12:00 / 03.11.2021
4244

80 mingga yaqin fermer xo‘jaligi rahbarlari va xodimlarining malakasi oshiriladi

Aholi turmush sharoitining yaxshilanishida bir qancha iqtisodiy va siyosiy omillar bilan bir qatorda qishloq xo‘jaligi sohasi ham muhim o‘rin egallaydi.

Mamlakatimizda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini innovatsion usullarda yetishtirish, iste'molchiga yetkazib berish yoki jahon bozoriga raqobatbardosh mahsulot taklif qilish - yurtimizda faoliyat yuritayotgan fermerlarning malakasini muntazam oshirib borishni taqozo etadi.

Zero, Prezidentimiz Sh.Mirziyoyev ta'kidlaganlaridek – “Qishloq xo‘jaligini ilmiy asosda yo‘lga qo‘ymas ekanmiz, sohada rivojlanish bo‘lmaydi”.

“Agrobank” ATB hamda “Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi” tomonidan yo‘lga qo‘yilayotgan intensiv o‘quv kursi ayni shu maqsadga xizmat qiladi.

Mazkur o‘quv kursida tinglovchilar (fermerlar) qishloq xo‘jaligi sohasidagi yangiliklar, ilg‘or texnologiyalar, innovatsion yechimlar, amaliyotda uchraydigan muammolarni bartaraf etishda mahalliy va xorijiy yondashuvlarni o‘zlashtirish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.

Loyihaga O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi suv xo‘jaligi vazirligi, sohadagi Oliy o‘quv yurtlari va ilmiy tadqiqot institutlari, Shveytsariya taraqqiyot va hamkorlik agentligining O‘zbekistonda suv resurslarini boshqarish bo‘yicha milliy loyihasi, Qishloq xo‘jaligi sohasida xalqaro tashkilotlar hamkorlik qilmoqda.

Mazkur o‘quv kursi ko‘lami bo‘yicha mamlakatimizdagi eng yirik loyiha bo‘lib, bir vaqtning o‘zida respublikaning 13 ta hududida 100 dan ortiq yuqori malakali trenerlar jalb etgan holda 2021 yilning noyabridan 2022 yilning yakuniga qadar tashkil etiladi. Har bir kurs davomida 650 nafargacha tinglovchining malakasini oshirishga erishiladi.

Tinglovchilarga qishloq xo‘jaligini rivojlantirish strategiyasi, sohada innovatsion texnologiyalar, hosildorlikni va tuproq unumdorligini oshirishning zamonaviy usullari, zararkunandalarga qarshi kurashish, suv tejovchi texnologiyalar, mahsulotlarini yig‘ib olish, saqlash, ishlov berish va sotish kabi mavzularda bilimlar beriladi.

Shuningdek, tinglovchilar xorij tajribasiga ega mutaxassislar tomonidan o‘tiladigan master-klasslarda qatnashish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Kurs yakunida ularga maxsus sertifikat hamda esdalik sovg‘alari topshiriladi. 

“Bilimlar zamini” kursining boshlanish sanasi: 25 noyabr. Bitiruvchilar sertifikat hamda esdalik sovg‘alariga ega bo‘ladilar.

Ro‘yxatdan o‘tish @fermerlarkursi_bot telegram-boti orqali amalga oshiriladi.

Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz:

Instagram: @fermerlarmaktabi

Facebook: fb.com/Fermerlar-Maktabi

Telegram: t.me/fermermaktab_uz

Reklama huquqi asosida

Mavzuga oid
Top