushmadi! Va ishga tushmasa ham kerak.

Ha, shunaqa, yana bitta Hukumat qarori shunchaki ijro etilmay qolib ketaverdi. Bu odatga aylanib qoldi o‘zi. Berilgan va'dalar unutildi.

Sababiga qiziqsam, nima emish, my.gov.uz portalini moliyaviy qo‘llab-quvvatlashni to‘xtatishganmish. Sharmandalik! Tag‘in bular elektron hukumatni yuqori o‘rinlarga olib chiqmoqchi emish...

Agar hamma OTMga onlayn hujjat topshirish imkoni bo‘lganida edi, buncha odam azoblanmagan bo‘lardi. Aytishingiz mumkin, odamlarimiz baribir internetni tushunmaydi, navbatda turaverardi deb. Bo‘lmagan gap! Odamlarimiz tayyormas, deydiganlar, shunchaki bahonachi xolos.

Bunaqa navbatlar va mashaqqatlar yoshlarimizni internetdan foydalanishga majbur qilardi, bilmagan bo‘lsa o‘rganardi. Va yana bozor sharoitida har doim talabga yarasha taklif bo‘lganidek, internet kafelarda, qabul komissiyalari atroflarida «Hujjat topshirib beramiz» degan e'lonlar ko‘payardi. Internetni tushunadiganlar 5-10 ming so‘m xizmat haqi evaziga abituriyentlarni ro‘yxatdan o‘tkazib berishardi. Xuddi Grin-kartaga ariza berganday. Natijada, o‘z-o‘zidan hujjat qabul qilish punktlari soni chek-chegarasiz ravishda ko‘payishi mumkin edi.

Ammo shu ishni ham eplay olishmadi. Yoki shunchaki xohlashmadi.

Uchinchidan, hujjat qabul qilishni 2 bosqichda o‘tkazishni rejalashtirishdi.

1-bosqich: avvalgi yillarda bitirganlardan 1 maydan 20 iyungacha qabul qilish;

2-bosqich: test yilida o‘qishni tugatganlardan esa 21 iyundan 10 iyulgacha hujjatlar qabul qilish.

Shu orqali oqimni keskin kamaytirish va tartibga solishni maqsad qilishdi. Juda yaxshi o‘ylangan qaror edi.

Yakunda nima bo‘ldi: tuya go‘shtini yegan Hukumat qarorlari kechikkandan kechikdi. 15 iyunda rasman boshlanadigan qabul uchun, kvotalarning o‘zi 17 iyunda kechikib tasdiqlandi. Fanlar majmui va yana ko‘plab masalalarga oid Davlat qabul komissiyasining bayoni kecha, qabul tugashiga atigi 5 kun qolgandagina e'lon qilindi!

Umuman olganda, joriy yilgi qabul jarayonlariga oid hujjatlar O‘zbekiston tarixida kamdan-kam uchraydigan darajada kechikib qabul qilindi.

Bundan battar ham bo‘lishi mumkin edi

Ha, joriy yilgi ur-yiqitlar bundan ham battar bo‘lishi mumkin edi, agar quyidagi ishlar qilinmaganida:

Birinchidan, joriy yilda abituriyentlardan so‘raladigan hujjatlar soni keskin qisqartirildi. Faqat pasport va diplom ko‘rsatsa bo‘ldi! Avvalgidek, rasm, tibbiy ma'lumotnoma, papka, konvert va h.k.lar yo‘q. Boz ustiga abituriyentlar avvalgidek hujjatlarini qoldirishmaydi, balki shunchaki ularning originalini ko‘rsatib, ro‘yxatdan o‘tib, o‘zi bilan qaytarib olib ketadi.

Mana shu faktor ish unumdorligini ancha oshirdi va qisqa fursatlarda ro‘yxatdan o‘tish imkoniyatini bermoqda. Agar o‘tgan yillardagidek tizim bo‘lganda bormi, bundan ham battar bo‘lardi.

Ikkinchidan, DTM hamda vazirlik noqulay vaziyatdan chiqish uchun salkam 25 kun qabul jarayonlarini tavakkaliga tashkil qildi. Hattoki kvotalar hali tasdiqlanmagan payti ham qabul jarayonini boshlab yubordi (balki o‘zlarining, balki tepadagilarning xatosini yopish uchundir). Hammasi o‘tgan yilgi baza bo‘yicha, rasman tasdiqlanmagan ma'lumotlar asosida 25 kun noiloj qabulni o‘tkazib turishdi. Agar shu ishni qilishmaganda xalqning noroziligi hozirgidan ming chandon ko‘proq va bundan ham battar bo‘lardi.

Uchinchidan, joriy yilda istalgan OTMlar orqali istalgan OTMlarga hujjat topshirish imkoniyati yaratildi. Ilgari Toshkentdagi OTMga hujjat topshirish uchun albatta Toshkentga, Samarqandga hujjat topshirish uchun albatta Samarqandga borish shart edi. Bu yil esa Qoraqalpog‘istondan turib Farg‘onaga hujjat topshirish mumkin. Bu ham abituriyentlar oqimini nisbatan teng taqsimlashga yordam bermoqda, yo‘qsa bundan ham battar bo‘lardi.

Xulosa o‘rnida

Xullas, hujjatlarning kechikib tasdiqlanishi, mas'ul rahbarlarning masalaga panja ortidan qarashi, berilgan va'dalarning kutilmaganda, oxirgi daqiqalarda o‘zgarib ketishi, serverlarning katta hajmga tayyor emasligi va yana biz bilmagan ko‘plab sabablar tashkilotchilarning qabulni tartibli o‘tkazish bo‘yicha oldindan o‘ylagan barcha rejalarini amalga oshirish imkonini bermadi.

Ruslarda bir ibora bor: «xoteli kak luchshe, a poluchilos kak vsegda». Boshqa izoh shartmas, menimcha.

Qabul-ku, mayli, bir amallab tugatib olishar. Endi bor umidiz, test jarayonlaridan. Ishqilib, abituriyentlarning shuncha mashaqqat chekkaniga yarasha, aybni yuvish uchun test sinovlarini muammosiz va adolatli o‘tkazishsin-da. Niyatimiz shu...

Xushnudbek Xudayberdiyev,
huquqshunos

Top